Jurnalist Solijon Abdurahmonovning sud kuni belgilandi
Malik Mansur Amerika Ovozi 04/09/2008
Qoraqalpog`istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov
ustidan tergov jarayoni yakunlangan. Giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan
jurnalistning sudi 12 sentyabrga belgilangan.
Nukusda muxolifat a`zosi, firibgarlikda
gumon qilinayotgan A`zam Turg`unov ishi bo`yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovning advokati Bahrom
Abdurahmonov so’zlariga ko`ra, tergov mobaynida jurnalistga nisbatan qo`yilgan
ayblar o`z isbotini topmagan.
“Tergovda qo`yilgan ayblarni bo`yniga olmagan bo`lsa ham
hujjatlar sudga yuborildi. Bosh prokurorga ariza yuborilgan, biroq natija yo`q,
hozircha. Sud Taxtako`pir tumaniga berilgan, jarayon shaharda, sayyor sud
sifatida ko`riladi”, - deydi Bahrom Abdurahmonov.
Qoraqalpog’istonlik Solijon Abdurahmonov bundan uch oy
muqaddam, unga tegishli avtomashinadan giyohvand modda topilgach, hibsga
olingan edi.
Dastlab, Solijon Abdurahmonovga giyohvand modda saqlash aybi
qo`yildi, keyinchalik bu ayblov giyohvand moddalarni sotish maqsadida
saqlashga almashtirildi.
Sharhlovchilar Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishini
jurnalistlik faoliyati bilan bog`laydi. Jurnalist hibsga olingach, uyi tintuv
qilingan, jurnalistik maqolalari, siyosiy adabiyotlar musodara qilingan.
Qoraqalpog`istondagi sanoqli mustaqil jurnalistlardan biri
hisoblangan Abdurahmonov uznews.net axborot agentligini muxbiri sifatida
ishlayotgan edi. U avval “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari bilan ham
hamkorlik qilgan.
Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi bir qator xalqaro
tashkilotlar noroziligiga sabab bo`ldi, bu borada Germaniya Tashqi ishlar
vazirligi, nemis jurnalistlari uyushmasi tomonidan tashvishli bayonot
bildirilgan edi.
Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, faollarga nisbatan
tazyiqlar to`xtamagan, ayni paytda Nukusda “Mazlum” inson huquqlari tashkiloti
rahbari, firibgarlikda ayblangan A`zam Turg`unov sud ishi davom etmoqda.
Mazkur ishda kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan “Birdamlik”
harakati vakili Dilorom Ishoqova A`zam Turgunovning ishini soxta deb hisoblaydi.
Dastlab, 500 ming so`m pora talab qilishda ayblangan huquq himoyachisi, hozirga
kelib 20 million so`m pora talab qilishda ayblanmoqda. A`zam Turg`unov tergov
jarayonida qiynoqqa tutilgani taxmin qilinmoqda.
“Tergov jarayonida qattiq kuydirilgan, biroq buni kim
qilganidan tergovchilar ham bexabar”, - deydi Ishoqova.
Yaqinda Toshkent shahar sudida Ichki Ishlar Vazirligiga qarashli
harbiy sport maktabi o`qituvchilari ustidan sud jarayoni yakunlandi. Huquq
himoyachilariga ko`ra, maktab o`quvchisini tahqirlagan, qiynoqqa solgan
o`qituvchilarning bu tariqa jinoiy javobgarlikka tortilishi O`zbekistonda inson
huquqlari ahvolidan dalolat beradi.
“Mazkur ish yuzasidan javobgarlikka tortilgan har ikki
o`qituvchiga nisbatan o`tgan yil dekabr oyida e`lon qilingan amnistiya
qo`llandi, amnistiya esa e`lon qilingandan so`ng uch oy mobaynida qo`llanilishi
mumkin”, - deydi Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh vakili Nikolay Kungurov.
Tashkilot tomonidan bu borada tarqatilgan ma`lumotga ko`ra,
qiynoq aynan hukumat idorasi vakillari tomonidan ko`rsatilgani uchun jinoiy ish
shu tariqa yumshoq yakunlangan.
Sharhlovchilarga ko`ra, yaqinda hukumat inson huquqlari
himoyasi yuksak qadriyat ekanini e`tirof eta boshladi, O`zbekistonda Inson Huquqlari
Umumjahon Deklaratsiyasi 60 yilligi munosabati bilan qator chora-tadbirlar
belgilangan.
Keyingi paytda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat Yevropa
Ittifoqi va O`zbekiston rasmiylari o`rtasida muzokaralarga sabab bo`lib kelmoqda.
Yevropa Ittifoqi rasmiy Toshkentga nisbatan sanksiyalarni oktyabr oyida qayta
ko`rib chiqishi kerak. Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Fransiya
rasmiylari sanksiyalar muhokamasida inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat
inobatga olinishini ta`kidlagan.