Turkiya va Armaniston rahbarlari o’rtadagi adovatni
unutib, o’zaro munosabatlarda yangi sahifa ochishga so’z bermoqda.
Turkiya prezidenti Abdulla Gul Armaniston taklifi
bilan futbol matchini tomosha qilish uchun Yerevanga tashrif buyurgan.
Armaniston rahbari Serj Sarkisyan “o’rtadagi
muammolarni kelajak avlodga qoldirmaydik” deydi. Abdulla Gul nazarida do’stona
aloqalar Kavkaz mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun zamin
yaratadi.
Turkiya rahbarini Yerevanda yuzlab namoyishchi
qarshi olgan. Ikki mamlakat 15 yildan beri diplomatik aloqa yuritmaydi.
O’rtadagi eng ziddiyatli masala - o’tgan asr boshida
usmoniy turklar tomonidan minglab armanlarning qirilgani va bu voqea yuzasidan
bahslardir. Armaniston nazarida bu genodtsid deb tan olinishi kerak. Turkiya
esa buni keskin rad etib, 1915-1923 yillar oralig’ida yuz bergan qatliom Usmoniylar
imperiyasining yemirilishi bilan bog’liq deb keladi.
Armaniston Genotsid Muzeyi direktori Hayk Demoyan
Turkiya prezidentining tarixiy tashrifini olqishlaydi.
“Armaniston olib borayotgan kurash Turkiya xalqiga
qarshi qaratilmagan, balki genotsid qurbonlari va jabrdiydalari huquqini himoya
qilish va tiklash yo’lidagi global harakatdir. Turkiya va Armaniston murosaga
kelishi kerak”, - deydi Demoyan.
Turkiya muxolif partiyalari prezident Abdulla
Gulning tashrifini Turkiyaga va uning yaqin ittifoqchisi Ozarbayjonga nisbatan
xoinlik deya baholab, uni tanqid qilmoqda. Ozarbayjon hududida joylashgan, ammo
armanlar yashovchi Tog’li Qorabog’ hududi 1988 yilda mustaqillik e’lon qilgani
6 yillik urushga sabab bo’lgan edi.
Yerevan ko’chalarida Turkiya rahbarining
tashrifiga munosabat turlicha. Ayrimlar ikki davlat normal aloqalarga o’tishi
lozim deb hisoblaydi.