Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi Grin
Karta lotoreya dasturi 2 oktyabr kuni boshlandi. Unda markaziy osiyoliklar ham ishtirok etishi mumkin. AQSh Davlat departamenti “Turli millatga mansub kishilar
uchun immigratsiya vizasi” dasturining navbatdagi, ya’ni 2010 yil lotoreya
o’yinini e’lon qildi.
Dastur boshqacha qilib aytganda, “Grin karta” nomi bilan
barchaga tanish.
O’yin qoidalariga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlarida
tug’ilgan barcha shaxslar ham dasturda ishtirok etish huquqiga ega.
Mazkur yil
o’yinlarida Rossiya Federatsiyasi hamda Kosovo fuqarolari ham ishtirok etishini
hisobga olmaganda, boshqa hech qanday o’zgarishlar kiritilmagan.
Lotereya o’yiniga internet orqali ariza topshirish
2-oktyabrda boshlangan va 1-dekabrgacha davom etadi. Ishtirok etishni
istovchilar www.dvlottery.state.gov veb
sahifasiga kirib, unda so’ralgan barcha savollarga javob berishi va kerakli
shakldagi fotosuratini yuborishi shart.
O’yin qoidalariga ko’ra, ishtirok etuvchi 21ga kirgan yoki
undan katta yoshda bo’lishi, maktabni to’la bitirgan hamda AQSh Mehnat
vazirligi talabiga muvofiq, zarur bo’lgan mutaxassislik bo’yicha kamida 2 yil
tajribaga ega bo’lishi kerak.
Agar ishtirok etuvchi oilali va farzandli bo’lsa, u holda,
turmush o’rtog’i va barcha farzandlari to’g’risida so’ralgan savollarga javob
berish va barcha oila a’zolarining kerakli shaklda bo’lgan fotosuratlarini
yuborishi lozim. Masalan, kimsa O’zbekistonda tug’ilgan, biroq Rossiya,
Qozog’iston yoki boshqa davlatlarda yashaydi yoki fuqaroligini olgan. Bunday
shaxs ikkilanmasdan, tug’ilgan joyi O’zbekiston, ya’ni dasturda qatnashuvchi
davlatlar ro’yxatiga kiritilgani bois, mazkur dasturda ishtirok etish huquqiga
ega.
Lotereya o’yinlarida ishtirok etish tekin. Hech qanday pul
talab etilmaydi. Shu o’rinda aytib o’tish lozimki, Grin karta lotereyasida
ishtirok etish uchun to’g’ridan-to’g’ri AQSh Davlat departamenti veb sahifasiga
kirib, o’yin arizasini to’ldirish va kerakli ma’lumotni olish mumkin.
Dastur haqida batafsil ma’lumotni www.dvlottery.state.gov sahifasida ingliz
tilida, o’zbek tilida esa Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi veb sahifasi - http://uzbekistan.usembassy.gov/
dan topishingiz mumkin.