Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

Tanishing: Sara Peylin, AQShning ehtimoliy vitse-prezidenti

04/09/2008

[insert caption here]

44  yoshli Sara Peylin (Sarah Palin) AQShning navbatdagi vitse-prezidenti bo'lishi mumkin, ammo xalq u haqda ko'p narsa bilmaydi. 

Peylin 3 sentabr kuni o'z partiyadoshlari oldida – respublikachilarning saylovoldi qurultoyida so'zlab, ommaga o'zini tanishtirishga harakat qildi.    

Prezidentlikka respublikachi nomzod, 72 yoshli Jon Makkeyn (John McCain) saylansa va biror sabab bilan o'z vakolatlarini bajara olmasa, bu ayol uning o'rniga o'tiradi.  

Makkeyn sog'lig'i tetikligini, prezidentlikni o'tashga layoqatli ekanini aytmoqda, ammo hatto uning yaqin safdoshlari ham rahbarlik rak va boshqa qator kasalliklar bilan olishib kelayotgan bu shaxsga og'ir tushishi mumkinligini tan oladi. 

Vitse-prezidentlik uchun bir necha ko'zga ko'ringan arboblar saralandi. Lekin Makkeyn ko'pchilikka notanish kishini bu lavozimga ma'qul ko'rmoqda.

Senator John McCain (left) and Governor Sarah Palin at Republican convention, 3 Sep 2008

"Jon Makkeyn aqlidan ozganmi"? - deya so'raydi ayrim amerikaliklar. Vatan qahramoni va fidoiy arbob saylovda Barak Obamadek (Barack Obama) so'zga chechan va shuhrat qozongan nomzodni shunday hamroh bilan yuta oladimi? Obama muovinlikka tajribali senator Jo Baydenni (Joe Biden) tanlagan.

"Obama gapga usta bo'lishi mumkin, ammo boshqaruvda menchalik tajribaga ega emas. Amerika yuzlashayotgan muammolarni men va Jon Makkeydek tushuna olmaydi",- deydi Peylin. 

"Men Vashingtonga tanilish uchun emas, xalqqa xizmat qilish uchun bormoqchiman",- deydi u.

Sara Peylin anoyi emas. Gubernator besh farzandning onasi. Katta o'g'li Iroqqa xizmatga otlanmoqda, kenjasi esa nogiron tug'ilgan. Oila muqaddas, abort vahshiylik, nikohsiz farzand ko'rish esa gunoh deydi Palin. "Baxtli ona va rafiqaman", - deydi u.  

Jinsiy tarbiya oiladan boshlanadi deb bong urarkan, Peylinning 17 yoshli qizi, maktab o'quvchisi, homilador ekani ayon bo'ldi. 

[insert caption here]

Odamlar bu "sharmandalik" desa, Sara Peylin "qizim hayot sinovlaridan o'tmoqda" deydi.  

"Ota-onam oddiy maktab o'qituvchilari bo'lgan. Umr yo'ldoshim va men ham mehnatda katta bo'lganmiz. Boshga tushganni ko'z ko'radi. Men alyaskalik bir oddiy onaman".

Lekin Sara Peylin u qadar oddiy emas. Maktabda mohir basketbolchi bo'lgan. A'lo baholarga o'qigan. Jasur va tirishqoqligi bilan tanilgan. Siyosatga kirmasdan oldin tadbirkorlik qilgan, undan oldin esa mahalliy televideniyeda sport sharhlovchisi bo'lgan.

[insert caption here]

Sara Peylin avval kichik shahar kengashi a'zosi bo'ldi, keyinchalik mer etib saylandi. Ikki yil oldin esa Alyaska hokimi.

Gubernator sifatida korrupsiyaga qarshi kurash boshladi. Alyaskada energetika sanoatini kengaytirish uchun harakat qildi.

"Yonilg'i yetishmayapti, neft qimmat deb vaysashdan hojat yo'q. Alyaska  zaxiralarga boy. Konlarni ochib, neft ishlab chiqarishni kengaytirish kerak.  Alyaska AQShning muammolarini yecha oladi", - deydi Peylin. 

Sara Peylin Alyaska aholisi nazarida yetuk siyosatchi. Reytingi 80 foiz atrofida.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan odamlar uni "vijdonli arbob",  "ishni eplaydi, va'daboz emas",- deya tar'filaydi. 

[insert caption here]

Hatto tanqidchi jurnalistlar ham uni maqtaydi. 

"Odamlar Sara Peylinga shubha bilan qarashi mumkin, ammo ishiga qarab  lol qolasiz",- deydi sharhlovchi Matt Zensi.

Siyosiy tahlilchi Deyvid Mark nazarida esa Sara Peylin – islohotchi.

"Bir joyda qotib qolmagan. Jon Makkeyn ham shu toifadagi odam. Peylin Alyaskada o'z partiyasining yirik a'zolari qanchalik yulg'ich ekanini fosh eta oldi. Yana bir sifati shuki, bu ayol Amerika o'z neft boyliklarini ishlatsin deb keladi. Uning fikricha xorij neftiga tobelikdan qutulish ko'p muammolar yechimidir".

Gubernator Sara Peylin chet elga safarlarga chiqib turadi. Yaqinda Quvaytga borib, amerikalik harbiylar bilan uchrashdi. Usta mergan sifatida qurol-aslahani yaxshi tushunadi.

Biroq bu sifatlar uning vitse-prezidentlikka tayyor ekanidan dalolat emas. Tanqidchilar nazarida Sara Peylin tashqi dunyo, AQSh tashqi siyosati haqida yaxshi bilmaydi.

Sara Peylin esa "prezident xizmatida bo'lishga tayyorman", - deydi.

Makkeyn saylansa, Sara Peylin AQShning ilk ayol vitse-prezidenti bo'ladi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?