G’arb davlatlari nazarida Belarusda o’tgan parlament
saylovlari prezident Aleksandr Lukashenko va’da qilganidek “erkin va adolatli”
o’tmagan.
Poygada muxolif partiyalardan 78 nomzod ishtirok etgan bo’lsa-da,
birortasi ham saylana olmagan.
Saylovga o’z kuzatuvchilarini yuborgan Yevropada
Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti ovoz berish jarayoni puxta o’tganini, biroq
ovozlarni sanashda jiddiy qonunbuzarliklarga yo’l qo’yilganini qayd etgan.
110 a’zoli parlamentdagi o’rinlarning barchasini
prezident Lukashenko tarafdorlari qo’lga kiritdi. Yevropada Xavfsizlik va
Hamkorlik tashkilotiga ko’ra saylov demokratik talablarga javob bermagan.
Belarus rasmiylari va saylov komissiyasi a’zolari esa “xalq muxolifatga ovoz
bermasa” bizda nima ayb deya hayron.
Klas Bergman - Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik
tashkiloti kuzatuvchilaridan biri. “Saylov kampaniyasi”, deydi u, “kuchli
nazorat ostida o’tdi. Saylovoldi debatlar sust, nomzodlar esa
targ’ibot-tashviqot ishlarini demokratik ruhda olib borishi uchun yo’l
berilmadi”. Ammo xorijiy kuzatuvchilar saylov uchastklarida yaxshi kutib
olingan.
“Muammolar ovoz berish yakunlangach boshlandi”, - deya
o’z xulosalari bilan bo’lishadi Klas Bergman. Chunki ovozlarni sanash jarayoni
yopiq eshiklar ortida o’tgan. Uning aytishicha saylov uchastkalarining 48
foizida shu hol kuzatilgan.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik
tashkilotining xulosa qilishicha prezident Aleksandr Lukashenko saylovning
adolatli o’tishini ta’minlash va’dasi ustidan chiqmadi.
Qo’shma Shtatlar ham bu borada Yevropa tashkiloti
bilan hamfikr, biroq rasmiy Minskni avvalgidek o’tkir tanqid qilishga
shoshmayapti. Ismini oshkor etishni istamagan AQSh diplomatlariga ko’ra “bu
bejiz emas”.
Gruziyadagi voqealarga o’z xavfsizligi nuqtai
nazaridan qarayotgan kichik davlatlar qatorida, Belarus ham Kreml yuritayotgan
agressiv siyosatdan xavotirda. Siyosatdonlar ta’biricha prezident Lukashenko
Rossiyadan uzoqlashib, G’arb bilan til topishish uchun yaqinda siyosiy
mahbuslarni qamoqdan ozod etgan.
Belarus azaldan Rossiyaning yaqin ittifoqchisi.
Biroq e’tibor bering, deydi kuzatuvchilar, Minsk Kreml bosimiga qaramay
Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olgani yo’q.
AQSh rasmiylari Lukashenkoning bu qadamlarini olqishlab,
mamlakatda parlament saylovlari adolatli o’tsa Belarusga qo’yilgan iqtisodiy
sanksiyalar olib tashlanishini aytgan edi. Saylov, afsuski, xalqaro andozalarga
javob bermagan.
Kanadalik tahlilchi Deyvid Marplsning aytishicha,
muxolifatchilar kira olmagan parlament, tabiiyki, butunlay prezident irodasiga
bo’ysunadi. “Aleksandr Lukashenko hatto bosh vazirni ishdan olish vakolatiga
ega. Mamlakat qonunchilik organi uning har bir istagini so’zsiz bajaradi”, - deydi
Marpls.
Siyosatdonlar nazarida Kavkazdagi mojaro ketidan AQSh
Belarus kabi sobiq Sovet davlatlariga nisbatan siyosatini qayta ko’rib
chiqayotgani ayni muddao.
Lekin siyosiy-iqtisodiy jihatdan hamon Rossiyaga
tayanuvchi avtoritar hukumatlarni, xususan yonilg’iga muhtoj Belarusni Kreml
ta’sir doirasidan chiqarish oson bo’lmaydi. Parlament saylovlari ham Belarus
siyosatida biror o’zgarish bo’lmaganini ko’rsatmoqda.