Janubdagi qo’shni bu davlat O`zbekiston tomonidan xavotir
bilan kuzatib kelinadi. Sharhlovchilar fikriga ko`ra, prezident Islom Karimov
NATO sammitida ishtirok etganidan so'ng Afg’oniston masalasiga diqqat-e’tibor kuchaygan.
Urushni tugatish yo’lida qo’shni davlatlar bilan hamkorlik O`zbekiston tashqi
siyosatining muhim yo`nalishlaridan biriga aylangan.
O`zbekiston prezidenti Islom Karimov NATO sammitida ishtirok
etib qaytgach, mamlakat Afg`onistonga temir yo`l orqali noharbiy yuklar yetkazish
loyihasiga qo`shildi. Termizdagi aerodromdan foydalanishda NATO uchun
imkoniyatlar kengaydi.
Latviya prezidenti Valdis Zatlersning O`zbekistonga tashrifi
chog`ida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun hamkorlikni
kengaytirish muhokama qilingan.
O`zbekiston prezidenti NATO sammitida ko`targan tashabbusi,
xususan, “6+2” guruhini NATO ishtirokida “6+3” tarzida qayta tiklash masalasini
eslatib o`tdi.
O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan bu
tashabbus BMT yig`ilishida ham ta`kidlab o`tildi.
Ekspertlar Islom Karimovning bu tashabbusini ko`proq siyosiy
maqsadda qilingan bayonot deb baholagan edi.
Mazkur tashabbusdan qat’iy nazar Afg`onistondagi vaziyatni
barqarorlashtirishda O`zbekiston qo`shayotgan hissa munozarali baholanadi. Ayniqsa,
AQSh harbiy bazasi O`zbekistondan chiqarib yuborilganidan so`ng.
“Haqiqatan, Afg`onistonda vaziyat jiddiylashmoqda.
O`zbekiston bu borada hissa qo`shishi mumkin. Bir chetda turmasligi kerak
kuzatib. AQSh bilan aloqalar qanday rivojlanishidan qat’iy nazar. Afg`oniston
qo`shni davlat, u yerdagi barqarorlik birinchi navbatda O`zbekiston uchun muhim”,
- deydi siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov.
Mintaqa uchun xavf narkotik moddalari tranzitidan tashqari,
ekstremizm tahdidi kuchayishi bilan ham bog`liq.
Afg`oniston va O`zbekiston o’rtasida bevosita aloqalar AQSh
bilan harbiy hamkorlik rivojlangan paytda ancha muntazam kechgan edi. O`zbekistonlik
quruvchilar bir necha inshootlar qurilishida ishtirok etgan, iqtisodiy
munosabatlar ko`zga tashlanayotgan edi.
Afg`oniston shimolida, asosan, o`zbeklar jamoasi istiqomat
qilishiga qaramasdan, ikki o`rtadagi madaniy-ijtimoiy aloqalarda rivojlanish
bor deb bo`lmaydi. Munosabatlar ko`proq energiya savdosi bian bog’liq.
Afg`oniston o`zbeklari yetakchisi bo`lgan general Abdulrashid
Do`stum ham O`zbekistonda muhokamaga chiqmaydigan mavzulardan.
Sharhlovchi Komron Aliyev nazarida Afg`onistondagi
beqarorlik kuchayishida milliy masalalar ham muhim o`rin tutadi.
“Afg`onistonda pushtunlar, o`zbeklar va tojiklar
o`rtasida hamma vaqt qarshiliklar bo’lib kelgan. Pushtunlar markaziy hukumatda
rahbarlar bizdan bo`lishi kerak deb iddao qilib kelgan. Shimoliy alyans
qatnashuvida Afg’onistonda hukumat o`zgarib, Hamid Karzay hukumatga kelgan
bo`lsa, keyinchalik alyansning ayrim vakillari hukumatdan chetlatila boshladi.
Jumladan, mudofaa vaziri Fath chetlatildi. Shuningdek, general Do`stumning ham
ayrim imkoniyatlari cheklandi. Bu yerda hali millatlar o`rtasidagi qarshiliklar
masalasi to`g’ri hal etilgani yo`q”, - deydi sharhlovchi Komron Aliyev.
Ma`lumotlarga ko`ra, Afg’onistonda taxminan to`rt millionga
yaqin o`zbeklar yashaydi. O`zbekiston qo`shni davlat bilan ta`lim va madaniy
sohalarda aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta`kidlamoqda.