AQSh tashqi siyosatida musulmon davlatlar bilan
qanday aloqa qilish eng nozik masalalardan biri.
Mamlakatning tajribali
diplomat va jahonga tanilgan arboblari nazarida bo'lajak prezident islom
dunyosi bilan bog'lana olsa, ko'plab mojaro va nizolar barham topishi mumkin.
2001 yilgi terror xurujlari va 2003 yildan beri
Iroqda davom etayotgan urush AQSh va
islom dunyosi orasidagi taranglikni kuchaytirgan.
Musulmon jamiyatlarining aksariyatida AQSh
hukumatiga qarshi kayfiyat kuzatiladi. Terrorga qarshi e’lon qilingan urush –
islom diniga qarshi harakat sifatida talqin qilinadi.
Vashington qanchalik do’stona ruhda ish tutishga
urinmasin, arab ommasi, masalan, Oq Uyni musulmonlarga qarshi siyosatda
ayblaydi. Ayniqsa Isroil-Falastin mojarosiga kelganda, AQSh xolis emas, deydi
ular.
Vaziyat og’ir, Amerika bugungi siyosatidan voz
kechishi kerak, deydi taniqli arboblardan biri Deyvid Feyrman.
“Biz to’rt strategiya taklif qilyapmiz. Birinchisi,
mojarolarga diplomatiya orqali yechim topish. Ikkinchisi, musulmon dunyosida
fuqarolarning davlat boshqaruvidagi rolini faollashtirish. Diktaturadan voz
kechib, demokratik hokimiyat asoslarini yaratish va rivojlantirish. Uchinchisi,
ikki tomonga birdek foydali bo’lgan iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yish, ish
o’rinlari ochib, musulmon davlatlari bilan savdo aloqalarini tiklash. Va
nihoyat jamiyat va xalqlar orasida o’zaro hurmat va anglash tuyg’usini
shakllantirmoq lozim”, - deydi Feyrman.
Bu tashabbus AQShda prezident saylovlari
yaqinlashayotgan bir paytda o’rtaga tashlanmoqda. Prezidentlikka nomzodlar -
Barak Obama va Jon Makkeyndan bu takliflarni qabul qilish so’ralmoqda.
“Yangi saylanadigan prezident tashqi siyosatda bosh
maqsad etib musulmon dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashni belgilashi lozim.
Toki bu narsa lavozimiga kirgan kundan boshlab diqqat markazida tursin”, -
deydi tahlilchi.
Ushbu tashabbusni yoqlayotgan faol muslima, Shimoliy
Amerika Islom Jamiyati rahbari Ingrid Metsonga ko’ra, yangi strategiya
musulmonlarning AQShga nisbatan g’azabidan tushiradigan vosita bo’lishi kerak.
“Eng muhimi bu ommaviy axborot vositalari. Ya’ni
musulmon dunyosi AQShda qanday yoritilmoqda va shu o’rinda AQSh musulmon
dunyosida qanday qiyofaga ega? Ijobiy ruhdagi, g’arazsiz siyosatni targ’ib
qilmoq lozim. Avvalo hukumat emas, xalqlar bir-birini tushunib olishi lozim.
O’zaro muloqotni kuchaytiraylik”, - deydi Metson xonim.
Ahmad Yunus Gallup tadqiqot markazi
tahlilchisi. Musulmonlar o’rtasida so’rovlar o’tkazib turadi.
“Tavsiyalarni musulmon dunyosidan o’rgangan
fikrlarga asoslab tuzdik. Ya’ni AQSh ular ko’nglini olishi uchun, tashqi
siyosatida nimalarni o’zgartirishi lozim? Jamiyatlar bir-biriga yaqinlashishi
uchun yo’l ochish kerak”, - deydi u.
Mazkur hisobot, deydi tahlilchilar, AQSh xalqi
fikrini o’zgartirib, hukumatda islom dunyosiga nisbatan yangicha qarash
shakllanishi uchun xizmat qiladi.