 |
Amerikada taxminan 6-8 million musulmon yashaydi
|
Amerikada Ramazon oyi – islom dini haqida o’rganish
davri. Kelib chiqishi, millati, irqi va tilidan qat’iy nazar ro’za davomida
ular yagona maqsad ostida birlashadi. O’z madaniyati va urf-odatlariga xos
bo’lgan udumlar bilan o’rtoqlashadi.
Dunyo musulmonlarini hamjihatlik va
tinchlikka chaqiradi, islom - zulm emas, ezgulik dini ekanini isbotlash uchun
boshqa din va e’tiqod vakillari bilan uchrashuv va munozaralar bo’lib
o’tadi.
AQShda qancha musulmon istiqomat qilishi turli
tashkilotlar tomonidan turlicha keltiriladi. Umum qilib aytganda 6-8 million
orasida. Ularning aksariyati dunyoning turli chekkalaridan kelgan muhojirlar va
ularning Amerikada katta bo’layotgan farzandlari.
Islomni qabul qilgan
amerikaliklarni ham topasiz. Oilalar halol go’sht yeyishga harakat qiladi. Jamoalar birga iftorlik qiladi. Og’iz
ochilgach barcha namozga yig’iladi. Ramazon oyi davomida musulmonlarning
sevimli joyi – shirinliklar do’koni, deydi senegallik muslima Amina Tambush.
“Amerikada yig’ilish o’z yo’liga. Ammo vatanimdagi
bayram, oilaviy mehmondorchiliklarni sog’indim. Bu yerda hamma kechgacha
ishlaydi, ko’rishish amri mahol. Biroq shunda ham ilojini qilib do’stlarimiz
bilan iftorlik qilib, namoz o’qiymiz”, - deydi muslima.
 |
Vashington Islom Markazi
|
Juma namoziga Vashingtonda joylashgan qadim masjidga
yuzlab musulmonlar yig’iladi. Ayniqsa Ramazon oyida oyoq bosishga joy qolmaydi.
Ramazon oyi musulmonlar taqvimi bo’yicha bundan 14 asr ilgari, Muhammad
payg’ambarga muqaddas Qur’on kitobi tushirilgan kundan boshlab nishonlab
kelinadi. Shundan beri shukronalik ramzi sifatida tongdan kun botargacha ro’za
tuta boshlangan.
Vashingtondagi Islom Markazi imomi Abdulla Xo’ja
Amerikadek din va elatga boy mamlakatda Ramazon oyi o’zgacha tusda o’tadi
deydi.
“Atrofga qarang turli davlatlarning bayroqlarini
ko’rasiz. Dunyoning deyarli barcha burchagidan yig’ilgan mo’minlar ramazon
oyida iftorlik ustida yig’ilib, suhbat quradi. Kun davomida qilgan ish va
amallari haqida gapirib, sabr va qanoat uchun Allohga hamd-u sano o’qiydilar.”
Ramazon oyida, deydi imom Xo’ja, musulmonlar boshqa
dindagi vatandoshlarga islom haqida ma’lumot berishga harakat qiladi. Musulmon
bo’lmagan do’stlarini iftorga taklif qilib, urf odatlarini namoyon qiladi.
Qadriyatlar haqida gapirib beradi.
 |
Amina Tambush fikricha "ko'p ishlab kam dam oladigan amerikaliklar orasida ro'za tutish oson emas".
|
“Tashkilot bo’ladimi, kichik bir guruhmi,
nasroniymi, yahudiymi barchaga eshigimiz ochiq. Bu yerga kelib biz bilan birga
og’iz ochib, muloqot qilishlari mumkin”, - deydi Abdulla Xo’ja.
Imom nazarida AQSh prezidentining Ramazon tabrigi
bilan chiqishi va Oq Uyda iftor dasturxoni yozilishi amerikaliklarga bu dindan
yaxshi saboq bermoqda.
Prezidentga ko’ra, insonlar bir-biridan qanchalik
ko’p o’rgansa, shuncha o’xshash ekanini ko’radi.
Gap o’xshashlikda, farqlarda emas deydi yana bir amerikalik
muslima.
“Islom - barcha odamlarni hamjihatlikka da’vat
qiluvchi din. Ramazon oyi shuni isbotlash uchun berilgan imkoniyatlardan biri.”
Ramazon oyi musulmonlar uchun murakkab sinov hamdir.
Bu yil ro’za yangi o’quv yili boshlanayotgan davrga to’g’ri keldi. Kun uzoq,
darslar ko’p, ish ko’p. Talaba bo’lsangiz, bu tartib va talablarga moslashish
oson emas deya tan oladi Muhammad Tafish.
“Bolalarimiz o’qishi kerak, o’rtoqlari bilan o’ynagisi
keladi, sport bilan shug’ullanishni istaydi. Lekin ro’za tutgan kishi ko’p
narsalardan tiyinishga majbur. Barcha
tushlikka borganida ro’zadorman deb chetda turasiz. Qiyin emas, ammo sal
noqulay”, - deydi Tafish.
Musulmonlar dindagi farzlarga amal qilgan holda
Amerika hayotiga moslashar ekan, bu jamiyat ham islom haqida tobora kengroq
tushunchaga ega bo’lmoqda.