Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligiga a’zo davlatlar
rahbarlarining Bishkekdagi sammitida regional iqtisodiy masalalar qatorida, Gruziyadagi
ahvol ham muhokama qilinadi. Xabarlarga ko’ra, sammit Ozarbayjon va Ukraina
prezidentlari ishtirokisiz o’tadi. Avvalroq Gruziya MDH tarkibidan chiqishini
rasman e’lon qilgan edi. Qirg’iziston matbuotida yozilishicha, sammit kun tartibidagi
asosiy masala MDHning 2020 yilgacha mo’ljallangan iqtisodiy rivojlanish dasturidir.
Sharhlovchilar fikriga ko`ra, MDH sammitida Kavkaz urushidan
keyingi noqulay siyosiy ahvoldan chiqish masalasida ham fikr almashiladi.
Rossiya MDHni faollashtirish, jonlantirishga urinsa-da, a’zo davlatlar masalaga
ehtiyotkorlik bilan yondashishi taxmin qilinmoqda.
Abxaziya yoki Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olish bo`yicha
biror bayonot kutilmayapti. Bu masala kun tartibiga qo`yilsa, Mustaqil Davlatlar
Hamdo`stligi a`zolarini noqulay ahvolga tushishi mumkin.
“Rossiya Kavkazdagi harbiy harakatlari bilan MDH
davlatlariga “siz bizning ta`sir doiramizdasiz. Kuchimizni ko`rib qo`ying”
degan ma`noda gap qildi. Bu Rossiyaning eng yaqin ittifoqchilari tomonidan ham
quvvatlangani yo`q. MDH davlatlari bu borada betaraflik qilib to`g`ri yo`l
tutdi”, - deydi sharhlovchilardan biri.
Tahlilchilardan birining aytishicha, Bishkek sammitida MDH
davlatlari Kavkaz bo`yicha biror yangi narsa aytishi qiyin.
Hamdo’stlik davlatlaridan birortasi Rossiyaning Kavkazdagi
harbiy harakatlarini ochiq qo`llab-quvvatlamadi, Abxaziya va Janubiy Osetiya
mustaqilligi biror davlat tomonidan tan olingani yo’q.
Bishkekda Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati sammiti to`liq
tarkibda o`tishi kutilmoqda. Iqtisodiy integratsiyani rivojlantirishga
qaratilgan mazkur tashkilot hamon yagona iqtisodiy hudud yaratish masalasida
biror natijaga kelgani yo’q. O`zbekiston tomonidan hamjamiyatning asosini
belgilovchi bojxona tizimini soddalashtirish bo’yicha harakat boshlanmagan.
Sharhlovchilar ta’biricha, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati
maqsadlarining to`laqonli ishga tushishi tobora shubha ostida qolmoqda.
Bishkekdagi sammitda prezidentlar mintaqa suvidan
foydalanish bo`yicha muloqot qilishi kutilmoqda. Bu borada hozirgacha o`tgan
ikki tomonlama va ko`p tomonlama muzokaralar natijasiz tugagan edi.
“Har bitta suv hafzasining o’ziga yarasha jihatlari bor. Shularni
inobatga olib kelishuvga borsa bo`ladi rahbarlar. Kelishuv har bir tomon uchun
qulay bo`lishi kerak. Bu kelishuv bugun bo`lmasa, ertaga baribir bo`ladi”, -
degan umidlarni bidiradi ekolog Rustam Razzoqov.
Ma`lumotlarga ko`ra, mintaqa davlatlari uchrashuvida Rossiya
prezidenti ham ishtirok etishi mumkin.
Shunday bo`lgan taqdirda mintaqa davlatlarining Kavkaz
bo`yicha pozitsiyalari Rossiyaning bevosita ta`sirida yana bir sinovdan o`tishi
kutiladi.