Qoraqalpog'istonda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov 10 yil qamoq
jazosiga hukm qilingan. Sharhlovchilar fikricha, jurnalist kasbiy faoliyati
uchun jazolanmoqda. Giyohvand moddalar savdosida ayblangan jurnalist sudda
aybsizligi va jinoiy ish atayin uyushtirilganini ta`kidlagan. 10 oktabr kuni Nukus shahrida o`tgan sud giyohvand moddalar
savdosida ayblanayotgan mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovga 10 yil qamoq
jazosi belgilash haqida hukm chiqargan.
Uning advokati Rustam To`laganov so’zlariga
ko`ra, jinoiy ishni soxta ekanini sezish qiyin emas.
“Videotasvirdan ham ko`rinib turibdi, militsiya giyohvand
moddasi qayerda ekanligini yaxshi biladi. Itlar qatnashmagan. Bagajnikka to`ppa-to`g`ri
borib, yuklarni olib tashlagandan keyin, bochokning tagidan sellofanga o`ralgan
mariuxanani olib chiqayapti. Agar Solijon akaning qo’li bo`lganda, izlari
qolishi kerak edi. Lekin faqat militsiyaning izi qolgan. Ekspertiza qilish
haqida murojaatlarga qaramasdan, chang bo`lgani bahonasi bilan buni
qilishmagan”, - deydi Rustam To`laganov.
Solijon Abdurahmonov sudda o`ziga nisbatan qo`yilgan
ayblovlarni rad etgan, jinoiy ish uyushtirilganini ta`kidlagan.
“Umuman ayblarni rad etdi. Hech qachon bu ish bilan shug’ullanmaganman,
dedi. Bu narsa kimlar tomonidandir uyushtirilganini aytdi. Bundan tashqari, sud
hukmida ayblov uchun asos qilib olingan narsalarning hech biri isbotlanmagan.
Mening nazarimda, akam “Ozodlik”, “Amerika ovozi”da ishlashi, keyinchalik ham
bu boradagi ishlarini davom ettirishi, ochig`ini aytganda, Qoraqalpog`iston Respublikasida
bo`layotgan muammolar haqida ma`lumot yetkazayotgani mana shunday jiddiy
ayblovlarning bo`yniga qo`yilishiga asos bo`layapti”, - deydi Solijon
Abdurahmonovning ukasi Bahrom Abdurahmonov.
Solijon Abdurahmonov to`rt oy muqaddam giyohvand moddalar
saqlashda ayablanib, hibsga olingan edi. Jurnalist giyohvand moddalarni
iste`mol qilmasligi aniqlangach, unga nisbatan giyohvand moddalar savdosi
aybi qo`yildi.
Advokat Rustam To`laganov so’zlariga ko`ra, bu ayb ham
mantiqqa to`g`ri kelmaydi.
“Hech qanaqa marixuanaga aloqam yo`q, u narsa sotilgan
taqdirda ham bor-yo`q narxi 150-160 ming so`m bo`larkan. Bunga meni muhtojlik
joyim yo`q, dedi. Shularga qaramasdan, ko`r-ko`rona 10 yil berilayapti”, -
deydi To`laganov.
Inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat Yevropa Ittifoqi va
O`zbekiston munosabati rivojlanishidagi asosiy to`siqlardan biri. Tomonlar bu
borada muloqot davom etayotganini ta`kidlaydi.
Yaqinda Toshkentda Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida
matbuot erkinligi bo`yicha tashkil etilgan xalqaro konferensiyada ham mustaqil
jurnalistlarga nisbatan keskin ta`qiblar mavjudligi aytilgan edi.
Anjumanda qatnashgan Human Rights Watch vakili Stiv Kraushau
Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi mamlakatda mustaqil jurnalistlarga
nisbatan ko`rsatilyotgan tazyiq namunasi ekanini ta`kidlab o`tgan.
Mahalliy faollar nazarida Solijon Abdurahmonov, keyinchalik
huquq himoyachisi A`zam Turg`unovning ham hibsga olinishi mamlakatda bir necha
huquq himoyachilari qamoqdan ozod etilgach kuzatildi.
Hukumatning inson huquqlari bo`yicha siyosati ayrim huquq
himoyachilarini qamoqdan ozod qilish, ular o`rnini esa boshqa faollar bilan
to`ldirishga asoslanayotgani ta`kidlanadi.
58 yoshli Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog'istonda inson huquqlari masalasini keng yoritib kelayotgan edi.
U avval “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari bilan
hamkorlik qilgan. Keyingi paytda “Uznews.net” axborot agentligining
Qoraqalpog`istondagi muxbiri edi.