Yevropa rahbarlari Rossiyaning navbatdagi nishoni
Ukraina bo’lishi mumkin deya xavotir olayotgan bir mahalda, Ukraina yana bir
siyosiy inqiroz bilan yuzlashmoqda.
Bu Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga
qo’shilishini qiyinlashtirishi mumkin.
Rossiya ommaviy axborot vositalari o’z muxlislariga
ma’lum qilishicha, “Ukrainada Qo’ng’ir inqilob nihoyasiga yetdi va uning asosiy
o’yinchilari – prezident Viktor Yushenko va Bosh vazira Yuliya Timoshenko endi
bir-biriga yov”. Har ikki siyosatchi kelasi yil prezidentlik uchun bellashadi.
Yushenko erkin bozorni yoqlovchi, Timoshenko esa
hukumat nazoratini ma’qul ko’ruvchi siyosatchi sifatida tanilgan. Prezident
Kavkazdagi mojaroda Tbilisini oshkora quvvatlagan bo’lsa, bosh vazira lom-mim
demagan.
Natijada Yushenko tarafdorlari Timoshenkoni
Rossiyaga yon bosayotganlikda ayblamoqda. Ayniqsa Timoshenko bloki prezident
vakolatlarini kamaytirishga ovoz bergach.
Prezident Viktor Yushenko so’zlariga ko’ra, bosh
vazir partiyasi Rossiyani quvvatlovchi kommunistlar va Regionlar partiyasi
bilan ittifoq tuzib, yangi koalitsiya yaratmoqda.
“Prezident vakolatlarining
bir qismini bosh vazirga o’tkazish uchun ovoz berganlar”, deya xulosa qiladi
Yushenko, “davlat to’ntarishi uyushtirmoqchi”.
“Afsuski”, deydi Rossiya deputati Konstantin
Zatulin, “Ukrainadagi siyosiy tortishuvlar ikki tomonlama aloqalarni
mustahkamlashga yo’l bermayapti”.
Rossiya harbiy dengiz kuchlari Ukrainaning
Sevastopol bandargohidan foydalanib keladi. Yuliya Timoshenko o’rtadagi
kelishuv o’zgartirilmaydi desa, Viktor Yushenko Rossiya 2017 yilda portni
bo’shatsin demoqda. Konstantin Zatulin bunga hojat yo’q deydi. Rossiya yangi
bitim imzolash uchun Viktor Yushenkoning lavozimidan ketishini kutmoqda.
Rossiyaning NATOdagi elchisi Dmitriy Rogozin ham
yuqoridagi gaplarni tasdiqlab, “Qrimni tark etish rejamiz yo’q”, deydi.
Yil boshida Ukraina prezidenti va bosh vaziri
mamlakatni NATO a’zoligiga olishni so’rab, birgalikda ariza bergan edi. Rossiya
deputati Konstantin Zatulin nazarida bu Moskva-Kiyev o’rtasida do’stlik
shartnomasiga ziddir.
Sobiq sovet davlatlariga, jumladan Ukrainaga safar
qilgan AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni Ukraina albatta NATOga qo’shiladi deya
ishonch bildirgan.
“Ammo buning uchun mamlakat rahbarlari bir-biri bilan
hamda boshqa demokratik jamiyatlar bilan birda bo’lishi zarur”, - deydi Cheyni.