Shu yilning 24 avgusti, yakshanba kuni taniqli olim, o’zbek
tili va adabiyoti rivojiga beqiyos hissa qo’shgan filolog, uzoq yillardan beri
Qo’shma Shtatlarda dars berib kelayotgan Xayrulla Ismatullayev olamdan o’tdi.
71 yoshli olim so’nggi paytlarda o’zini bir oz oldirib qo’ygan, lekin o’g’ir
xasta emas edi, deydi uning do’stlari.
Ismatullayev Viskonsin shtatining
Medison shahrida, musulmonlar qabristonida (Highland Memory Gardens) dafn
etildi.
So’nggi yillarda Amerikaning Viskonsin Universitetida o’zbek
tili va adabiyotidan saboq bergan Xayrulla Ismatullayev bir yil avval nafaqaga
chiqqan edi. Biroq olim izlanishda davom etdi.
So’nggi paytlarda kirill, lotin
va arab yozuvida bosmadan chiqishi rejalangan Abdulhamid Cho’lpon saylanmasi,
fitratshunos olimlar, Muhammad Solihning she’riy to’plami, O’zbekcha-Inglizcha
lug’at, Turkistondan Germaniya va Turkiyaga o’qishga borgan vatandoshlar tarixi
va chet ellik o’zbekshunoslar tarixi ustida ishlayotgan edi.
Xayrulla Ismatullayev 1937 yilning 16 avgustida Toshkentda
sharqshunos olim oilasida tug’ilgan. Ikkinchi jahon urushida oilasidan yetim
qolgan Xayrulla qarindoshlari qo’lida katta bo’lgan.
1960 yilda Toshkent Chet
Tillar Institutini (hozirgi O’zbekiston Jahon Tillari Universiteti)tamomlaydi. 1961 yilda esa Toshkent Davlat
Universitetining Turkologiya fakultetida kandidatlik ishini boshlaydi.
1964-1974 yillarda ushbu dargohda dars beradi.
Xayrulla Ismatullayev 1974 yilning 14 dekabrida Sovet
hukumatiga qarshi harakat va korrupsiyada ayblanib, qamoqqa olinadi. To’qqiz
yil panjara ortida o’tirib,1983
yilning 29 noyabrida ozod etiladi.
Olimni yaxshi bilganlar uni so’zi va qalami o’tkir, o’z
fikriga ega, qomusiy bilim sohibi, ajoyib va murakkab shaxs deya tilga oladi.
Nafaqat adabiyot, Cho’lpon yohud Fitrat haqida, balki
O’zbekiston siyosati, xorijdagi o’zbeklar haqida aniq tahliliy-tanqidiy
gapirishdan tortinmaydigan olim 1990-yillar boshida O’zbekistonni tark etib,
shu-shu vataniga qaytmadi.
Turkiyalik o’zbek olimlarida biri, hozirda AQShning
Michigan Davlat Universitetida muallimlik qilayotgan Timur Kochao’g’li Xayrulla
Ismatullayev bilan ilmiy hamkorlik qilgan. “Qalin do’st edik”,- deydi u.
“U kishi sobiq Sovet yillarida korrupsiya aybi bilan qamalib
chiqqan. O’zbekiston mustaqil bo’lgach, vatanida ijod qilishga urindi, ammo
siyosiy bosim tufayli xorijga ketishga majbur bo’ldi. Xayrulla aka
O’zbekistonga demokratiya olib kirishning tarafdori edi.”
Xayrulla Ismatullayev hali yana qancha buyuk izlalanishlar
qilishga qodir edi, deydi uning hamkasbi, Viskonsin Universiteti professori
Yulay Shamilo’g’li.
“Xayrulla Ismatullayev O’zbekiston va Turkistonning patrioti
edi. Amerika fuqarosi emas edi, qo’lida hali ham O’zbekiston, aniqrog’i, sovet
pasporti edi. O’zbekiston farzandiman, vatanim shu deb bilgan. U vatanini
qattiq sevar va shu bilan birga qattiq tanqid qilar edi. Islom Karimov
hukumatini ochiq urgani uchun qora ro’yxatga tushib qolgan. O’zbekiston
hukumati Xayrulla akani dushman bilgan, deyishadi.”
Xayrulla Ismatullayev 1990 yildan boshlab AQShning Indiana
Universitetida o’zbek tilidan saboq bergan. Uning “O’zbek tili” nomli ikki
jildlik darsligi Amerikaning yetuk oliygohlarida qo’llanib kelinadi, hatto AQSh
diplomatlariga til o’rgatadigan institut tomonidan ham foydalaniladi.Xayrulla Ismatullayev o’zbek tili va
adabiyotini g’arb dunyosiga tanitgan olimlardan deydi Yulay Shamilo’g’li.
“Ismatullayev 2003 yilda Viskonsin Universitetiga o’zbek
tili muallimi bo’lib kelganida ham yosh emas edi. Lekin biz uning yoshiga emas,
bilimiga qarab, tan berdik. Talaba va hamkasblari uchun hamisha namuna qilib
ko’rsatib kelaman u kishini. Sovet davri, mustaqillik davri, Toshkentdagi
vaziyat va adabiyot haqida birday qiziqarli ma’ruzalar qila olar edi”.
Temur Ko’chao’gli deydiki:
“Xayrulla Ismatullayev boshlagan ishini juda puxta
bajaradigan, chuqur izlanadigan inson edi. Biror maqola yozsa, deylik, uni eng
mukammal shaklga keltirmaguncha tinchimas edi. Bir misol, 2001 yilda
“Turkistonda islohot harakatlari va revolyutsiyalar. “1924” nomli kitobim chop
etilib, unga Xayrulla akaning maqolasini ham kiritgan edim. Domla shu kitob
bosma chiqishidan oldin, hatto oxirgi kungacha tuzatishlar jo’natib turganlari
yodimda. “Mana bu so’z, mana bu nuqtani o’zgaritirish kerak” deya yuborgan
maktublarini ko’rib, haqiqiy olim bilan yuzlashganimni angladim.”
Xayrulla Ismatullayev qo’lida bilim olgan minglab yoshlar
bugun dunyo kezib, turli sohalarda faoliyat ko’rsatmoqda. Olim bitgan
darsliklar va qo’llanmalar nafaqat AQSh, balki Yevropa bo’ylab yuqori
baholanadi.
Xayrulla Ismatullayev shogirdlar, kitobxonlar va uning
farzandlari - Alisher, Bobur va Sarvi xotirasida hamon hayot. Olimning asarlari
esa jahon ilm tarixida o’z o’rnini topib bo’lgan, qolaversa bilim izlagan
insonlar e’zozida qoladi.