Xalqaro Valyuta Jamg’armasiga (International
Monetary Fund) ko’ra global moliyaviy inqiroz tufayli jahon iqtisodiyotining
o’sish sur’ati keskin pasayishi kutilmoqda.
Iqtisodiy jarayonlarni kuzatuvchi va qashshoq
davlatlarga qarz beruvchi bu tashkilot bergan ogohlantirish ketidan Amerika,
Yevropa va Osiyo davlatlari markaziy banklari foiz stavkalarini pasaytirushga
qaror qilgan. Iqtisodchilar nazarida ushbu chora kapital bozorini jonlantirishi
mumkin.
Vashingtonda Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Jahon
Bankining qo’shma majlisi o’tmoqda. Jamg’arma bosh mutaxassisi Olivier
Blanshardning aytishicha, inqiroz ayniqsa rivojlangan davlatlarga o’ta salbiy
ta’sir ko’rsatmoqda.
“Dunyo davlatlari birgalikda moliyaviy va
makroiqtisodiy choralar ko’rayotganiga qaramasdan”, deydi Blanshard, “iqtisodiy
turg’unlik kelasi yil o’rtalarigacha davom etadi. 2009 yil oxiriga borib
rivojlangan davlatlar biroz o’zini tiklab olishi mumkin”.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi ekspertlari, shuningdek,
dunyo bo’ylab eksport miqdori kamayishi hamda kredit olish qimmatlashuvini
bashorat qilmoqda. Tanazzulga turtki berayotgan asosiy omil, deydi
iqtisodchilar, moliya tizimiga ishonch yo’qolganidir.
AQSh Moliya vaziri Genri Polson
fikricha moliya bozorini tinchlantirish uchun joriy etilgan choralar mahsuli
bir necha hafta ichida sezila boshlaydi.
Avvalo sarmoyadorlar ishonchini tiklash kerak. Dunyo
markaziy banklari kelishib, foiz stavkalarini pasaytirgani ham qarz olishni
osonlashtirishga qaratilgan.