So’nggi yillarda Markaziy Osiyo respublikalar bo’ylab
ko’p-xotinlilik oddiy holga aylana boshladi. Masalan Tojikistonda amaldorlar orasida qonuniy rafiqasidan tashqari ikki va uch ayolni saqlash
moda deb e'tirof etilmoqda.
Rasmiylar boshqa illatlar qatorida buni ham ochiq tan olmaydi. Cho'ntak ko'taradimi, demak, yana xotin olishga asos bor degan qabilda ish tutilmoqda.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon muassislik
qilayotgan “Bonuvoni Tojikiston”
jurnalida qayd etilishicha, respublikada 300 mingga yaqin ersiz ayol bor ekan.
Respublikada hozir 25 yoshdan o’tgan aksar qizlar yigit kishiga turmushga
chiqmoqni faqat orzu qiladi xolos.
Ularning ba’zilari esa kimgadir
ikkinchi xotin bo’lib yashashga ham rozi. Ammo bu kabi nikoh ko’pchilikdan sir tutiladi yoki ochiq muhokama qilinmaydi.
Bunday nikohlar sababini Rossiyada tadbirkor kishiga
uchinchi xotin bo’lib yashashga rozi bo’lgan Zebo ismli ayol iqtisodiy
qiyinchilikdan deb biladi.
“Rossiyada ko’loblik bolaga majbur uchinchi xotin bo’lib tegdim. U yerda
juda qiynaldim, uyga pul jo’natish kerak, ijara haqi to’lash kerak. Yeb-ichish
kerak, o’zimdan ortmay qoldi. Yilda bir marta Tojikistonga kelaman. Turmush
o’rtog’im meni tushunadi, yo’l kira haqlarini beradi, bolalarimni kelib ko’rib ketishga",- deydi u.
 |
"Tojikistonda ersiz qiynalib yashayotganlar
qonuniy tarzda ikkinchi xotin bo’lishlariga huquqiy asos yaratilsa yaxshi
bo’lardi. Xotinini boqa olsa, erkaklar 3-4 xotin olaversalar ham bo’ladi. Bu
narsa qonunlashtirilsa zo’r bo’lardi”,- deydi Zebo.
So’g’d viloyati qishloqlaridan biridagi xotin-qizlar qo’mitasi
raisasi Ermatoy Ibragimova esa tarbiyali qizlar albatta o’z juftini topib
ketishiga ishonadi.
“Avvalambor yaxshi ayollar hayotda qolib ketmaydi. Bizni ko’p erkaklarimiz
ikki xotinni boqa olmaydi.Oilani hozir xotinlar sudramoqda. Farzandni yaxshi
tarbiyalash kerak. Ikkinchidan yaxshi xotinni eri hech vaqt qo’yvormaydi.
Yaxshi erkakdan ham xotin ajralmaydi”,- deydi Ibragimova.
Nomini aytishni istamagan boshqa bir ayol respublikada qo’shxotinlilik qonuniy
tusga kiritilishi tarafdori ekanligini aytadi. Uning o’zi iqtisodiy qiyinchilik
sabab erining boyvachcha bevaga uylanishiga rozi bo’lganini yashirmaydi.
“Erimni mendan tashqari nikohda ikki xotini borligini bilaman. Bittasi katta
biznesmen. Xitoyga qatnaydi. Mashoyihlardan qolgan gap bor – “ Kundosh
kundoshga paxta otadi” degan. Juda qiynalib ketdim. Majbur endi, kudoshimnikiga
borib kirini yuvaman, ovqatini qilib beraman. Bizda ko’pxotinlilik qonuniy
tusga kiritilsa yaxshi bo’lardi deb o’ylayman. Chunki hammasi yashirincha emas,
ochiqchasiga, halol bo’lardi, tinch yashardik”,- deydi bu ayol.
Tabiiyki, o’z yorini birov bilan bo’lishishni istamaydigan ayollar juda ko'p. Lekin taqdirga tan berib, ona bo'lish umidida noqonuniy xotin bo'lishga tayyorlari ham kam emas.
"Men bu dunyoda so’qqabosh o’tganimdan ko’ra, hech bo’lmasa farzand istab
kundoshlikka rozi bo’lardim. Biz ham juftimizni topishimiz kerak-ku”,-
deydi 28 yoshli Gulro’ ismli qiz.
Xatlon viloyatilik boshqa bir ayol qo’shxotinlilikka rozilikni hayot uchun kurashning bir yo’li sifatida ko’radi.
U ham bu odat qonuniylashtirilishini xohlaydi.
Bu juvon fikrcha ersiz xotinlar bola boqishga qiynaladi. Uning o’zi ham majbur
bo’lganidan uchinchi xotin bo’lib yashashga rozi bo’lganligini aytadi.
“Xudoga shukur, endi bolalarimning qorni to’q, egni but”,- deydi u.