Prezident Bush Oq uyda Katta Yettilik davlatlarining
moliya mutasaddilari bilan uchrashib, jahon qimmatbaho qog'ozlar bozorini
qamrab olgan inqirozdan chiqish yo'llarini muhokama qilmoqda.
Global iqtisodiy tanazzulning oldini olish va
kapital bozorini jonlantirish uchun, sal avval dunyo markaziy banklari foiz
stavkalarini pasaytirgan edi.
Vashingtonda o'tayotgan yig'ilishda Yevropa
davlatlari, AQSh va Yaponiya kapital bozorini barqarorlashtirish hamda
sarmoyadorlar ishonchini tiklash uchun birgalikda harakat qilishga kelishib
olgan. Favqulodda uchrashuvda Katta Yettilik mamlakatlaridan nafaqat moliya
vazirlari, balki markaziy bank rahbarlari ham qatnashgan.
AQSh Moliya vaziri Genri Polsonga ko'ra, "birinchi
navbatda, banklarga qo'yilgan mablag' qaytarilishini kafolatlash uchun sug'urta
miqdorini oshirish hamda banklarning bir-biriga qarz berishini ta'minlash
zarur".
O'tgan bir necha kun ichida qimmatbaho qog'ozlar
bozorida aksiyalar bahosi keskin pasaydi. Moliyaviy tanazzul dunyoning har bir
burchagida aks-sado bermoqda, deydi iqtisodchilar.
Prezident Bushning aytishicha,
AQSh hukumati inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun qo'ldan kelgan barcha
chorani ko'rayapti. Xalqaro moliyaviy tizim barqarorligi ko'p jihatdan AQSh
iqtisodiyotiga bog'liq. Butun dunyo yalpi mahsulotining 25 foizi AQSh hissasiga
to'g'ri keladi.
Xalqaro Valyuta Jamg'armasiga ko'ra, moliyaviy
bo'hron Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoga ham ta'sir o'tkazishi aniq. Mintaqa
davlatlarida iqtisodiy o'sish sekinlashishi kutilmoqda.