Bu yilgi paxta terimida O`zbekiston hukumati o`quvchilar
mehnatidan foydalanmaslikka qaror qilganga o`xshaydi.
Ayrim viloyat, tumanlarda
o`quvchilarning paxtaga chiqmasligi haqida ko`rsatma bor, o`qituvchilar ota-onalar
bilan tushuntirish ishlari o`tkazmoqda.
Fermerlar esa bolalar terimga
chiqmaydi, degan gaplarda ishonchsizlik bilan qaraydi.
Bolalarning yordamisiz paxta
hosili dalada qolib ketishi mumkin, deydi ular.
O`zbekiston bolalar mehnatidan
majburiy ravishda foydalanib kelayotgan davlatlardan biri sifatida tanilgan.
Sharhlovchilar fikriga ko`ra, so`nggi paytda xalqaro maydonda o`zbek paxtasiga
nisbatan norozilik kuchaygach, hukumat o’quvchilar mehnatidan voz kechishga
majbur bo’lgan.
Xo’sh, fermerga ham, xalqaro hamjamiyatga ham, O’zbekiston
xalqi va rahbariyatiga ham ma’qul yechim bormi?
Mamlakatda paxta terimi
mavsumi hali ommaviy ravishda boshlanmagan, biroq terimning an’anaviy
ishtirokchilari - maktab o`quvchilarini dalaga chiqarish uchun tayyorgarlik
ishlari kuzatilmaydi.
“Yangi o’quv yili boshlangandan keyin yuqori tashkilotlar,
hokimiyatdan bu yil o`quvchilarni paxta terimiga olib chiqmaslik haqida buyruq
kelgan. Hozir sinf rahbarlari maktab o`quvchilaridan, ota-onalaridan
tushuntirish xatlari yozib olishgan, paxtaga jalb qilmaslik uchun. Lekin bizda
iqtisodiy ahvol tangligi uchun o`quvchilar ixtiyoriy ravishda paxtaga chiqishi
mumkin”, -deydi Jizzaxdagi umumta`lim maktabi o`qituvchisi Ziyoviddin Razzoqov.
Xuddi shunday tushuntirish ishlari boshqa viloyatlarda ham
kuzatilgan, hokimyat bu yil terimga maktab o`quvchilari chiqmasligi haqida
fermerlarni ogohlantirmoda.
“Viloyatlarda majlislar bo`lgan, majlisda qatnashgan
fermerlar bilan gaplashdim. Ular hokimiyat shunday buyruq borligini
aytishayapti. Mirziyoyevning [O’zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev] o`zi
majlis o`tkazib, o`quvchilarning paxtaga chiqmasligini aytgan emish. Lekin bu
qanchalik haqiqat ekanini vaqt ko`rsatadi, terim endi boshlanayapti”, - deydi
mahalliy faollardan biri.
Shunisi diqqatga loyiqki, ayrim tumanlarda maktab
o`quvchilari o’rniga maktab o`qituvchilarini paxtaga jalb etish rejalangan.
“O`qituvchilarsiz o`quvchilarni maktabda olib qolishdan
qanday naf bor? Hozircha olib ketgani yo`q, lekin shunday gap bor. Ketgandan
keyin fizikadan mehnat o`qituvchisi dars berishni boshlaydi”, - deydi
qashqadaryolik faollardan biri.
Hukumatning terimda maktab o`quvchilari mehnatidan
foydalanmaslik qarori xalqaro maydonda o`zbek paxtasiga nisbatan kuchaygan
norozilik bilan izohlanmoqda.
G`arbda bolalar mehnatidan foydalanib yetishtirilgan o`zbek
paxtasi boykot qilina boshlangan edi.
Avvaliga Yevropadagi qator yirik savdo tarmoqlari o`zbek
paxtasi ishlatilgan mahsulotni sotmaslik va sotib olmaslik haqida bayonot
berdi. Bu bayonotga Xalqaro Mehnat Tashkiloti ham jalb qilindi.
Keyinchalik AQShdagi yirik savdo uyushmalari paxta terimida
bolalar mehnatiga chek qo`yish talabi bilan O`zbekiston prezidentiga murojaat
qildi. O`zbek paxtasini boykot qilish kampaniyasiga dunyodagi yirik savdo
uyushmalari qo`shila boshladi.
Bu kampaniya nafaqat o`zbek paxtasi ishlatilgan
mahsulotlarni, balki dunyo bozorida paxta xomshayosini sotishda murakkablik tug`dirishi
ta`kidlanadi.
O`zbekistonda odamlar bundan mutloqo bexabar deb bo`lmaydi.
“Biz O`zbekiston paxtasi aynan maktab o`quvchilari mehnati
uchun ham jahon bozorida boykotga uchragani haqida eshitgan edik. Bugon bolalar
mehnatiga chek qo’yishda shuning ta`siri bor”, - deydi Razzoqov.
O`zbekiston paxta xomashyosi yetkazish bo`yicha dunyoda
ikkinchi o’rinda, paxta davlat monopoliyasidagi asosiy ekin hisoblanadi.
Paxtani o`quvchilar, talabalar, davlat xizmatchilari
yig`ishtiradi.
Mavsum paytida maktablarda o`qish to`xtaydi, jismonan o`ta
og`ir mehnat bo`lgan paxta terimiga chiqqan bolalar planni bajarishi kerak. Ba`zan
o`quvchilar qor tushganga qadar daladan maktabga qaytarilmaydi.
Maktab o`quvchilarining paxta terimiga chiqarilmasligi
haqidagi xabar fermerlar tomonidan xursandchilik bilan kutib olinmoqda
deyish qiyin.
Ulardan biriga ko`ra, paxta teradigan ishchi kuchining o`zi
bo`lmagan bir paytda hokimyatning bunday qarorga kelishi bu yilgi termni shubha
ostiga qo`yadi:
“Hozir ko`pchilik Rossiyadan yuborilgan pul bilan tirikchilik
qilayapti. Keyin odamlarda darmon ham yo’q paxtani terishga, uchinchidan, agar
fermer terimga 50 so’mdan bersa ham 100 kilo paxta 5 ming so`m bo`ladi, bu
pulga bir kilo go`sht ham bermaydi. Eng nochorlar chiqib bu pulga paxta terishi
mumkin, lekin bu summani keskin ko`paytirmasa, terishning iloji bo`lmaydi”.
Bu fermerga ko`ra, hukumat chetdan ko`rsatilgan bosim
tufayli yoki o`zi insofga kelib shunday qaror qabul qilgan bo`lishi mumkin,
lekin baribir ertaga hukumat oquvchilarni olib chiqishga buyruq beradi.
“Chunki paxtani teradigan hech kim qolmaydi”, - deydi u.
Mahalliy faollar esa qishloqlardagi qashshoqlik baribir
o`quvchilarni paxta terimiga olib chiqishi muqarar deydi.
“Ko’pchilik qashshoq, qish kelayapti, kiyim-bosh olish
kerak, maktab xarajatlari bor. Iqtisodiy vaziyatning o`zi o`quvchilarni terimga
chiqishga majbur qilishi mumkin. Ehtimol, o`quvchilarni darsdan olib qolmaslik
uchun qishloqlarda ishsiz o`tirgan odamlarni jalb qilish kerakdir”, - deydi
ulardan biri.
Ayrim mulohazlarga ko`ra, maktab o’quvchilari o`rniga bu
yilgi terimda kollej va oliy o`quv yurtlari talabalari keng miqyosda jalb
qilinishi mumkin. Hozirda qator oliy o`quv yurtlari va kollejlar paxta
terimiga tayyorlanish haqida ogohlantirilgan.
Maktab o`quvchilarini terimga jalb etmaslik uchun paxta
terimi uchun belgilangan haqni oshirish, shuningdek, qishloq xo`jaligini yangi
texnika, jumladan, paxta terish mashinalari bilan ta`minlash kerak, deydi
ayrimlar.
Ma`lumotlarga ko`ra, hozir dehqon bir kilo paxta yetishtirish
uchun 500 so`mga yaqin pul sarflamoqda. O`tgan yili davlat paxtani 300 so`mdan
sotib olgan.
“Bir kilo paxtani yetishtirish 400 so`mga boradi, soliq
bilan hisoblansa 580 so`m. Davlat o`tgan yili qilingan shartnomaga ko`ra, 380
so`mdan narx belgilagan. Bu yil qanchadan olishi hozirgacha noma`lum, fermerga
nima qoladi? ”, - deydi paxtakorlardan biri.
O`zbekiston sobiq ittifoq davrida qishloq xo`jaligi sanoati
bo`yicha yetakchi o`rinda turgan. Qishloq xo`jaligi mashinalariga
ixtisoslashgan yirik zavodlar ishlagan, hozirga kelib bu sohadagi sanoat
inqirozga uchragan.
“Dabdabali gaplar ketayapti, yangi texnologiyalar olib
kelayapmiz, degan. Chet eldan 20-30 mashina olib keldi degani yangi texnologiya
degani emas. Avval 90 foiz hosil mashinada terilgan. Hozirchi? Agar biz
paxtachilik kelajagini o`ylasak, texnologiyani rivojlantirishimiz kerak. Bir
paytlar O`zbekistondan paxta terish mashinalari boshqa respublikalarga olib
ketilardi. Zavodlar hammasi inqirozga uchradi. “Toshselmash” zavodini ko`rdim,
ahvoli o`ta achinarli. Bugungi holatda o`quvchilarsiz paxtani terish mushkul”,
- degan fikrda fermerlar.
Malumotlarga ko`ra, hozircha maktab o`quvchilari bu yil
terimga olib chiqilmaydi deb to`liq aytish mumkin emas. Paxta terimiga
o`quvchilardan tashqari jalb etiladigan boshqa arzon ishchi kuchining yo`qligi
vaziyatni yana asil holiga qaytarishi mumkin.