Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

So'z erkinligiga doir xalqaro anjumanga jurnalistlar kiritilmagan


02/10/2008

[insert caption here]

Toshkentda so`z erkinligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya yopiq tarzda o`tmoqda, jurnalistlar taklif qilinmagan.

Sharhlovchilar fikricha, anjuman rasmiy Toshkentga nisbatan sanksiyalar muhokamada ekani uchun uyushtirilgan.

Xalqaro konferensiya o`tkazish masalasi Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida anchadan buyon muhokama qilib kelinayotgan edi.

Hukumat anjumanni may-iyun oylarida rejalagan, biroq keyinchalik tadbir ishtirokchilariga viza berilmadi. Yig'ilish noma`lum muddatga qoldirildi, Yevropa Ittifoqi esa sanksiyalarni yumshatdi.

Yaqinda Bryusselda kechgan “O`zbekiston-Yevropa Ittifoqi” uchrashuvida O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov xalqaro konferensiyani Toshkentda o`tkazishga rozilik berdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2 oktyabr kuni boshlangan konferensiyada Human Rights Watch, Bo`hronlarni o`rganish xalqaro guruhi (International Crisis Group), Xalqaro amnistiya tashkiloti (Amnesty International) kabi guruhlardan vakillar qatnashmoqda.

Rasmiy Toshkent tomonidan kimlar qatnashayotgani, so`z erkinligi bo`yicha kechayotgan muzokaralar tafsiloti hozircha noaniq, tadbir jurnalistlar uchun yopiq o`tmoqda.

“Buni rasmiy Toshkent shunchaki o`z qiyofasini bo`yab ko`rsatish uchun o`tkazmoqda. Qanday qilib so`z erkinligi haqida konferensiya bo`ladi-yu, unga jurnalistlar qo`yilmaydi? Matbuotda yoritilmaydi! Konferensiya o`zbek matbuoti, mamlakatdagi vaziyatni yumshashi uchun hech narsa bermaydi”, -  deydi xalqaro konferensiya haqida mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

“Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar iliqlashganini namoyon etish uchun qilinayotgan ish. Ittifoq vazirlari oktyabr boshlarida sanksiyalarni mutlaqo olib tashlaydimi yoki qoldiradimi? Shuni hal etishlari kerak”, - deydi u.

O`zbekiston matbuotni keskin senzura qilayotgan, mustaqil jurnalistlarni qamoqqa tashlayotgan sanoqli davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.

Ayni paytda Qoraqalpog’istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ustidan sud ishi davom etmoqda. Giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan Solijon Abdurahmonov jinoiy ishi soxtalashtirilgani, jinoiy ish jurnalist sifatidagi faoliyati bilan bog`liqligi ta`kidlanadi.  

Mustaqil jurnalistlardan biri Dilmurod Sayyid bundan uch yillar avval chiqargan tanqidiy maqolasi uchun hamon ta`qib ostida ekanini bildiradi.

Yaqinda tahririyatlardan biri Dilmurod Sayyid ustidan shikoyat qilgach, jurnalist prokuraturaga chaqirilgan.

“Tushuntirish xati yozib berdim. Jamoatchilikka xavf tug’diruvchi maqolalar yozmayman. Agar yana yozsam, ma`muriy yoki jinoiy chora ko`rishinglar mumkin, degan ma’noda. Endi, qaysi maqolalar jamoatchilikka xavf tug`diradi, qaysi biri yo`q -- hali men buning aniq o`lchamini uchratmadim.  Tahririyatlarda “Dilmurod Sayidning maqolasini bossak, faqat zarar keltiradi” degan xavotir bor. Borganimda, albatta, hamkorlik qilamiz siz bilan deyishadi, biroq keyin maqola bosilmaydi”, - deydi Dilmurod Sayid.  

So`nggi yillarda mustaqil jurnalistlarga nisbatan kuchaygan tazyiqlar o`nlab jurnalistlarni mamlakatdan chiqib ketishga majbur etdi.  

Sharhlovchilarning aytishicha, O`zbekiston -- matbuot ustidan mutlaq davlat nazorati o`rnatilgan mamlakat. O`zbekiston mustaqil axborot agentliklarini taqiqlash bo`yicha ham yetakchi o`rinda, mamlakatda mustaqil internet axborot vositalari sahifalariga kirib bo’lmaydi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?