Salomatlik
inson uchun eng muhim masala. Chalasavod tabibga uchrashni hech kim xohlamaydi,
albatta.
Xatoni faqat savodsiz vrachlar qiladi deb o’ylaymiz. Vaholanki,
hammayam odam, doktorlarning piri ham adashadi.
Amerikada tibbiy xatolarga
qanday javob beriladi?
AQShning Ayova Universitetidagi Karver Tibbiyot
Kolleji o'qituvchisi, fan doktori Loris Kaljian shifokor ko'p hollarda
charchoq, e'tiborsizlik yoki uquvsizlik tifayli yanglishadi deydi.
Doktor Kaljianning aytishicha, jarroh adashib,
bemorning sog'lom qo'li yoki oyog'ini operatsiya qilgan hollar bo'ladi.
Noto'g'ri diagnoz-tashxis qo'yish hollari tez-tez uchrab turadi. Ba'zida vrach
bemorni tushunmaydi yoki diqqat bilan
eshitmaydi, deydi doktor Loris Kaljian.
Adashish boshqa, buni tan olish boshqa.
AQShda chop etiladigan Tibbiy Amaliyot Jurnali
(Journal of Medical Practice) tahlil qilishicha, AQShda aksariyat
shifokorlar xato qilganini darrov tan olib, ochiq muhokama qilishga tayyor.
Chunki oshkora fikrlamagan mutaxassis haqiqiy professional emas, haqiqiy
professional esa xatosidan o'rganadi. Hozir Amerikada ishlayotgan
o'zbekistonlik shifokor o'z tajribasi bilan o'rtoqlashadi.
"Ikki oy oldin ko'z o'ngimda bo'lgan voqea esimda.
Yuragi sog'lom bolakayga vrach adashib yurak dorilari yozib bergan. Ertalab va
kechqurun ichishi kerak bo'lgan. Kichik miqdorda bo'lgani uchun ta'sir qilib
ulgurmagan, ertalab obxod qilgan doktor sezib qolib, darrov kerakli idoraga
qo'ng'iroq qilib, shunaqa-shunaqa ish bo'ldi deb xabar berdi. Vrachlik xatosi
uchun mo'ljallangan maxsus formani to'ldirdi. Xatoni qilgan vrach jazosini
tortadi bu yerda albatta."
Amerikada mana shu kabi tibbiy xato tufayli bemorga
kompensatsiya to'lash odat tusiga kirgan. Shifokorlar kompensatsiya fondi uchun
har oy badal to'laydi.
"Vrach, masalan, 200 ming dollar maosh olsa, shuning
kamida to'rtdan bir qismini, ya'ni 50 ming dollarni davlatga yuboradi. Xato
qildimi? Shu puldan bemorga kompensatsiya ajratiladi. Bundan tashqari,
Amerikada hamma vrachlarning advokati bor".
O'zbekistondagi ahvolni eslar ekan, shifokor xatolar
u yerda ko'pincha bosti-bosti qilib yuboriladi deydi.
"O'zbekistonda ham vrachlik xatosiga doir qonunlar
bor. Lekin ishlamaydi. Ko'p hollarda bemor bilan gaplashib, ko'ndirib,
imi-jimida hal qilib yuboriladi. Amerikada esa bunaqasi ketmaydi, qonunlar juda
qo'rqinchli. Shuning uchun vrachlar har bir resept, har bir qog'ozni bir necha
martalab tekshiradi."
O'zbekistonlik yana bir shifokor nazarida esa
ba'zida noxush hodisa uchun nafaqat doktor, balki bemor ham birday javobgar
bo'ladi.
"Viloyatlik bemor uzoq yillar homilador bo'lmay,
davolanish uchun shaharga qatnagan. Biz belgilagan dorini ichib yurgan.
Bu dori homilador bo'lishga yordam beradi, biroq
qorinda bola paydo bo'lgach, dori boshqasiga almashtiriladi. Lekin bemor
homilador bo'lib qolganini bilib, hursand bo'lib, 6-7 oy davomida doktorga
ko'rinish bermagan va avvalgi dorini ichib yuravergan. Natijada yuragi xasta
bola dunyoga kelib, 10 kun yashab, nobud bo'lgan. Aytmoqchimanki, hamma vaqt
ham vrachni ayblash to'g'ri emas. Nafaqat shifokor, balki bemor ham o'z
salomatligiga e'tibor berishi, doktor aytgan tavsiyalarga 100 foiz amal qilishi
kerak."
Doktor Loris Kaljian nazarida yo'l qo'yilgan xato,
albatta, aytilishi kerak. Maqsad doktorni izza qilish yoki jazolash emas, deydi
u.
"Vrach aybiga iqror bo'lsa, "ishdan haydashadi,
nomimga dog' tushadi, qamashadi" deb qo'rqadi. Uni gapirtirish uchun nima
qilish kerak? AQSh Kongressi 2005 yilda "Bemor xavfsizligi va tibbiy xizmatni
yaxshilash to'g'risida"qonun qabul qilgan. Unga muvofiq, tibbiyot xodimlari
adashsa, alohida tashkilotga hisobot beradi. Bu tashkilot uning ism-sharifini
e'lon qilmay, hodisani o'rganadi va xulosa chiqaradi, mamlakatdagi barcha
kasalxonalarga hisobot jo'natiladi",- deydi doktor Loris Kaljian.
Tibbiyot va sog'liqni saqlash tizimi daqiqa sayin
o'zgarib, yangilanib boradi. Shunday ekan, tibbiy xodimlar va shifokorlar ham
o'z malakasini oshirib borishi shart. Buning uchun esa turli jamiyatlarda sharoit
turlicha. Salomatlik inson uchun eng nozik masala ekan, unga muolaja qiluvchi
va uni davolovchi mutaxassislar zehnini o'tkirlash – hukumatlar oldidagi asosiy
vazifalarda biri emasmi?