Shoxrux qo'shiq mavzusi oddiy odamlar hayotidan tanlanadi deydi Manba: www.shoxrux.com
Ayrim musiqashunos mutaxassislarga ko’ra, bugun
O’zbekistondagi ijtimoiyhayotni rep
qo’shiqchilaridek hech kim yorita olmayapti.
Ijodkorlar “repni qo’pol musiqa deb chetga surishdan avval, ashulaning
mazmuniga quloq tuting”, - deydi.Xonandalarning aytishicha ular xalq dardini kuylamoqda.
Ya’ni, mavzular qatorida:“oiladagi xiyonat, jamiyatning hirsga berilishi”, “mehribonlik
uyidagi bolalarning orzulari”, “ochko’zlik, xasislik, molu-dunyo ketidan
quvish, do’stlik va sotqinlik”, “yoki zar bo’l - yoki zo’r” qabilida ish
tutish, “ishsizlik, imkoniyatsizlik, pul topish mashaqqatlari” va hakazo.
Bu muammolar gazeta-jurnal yoki televideniye va
radio kanallarda tilga olinmasa-da, rep musiqasi orqali ko’tarilmoqda desak,
hayron bo’lmang.
Rep qisqacha“debat”, “qalb isyoni” ma’nosini bildirib bundan 100-150 yil ilgari
AQShga Afrikadan qul sifatida olib kelingan qora-tanlilar orasida shakllangan.
Qullar o’z turmushidan nolib, yaxshi kunlar oldinda deya, qofiyaviy so’zlarni
usulga solib o’zaro munozara qilishardi. Keyinchalik bu so’z o’yini katta bir
janrga, musiqa yo’nalishiga aylandi.
Bo'yniga zanjir ilib, keng ishtonda ashula aytish bilan repper bo'lib qolmaydi, deydi Shaxriyor Manba: www.shaxriyor.ucoz.ru
O’zbekistonga rep 1990-yillar boshida kirib kela
boshladi, deydi biz bilan suhbatda bo’lgan shoira va qo’shiqchilardan biri.
“O’zbekistonga rep butun dunyoga ko’p tarqagani
bilan juda kech kirib keldi. Bu bizani xalq repni tushunmaydi degani emas.
Sabab, bizda bu janr to’g’ri yetkazib berila olinmaganligida. 10 yil oldin
“Al-Vakil” degan guruh bo’lardi, lekin ularni rep guruhi deb bo’lmaydi, ularda
shunga o’xshash sintez bor edi. Bugun repni xalqimiz ommaviy janr sifatida
qabul qilmoqda. Chunki biz repni ham o’zbek kuylariga sintez qilib, yangilik
qilib, yangi oranjerovka, tahlilda, o’zbek mentalitetiga mos ravishda
yozyapmiz”, - deydi shoira.
Xalq tilida repperlar, ya’ni shu yo’nalishda
kuylaydiganlar qo’shiqlariga mavzuni qayerdan oladi? Bu savolga o’smirlarning
sevimli repperi Shoxrux shunday javob beradi.
“Ko’p odam bilan gaplashib, har xil narsalar
eshitaman, shunga qarab kelib chiqadi. Ular bilan suhbatlashganda ko’pchilik
shaxsiy hayotini gapirib beradi. Maslahat so’rashadi, asosan o’zim tengi
yoshlar bo’lgani uchun ularning hayotidan kelib chiqaman. “Bolaligim”
qo’shig’iga to’xtaladigan bo’lsak, mehribonlik uylariga borib, hayriya
ishlarini olib borganmiz. Shunda bolalarni ko’rib, ularga atab qo’shiq qilish
niyati paydo bo’ldi. “Xato” ashulasiga keladigan bo’lsak, bor narsa-ku. Hayotda
ko’p uchraydi bunaqa holatlar.”
Shoxrux "Xato" klipidan
O’zbekistondagi FM radio ijodkorlaridan biri repning
muxlislari asosan 12-18 yosh orasidagilar deydi. So’zlarning oddiy, ko’cha
tilida yozilishi esa ularni xalq orasida tezroq tanilishiga olib kelmoqda.
“Balki rep qo’shiq kabi, musiqaviy ohangda
kuylanmagani uchun va oddiy gapdan iborat bo’lgani sabab ommaviylashayotgandir.
Dangal qilib aytganda, rep - qo’pol yo’nalish hisoblanadi. Balki shuning uchun
ham bemalol istalgan mavzularni ko’tarib chiqish mumkindir. Masalan,
Shoxruxning 90 foiz qo’shiqlari odamlarga yaqin bo’lgan mavzularda yozilgan.
Muxlislari ham faqat o’smirlar emas, katta yoshdagilar tinglayotganining quvohi
bo’ldik”, - deydi radio ijodkor.
O’zbekistonda rep maktabi rivojlanmoqda va nima
sababdan bu yo’nalishda ijod qiladiganlar ko’paymoqda?
“Yoshlar repni gap qilib aytilishi oson deb
bilishadi. Aslida esa juda qiyin yo’nalish bu. Sabab, gapirilayotganda, bitta
harf emas, vergulini ham noto’g’ri qo’ysa ma’nosi o’zgarib ketishi mumkin. Ammo
o’zini ko’rsatish uchun, mana bunaqa qilsam, unaqa qilsam yulduz bo’laman, deb
o’ylaydiganlar bor. Shunaqa maqsad bo’lgani uchun ham, sal ko’rinishadi-yu,
darrov g’oyib bo’lishadi”, - deydi ijodkor.
“Bachkana, bema’ni repperlar ko’payib ketvotti.
Katta mayka kiyib, bo’yniga zanjirosvolib, keng ishtonda chiqsam repper bo’laman deydiganlar bor, biroq bu
yanglish yondashuv”, - deydi yana bir repper Shaxriyor.
Ko’rinishidan G’arbning mashhur repperlarini
eslatadigan va muxlislari orasida o’zbek “Snoop Dog”i deya tanilayotgan
Shaxriyorga ko’ra, xip-xop – haqiqat ko’zgusi. Biroq aytishda ham aytish bor,
deydi u.
“Yoshlar rost gap nimada ekanini biladi. Nima
kerakligini his qila oladi. Xip xopning asosi to’g’ri va haqiqatga tayangan
so’zlarni yozishga tayanadi. Biz rep qo’shiqlarimizni ko’proq
mentailitetimizdan kelib chiqib, sharqona ohang, usul qo’shib muxlislarga
taqdim etishga harakat qilyapmiz”, deydi repper.
Demak, rep haqiqatni kuylash ekan, ana shu haqiqat
yoshlar tarbiyasiga qanday ta’sir qilyapti? Bachkanalik o’smirlar ongini
buzmaydimi? Qo’pollik va mehrsizlikka yetaklamaydimi? Qolaversa, yoshlarni ilm
olishga, kasbli bo’lishga undaydigan vositami?
“Rep yo’nalishi hali aytganimday, ruschasiga
“derzkiy” yo’nalish”, - deydi radio ijodkorlardan biri. “
“Bu bilan esa bu janr ma’naviyatimizga to’g’ri
kelmasligi mumkin. Sabab bizda betga choparlik, qo’pol muomala qilish yo’q. Rep
yo’nalishi esa ancha-muncha qo’pollikka yaqin. Lekin rep ijro qilinganida o’sha
ijtimoiy mavzulardan, tarbiyaga yetaklovchi omillardan kelib chiqilsa va
muxlislarga to’g’ri yetkazilsa, balki tarbiyaviy ahamiyati bo’lishi mumkin.
Biroq hozirgi rep tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini ko’rmayapman”, - deydi u.
Shoira nazarida esa, u yozgan qo’shiqlari va har bir
matni uchun javob berishga tayyor.
“Mana shunaqa tanqid qiladiganlarning farzandlari
o’zi rep eshitadi. Yaqinda davlat radiosida intervyu berganimda, bitta buvijon
kelib, “voy mani nevaram shunaqa qo’shiqlarni eshitadi, manga yoqmaydi”, degan
edilar. Mazmuniga quloq tutilsa edi, balki boshqacha fikrda bo’lishardi. Man
shu paytgacha odamlar me’dasiga tegadigan, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir
qiladigan rep yozmaganman. Rep men uchun kichik “mini-film” hisoblanadi. Unda
qanaqadir katta bir hikoya aytib beriladi. Unda qofiya bormi, yo’qmi farq
qilmaydi. Gapirib berilayotgan suhbatning ritmga solingan turidir - rep.”
O’zbekiston radio boshlovchilardan biriga ko’ra esa,
rep so’zlari klassik adiblar bisotidan olinsa, ko’proq tarbiyaviy ahamiyatga
ega bo’lardi.
“Deylik, ruboiy, g’azalni oddiy o’qisangiz hech kim
eshitmasligi mumkin, y’ani yoshlarni qiziqtirish juda qiyin bugungi zamonda.
Ammo o’sha g’azal va klassik matnlarni rep ohangiga solib, trans musiqada,
magnit, metal musiqa sadolari ostida bezatilib yoshlarga uzatilsa yomon fikr
bo’lmas edi. O’ziga yarasha miks chiqardi. Tarbiyaga qanday ahamiyati bo’lishi
mumkin? Yoshlarni hozirgi kunda klassikani eshitishi qiyin bo’lgani tufayli,
zamonaviy ruh va sadolarda ularga shu g’azal va tarbiyaviy so’zlari bor
ruboiylarni singdirsak, dunyo qarash va ma’naviy olam ham o’zgargan bo’lardi.
Bundan ancha-muncha narsa olish mumkin bo’lardi”, - deydi FM radio ijodkori.
Ijodkor va tahlilchilar nazarida qo’pol so’zga boy
bo’lsa-da, rep bugungi turmush va jamiyatdagi illatlarni fosh etayotgani ijobiy
hol. O’sha so’zlarning to’g’ri qofiya va ma’noli ohangda ommaga yetkazilishi,
deydi ular, professionallikdan darak beradi. Shou-biznes deb atalmish katta
bozorda esa repga ham, klassikaga ham, estrada qo’shiqlariga ham joy topiladi.