Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyani terrorni
quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan chiqargach, rasmiy Pxenyan yadro
inshootlariga xalqaro inspektorlarni qayta kiritishga so’z bermoqda.
So’nggi bir necha hafta mobaynida Shimoliy Koreya
AQShni va’dabozlikda ayblab, BMT rasmiylarini plutoniy zavodlariga
yo’latmayotgan edi. AQSh diplomatlariga ko’ra yangi kelishuv intensiv
diplomatik muzokara mahsulidir.
Qo’shni Janubiy Koreya kelishuvdan mamnun. Rasmiylarining
aytishicha Shimoliy Koreya yadro dasturini yopish bo’yicha olti tomonli
muzokaralar qayta izga tushmoqda.
Yaponiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya va Rossiya
sa’y-harakati bilan Shimoliy Koreyaning asosiy yadro inshooti – Yongbyon
faoliyatini to’xtatishga deyarli kelishib olingan edi. Pxenyan atom dasturi
to’g’risida minglab sahifa ma’lumotni ham taqdim etgan.
Biroq Bush ma’muriyati “Shimoliy Koreyadan to’liq va
haqqoniy ma’lumot kutayapmiz, qilingan ishlarni esa sinchiklab tekshirish
zarur” degan. Pxenyan nazarida esa va’da bajarilgan, va AQSh mamlakatni
terrorizmni quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan allaqachon chiqarishi kerak edi.
Janubiy Koreya vakili Kum Suk kelishmovchiliklar hal
etildi deydi. “Shimoliy Koreya atom bobida boshqa davlatlar bilan
hamkorlik ko’lami, jumladan uranni boyitish dasturlari haqida to’liq ma’lumot
berishga rozi". Buning evaziga, Pxenyanga iqtisodiy yordam,
jumladan yonilg’i yetkaziladi.