Putin Rossiyaning O'zbekistondagi pozitsiyasini mahkamladi
Malik Mansur Amerika Ovozi 03/09/2008
Rossiya Bosh vaziri Valdimir Putinning O`zbekistonga safari yakunlandi.
Tomonlar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy hamkorlikni ham muhokama qilgan. Sharhlovchilar
esa Rossiyaning Kavkazdagi harbiy harakatlariga rasmiy Toshkent hali ham munosabat
bildirmaganidan hayron.
Sharhlovchilar fikriga ko`ra, O`zbekiston prezidenti Islom
Karimovning Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinni shaxsan kutib olib, keyin kuzatib
qo`yishi tashrifga O`zbekiston tomonidan berilgan yuqori ahamiyatdan darak
beradi.
Rossiya ommaviy axborot vositalari Putin tashrifidan
kutilayotgan asosiy maqsad Kavkazdagi vaziyat yuzasidan ittifoqchi topish deb
mulohaza qilmoqda.
O`zbekistonda esa Rossiya bosh vazirining safari asosan
iqtisodiy maqsadalarga yo`naltirilgan deya sharhlandi.
Putin O`zbekiston prezidenti va Bosh vaziri Shavkat
Mirziyoyev bilan muzokaralar o`tkazdi.
O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya
bilan ittifoqchilik shartnomasi doirasida hamkorlikni kengaytirish
zarurligini ta`kidladi.
Bosh vazir Vladimir Putin O`zbekiston-Rossiya aloqalari
faqat qog`ozda emas, balki amalda ham strategik ahamiyat kasb etayotganini
bildirdi.
Sharlovchilar Rossiyaning iqtisodiy sohadagi manfaatlari,
jumladan, mintaqa gazi ustidan monopollikni saqlab qolish istagiga ahamiyat
qaratadi.
Putin Rossiyaga sotilayotgan gaz hajmini ko`paytirish uchun
O`zbekiston hududida yangi quvurlar yotqizish haqida muzokara yuritdi.
Bu quvurlar Turkmaniston va qisman O`zbekiston gazi uchun
mo`ljallangan. Agar loyiha amalga oshsa, Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasining
mintaqa gazi ustidan hukmronligi ortadi.
Putinning aytishicha, Rossiya O`zbekiston gazini Yevropa
baholarida sotib olishga tayyor, bu esa yangi quvurlar qurilishini
tezlashtirishi mumkin.
Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganovga ko`ra, O`zbekiston
hududidan qo`shimcha gaz quvurlari yotqizilishi nafaqat O`zbekiston, balki
Turkmaniston, Qozog`istondagi zaxilarga egalik rejasi bilan izohlanadi.
“Rossiya bo`ylab taransportirovka juda uzoqligi uchun bu
iqtisodiy jihatdan ham to`g’ri kelmaydi. Bundan tashqari, bu qaramlikdan boshqa
narsa emas. Agar Rossiya gazni boshqa sotib olmaymiz desa, O`zbekiston ahvoli
juda og`irlashadi. Shuning uchun bizga turli yo`nalishdagi quvurlar kerak.
Nazarimda Putin tashrifidan asosiy maqsad iqtisodiy emas, ko`proq siyosiy
masala. Bosim orqali Gruziyaga qilgan urushni qo`llab-quvvatlashga erishish.
Lekin bu boradagi muzokarlar qanday tugagani noma`lum”, - deydi Iskandar
Xudoyberganov.
Sharhlovchilarga ko`ra, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida
Rossiyaning Kavkazdagi harbiy harakatlari qo`llab-quvvatlanmadi. MDH
davlatlari ham jim. Ayni paytda Kreml diplomatlari MDH davlatlaridan
ittifoqchilar topish uchun ikki tomonlama muzokaralarga zo`r bergan. Bu Putinning
O`zbekiston prezidenti bilan uchrashuvida ham bosh masala bo`lgan.
Vladimir Putinning O`zbekistonga safari davomida Toshkent-Moskva
o`rtasida 2012 yilgacha mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik shartnomasi
imzolandi. Rossiya bilan harbiy texnik masalalarda, kosmosni o`rganish, atom
energetikasi yuzasidan ham hamkorliklarni yo`lga qo`yishga kelishilgan.