2-3 oktyabr kunlari Toshkentda matbuotni erkinlashtirish
mavzusida xalqaro forum o`tdi. Biroq anjuman natija bermagan, Yevropa va
O`zbekiston rasmiylari muloqot o`rnatishga muvaffaq bo`lmagan. Sharhlovchilar fikriga
ko`ra, rasmiy Toshkent uchun matbuotni erkinlashtirish masalasi emas, balki
xalqaro konferensiyaning o`tgani muhim.
Unda ishtiriok etgan xalqaro tashkilot vakillari ta’biricha,
O`zbekiston rasmiylari aniq mavzular bo`yicha muzokara yuritishni istamagan.
Mahalliy matbuotining tadbir haqida bergan ma`lumotlariga qarab shuni bilsa
bo’ladiki, xalqaro tashkilotlar bildirgan e`tiroz, munozaralar haqida
jamoatchilik bexabar.
Sharhlovchilar fikriga ko`ra, matbuot erkinligiga
bag`ishlangan xalqaro forumning asosiy maqsadi amalga oshmadi. O`zbekiston
matbuotining erkinligiga to`siq bo`lib turgan omillar jamoatchilikdan sir
tutilmoqda. Shuning o`zi O`zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat
qanday ekanini ko`rsatadi.
O`zbekiston televideniyesi xabariga ko`ra, tadbir Yevropa
Ittifoqi va Toshketn o`rtasidagi muloqotning navbatdagi ko`rinishi ekani bilan
ahamiyatli.
Forumga mustaqil jurnalistlar chaqirilmadi. O`zbekiston
tomonidan Fuqarolik instituti, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy
uyushmasi, mahalliy jurnalistlar, shuningdek, ayrim rasmiy idoralardan vakillar
qatnashgan.
Unda xalqaro tashkilotlardan Human Rights Watch, Bo'hronlarni o'rganish xalqaro guruhi,
Xalqaro Amnistiya Tashkilotidan vakillar ishtirok etgan.
“Amerika ovozi” forumda qatnashgan xalqaro tashkilotlar
vakillari bilan gaplashishga muvaffaq bo’ldi.
Konferensiyada xalqaro tashkilotlar ko`targan masalalardan
biri - matbuotning tanqid qilish huquqi, jumladan hukumatni ham.
“Mustaqil jurnalistlar nima sababdan bu konferensiyaga
taklif etilmaganini bilmayaman, lekin forumda O`zbekiston tomonidan qatnashgan
jurnalistlar hukumatni qo`llovchi vakillar ekanini tushundik,” - deydi xalqaro
tashkilot vakili.
Uning aytishicha, nodavlat televideniye, gazeta
tahririyatida jurnalistlar bilan bo`lgan uchrashuv matbuotga nisbatan munosabat
boshqacha ekanini ko`rsatgan. Nima sababdan hukumatni tanqid qilish mumkin emasligini
o`zbekistonlik vakillar milliy mentalitet bilan tushuntirgan.
“O`zbekiston jamoatchiligi bunga tayyor emas, urf-odatlar
bilan hisoblashish kerak, qabiladagi javoblar oldik,” - deydi u.
Uning aytishicha, forum faqat muammolar yuzasidan gapirish
imkoniyati bo`lganligi uchun e'tiborli. Lekin bu muammolarning jamoatchilikka
yetkazilmasligi achinarli.
“Anjumanda o`zbek televideniyesi bor edi. Biz jamoatchilik
e`tiborini jalb qilish uchun qamoqdagi mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov
ozod etilishi talab qilingan plakatni ko`rsatdik. Albatta bu (televideniyeda)
ko`rsatilmasa kerak,” - deydi forumda qatnashgan boshqa bir xalqaro tashkilot
vakili.
Tadbirda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov masalasi
muhokamaga chiqqan, lekin O`zbekiston vakillari bunday jurnalistni
tanimasliklarini aytgan.
Tadbirda ishtirok etgan Human Rights Watch vakili Steve
Crawshaw O`zbekistonda qog`ozdagi qonunlar va amaliy hayot o`rtasida katta farq
bor, deydi.
“Biz O’zbekistonda yuzlab gazetalar, televideniyelar
borligini, qonunlar qabul qilinayotganini, matbuot erkinligi, bir qancha
hujjatlar imzolangani haqida eshitayapmiz, lekin bu gap-so`zlar va amaldagi
hayot o`rtasida farq juda katta,” - deydi u.
Human Rights Watch vakilining so’zlariga ko`ra,
yevropaliklar O`zbekiston rasmiylariga
matbuotga doir muammolar ko`pligi, qamoqdagi jurnalistlar haqida gapirishga
uringan, biroq ularni hech kim eshtmagan.
“Mening nazarimda matbuot erkinligi borasidagi og`ir
muammolar, faktlar haqida gapirish, ularni muhokama qilish uchun hech qanday
imkoniyat yo`qday,” - deydi u.
10 yil avval O`zbekistonda ishlagan Urush va tinchlikni
yoritish inistituti (IWPR) vakili Jon Maklaud ta’biricha, shuncha yillardan
keyin ham o`zgarish borligi kuzatilmaydi. Seminardan kelib chiqib, O`zbekiston matbuotni erkinlashtirish uchun islohotlar
o`tkazmoqchi deyish qiyin.
“O`zgarish bo`lishi uchun hokimiyat xohishi kerak. Bu esa
sezilmaydi. Shunday ekan, bu seminar vaziyatni o`zgartiradi deyish qiyin.
Asosiysi, Yevropa davlatlari biror qarorga kelishdan oldin vaziyatning shu
tomonlariga ahamiyat qaratishni yoddan chiqarmasligi zarur,” - deydi u.
Xalqaro ekspertlar nazarida Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston
o`rtasidagi mazkur forum demokratik islohotlar, matbuot erkinligi bilan bog`liq
vaziyatni bir qadar iliqlashtirishi kerak edi. Biroq o`tgan muzokaralar xalqaro
tashkilotlar harakati samarasiz ketayotganini, Yevropa va O`zbekiston o`rtasida
bu borada muloqot o`rnatilmaganini ko`rsatgan.
“Gap shundaki, Yevropadagi ayrim davlatlar O`zbekistonda
vaziyat iliqlashayotganini ko`rishni istaydi. Hatto, bunday o`zgarishlar
bo`lmagan taqdirda ham, ular muloqot bo`layapti-ku deyishadi. Lekin muloqot
aniq bir maqsadlarga erishish uchun tashkil qilinishi kerak. Muloqot shunchaki
muloqot o`tkazish uchun qilinmaydi, bunday muloqotdan samara yo`q,” - deydi Human Rights Watch vakili.
Bo`hronlarni o`rganish xalqaro guruhi vakili Endryu Strolayn (Andrew Stroehlein)
seminarda hukumat axborot vositalaridan vakillar ishtirok etgani, biroq unga
mustaqil jurnalistlar, xorij axborot vositalari kiritilmaganiga e`tibor
qaratadi.
Bo’hronlarni o`rganish guruhi vakili fikriga ko`ra,
seminardan keyin o`zgarish bo`lishiga
ishonch kam. Forumning o`tkazilishi Yevropa sanksiyalar masalasini ko`rayotgan
bir paytda O`zbekiston hukumati uchun muhim bo`lgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston xalqaro tashkilotlarga
e`tiroz bildirgan. G`arb tomonidan O`zbekistonga nisbatan axborot xuruji
uyushtirilayotgani, mamlakatda matbuot erkinligini bo`g`uvchi to`siq yo`qligi, OAVdagi islohotlar
bosqichma-bosqich o`tkazilayotgani shular jumlasidan.
Ismi ochiq aytilishini istamagan jurnalistlardan biri
bugungi o`zbek matbuotiga shunday ta`rif beradi.
“Bugungi kunda xalq matbuot borligini ham esdan chiqargan, chunki
xalq dardini yozmaydigan matbuotning keragi yo`q. Hukumat o`zining
targ’ibotlarini yurg`izish uchun matbuotdan foydalanib kelmoqda.
O`zbekistondagi qolgan matbuot faqat sariq nashrlardan iborat,” - deydi
jurnalist.
Uning aytishicha, hukumat senzurani olib tashlash bilan
matbuot ustidan nazoratni bir necha marotaba kuchaytirgan. Senzura bekor
bo`lgach, bosh muharrirlarning nazorati ikki barobarga kuchaydi. Ular o`z
amali, yumshoq kursilarini yo'qotishdan
qo`rqib, senzurani kuchaytirgan. Prezident devonida olti oy-bir yil
tayyorgarlikdan o`tgan, nimani yozish-yozmaslikni biladigan odamlar bosh
muharrir qilib jo`natiladi gazetalarga. Ozbekistonda erkin fikr bo`lishi uchun
lozim bo`lgan muhit, havoning o`zi yo`q,” - deydi jurnalist.
Xalqaro seminar arafasida o`z mulohazalarini bildirgan
mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid matbuotni erkinlashtirishga qaratilgan biron
dastur imzolansagina seminardan foyda bo`lishi mumkinligini ta`kidlagan edi.
Tahlilchilar fikriga ko`ra, matbuotni erkinlashtirish bo`yicha
o`tgan seminarda O`zbekiston tomoni mamlakatda so`z erkinligi bilan bog`liq
vaziyatni xolis tahlil qilish u yoqda tursin, bu borada jiddiy muammolar
borligini, jurnalistlarga nisbatan ta`qib, tazyiqlar mavjudligini ham tan
olishni istamagan.
Ma`lumotlarga ko`ra, anjuman so`nggida O`zbekiston forum
yakuniga ko`ra o`zbek matbuoti rivojlanish bosqichlarini ko`rsatuvchi hamkorlik
bayonotini imzolashga harakat qilgan.
Yevropa vakillari bunday bayonot imzolashni istashmagan.
O`zbekiston seminardagi mulohazalar bilan so`z erkinligi
bo`yicha islohotlar o`tkazishni istamasligiga ishora qilgan. Bu rasmiy
Toshketnga nisbatan sanksiyalardan voz kechishga hozirlanayotgan Yevropa
davlatlari tomonidan e`tiborsiz qoldirilishi mumkin degan xavotirlar mavjud.