Respublikachi senator Jon Makkeyn, prezidentlikka
nomzodlikni rasman qabul qilar ekan, islohotchi rahbar bo’lishga, iqtisodiyotni
tiklashga hamda Amerikani neftga tobelikdan xalos qilishga va’da bermoqda.
Sobiq harbiy, Vietnam urushi qahramoni deya hurmat
bilan tilga olinuvchi Makkeyn “men prezidentlikka eng munosib nomzodman, buning
uchun bilim va tajribam yetarli” deydi.
Jon Makkeyn prezidentlikka 2000 yilda ham harakat
qilgan, ammo nomzodlikni amaldagi prezident Jorj Bushga boy bergan edi. Bu
safar, Sent-Pol shahrida Respublikachilar partiyasining qurultoyida Makkeyn
prezidentlikka nomzod sifatida rasman tan olindi.
Saylovchilarga murojaatida Jon Makkeyn “Amerika
xalqidan boshqa hech kimga xizmat qilmayman”, - deydi. Keksa arbob
Vashingtondagi siyosiy muhitni o’zgartirishga va’da bermoqda.
Makkeyn vitse-prezidentlik uchun Alyaska shtati
gubernatori Sara Peylinni tanlagan. Peylin yaqingacha ko’pchilikka notanish
amaldor edi. Makkeyn uni adolatparvar, o’zgarish qilishga qodir yetakchi deb
tanishtirmoqda.
Jon Makkeyn AQSh xavfsizligini birinchi o’ringa
qo’yadi. Prezident Jorj Bushning Iroqdagi siyosatini qo’llab-quvvatlagani uchun
keskin tanqidga uchrab keladi. Demokratlardan farqli o’laroq, “Iroq
tinchimaguncha bu mamlakatni tark eta olmaymiz”, - deydi u.
Demokrat nomzod Barak Obama esa Iroq va
Afg’onistondagi urushlarni tezroq tugatish kerak deydi. Respublikachilar
nazarida Obama yosh va tajribasiz.
Obama bunga javoban, “respublikachilar qo’lida
biror amaliy reja yo’q, ular Amerika oldida turgan muammolarni yecha olmaydi.
O’tgan 8 yil buning yaqqol isboti”, - demoqda.