Kelasi
yil Xivada ochilishi kutilayotgan ekspozitsiya AQShdagi Kauffman va Xivadagi Ichon Qal’a Muzeylari hamkorligida
yaratilmoqda.
Mennonitlar Xiva me’morchiligi, Turkistonda fotografiya
va kinematografiya rivojiga hissa qo’shgan qavm sifatida tilga olinadi.
Mennonitlar - XIX asrda Turkistonda, aniqrog'i, Xivada
yashab, tirikchilik qilgan, nasroniy va nemis kelib chiqishiga ega jamoa.
Mennonitlar nasroniylarning Menno Simons (1496-1561) degan faylasufi
boshlagan oqim bo'lib, bugun dunyo bo'ylab taqriban 1,5 millionni
tashkil etadi.
Yevropada tazyiqqa olingan bu insonlar keyinchalik Shimoliy Amerika va Afrikada qo'nim topgan. Injil ularning muqaddas kitobi va mennonitlar har bir nasroniyning asosiy vazifasi kamtarona hayot kechirib, xunrezlik va urushdan saqlanishdir deb hisoblaydi. Jamoa orasida zamonaviy turmush va texnologiyani rad etuvchilar ko'p.
Tarixiy kitoblarda mennonitlar Markaziy
Osiyoda xristianlikni targ'ib qilgan va Yevropa uslublarini tanishtirgan guruh deb ta'riflanadi.
AQShning Betel Kolleji (Bethel College) sobiq muallimi, hozir iste'foga chiqqan professor Jim Yanke (Jim
Junhke) deydiki, Xiva xalqi
xotirasida mennonitlar boshqa xislatlari bilan esda qolgan.
"Xivada qo'nim topgan nemislar qishloq xo'jaligi, duradgorlik va me'morchilikda juda ustamon bo'lgan. Xivada zamonaviy binolar
qurishda ularning xizmati katta. Masalan, pochta, maktab va kasalxonalar,
Nurullaboy saroyining parketdan ishlangan poli, naqshinkor eshiklari, jihozlar
menonitlarning ishi. "Zinger" (Singer) tikuv mashinalarini birinchi bo'lib Xivaga olib
kelganlar ham ular. Yangilik, islohot olib kelgani bilan ajralib turar edi bu
jamoa."
Mennonitlar XIX asr boshigacha Rossiyada yashagan.
1880 yilda rus podshosi Aleksandr II ularni harbiy xizmatga chaqiradi.
E'tiqodiga zid bo'lgan bu majburiyatdan qutulish uchun jamoa yordam so'rab
Turkiston general-gubernatori Fon-Kauffmanga murojaat qiladi. General
menonitlarni Turkistonga taklif qiladi.
"Xon Muhammad Rahimxon II ijozati bilan 200 kishidan
iborat nemislar jamoasi Xivada qo'nim topadi. Ular harbiy xizmatga bormaslik,
erkin e'tiqod qilish, maktablar ochish imkoniyatiga ega bo'ldi. Evaziga
mennonitlar xon xazinasiga soliq to'lab borardi. Ulardan ikkisi – Xerman Yansen
va Emil Raysen xon saroyida tilmoch va maslahatchi bo'lib ishlagan. Islom dini
hukmron yurtda nasroniylarga boshpana bergan Xiva xonining sahovati tahsinga
loyiq",- deydi professor Yanke.
Muhammad Rahimxon II o'z davri uchun juda ilg'or fikrlar
edi. Iste'dodli, ijod ahlini rag'batlantirgan, yangilikka intilgan arbob, kuy
bastalab, she'r yozgan xon juda murakkab davrda yashadi. Ayniqsa, hozir dunyo
xalqlari diniy adovatdan charchagan bir pallada xonning qarorini esga olish
muhim, deydi professor Jim Yanke. Nasroniy ajnabiylarni panohiga olish uchun
jasorat kerak bo'lgan.
"Chor Rossiyasi bilan murosa qilish ham oson bo'lmagan.
Rossiya istagan payt bosib, yanchib tashlashi mumkin edi. Xorijdan mehmon qabul
qilish kerak ekan, Feruz bu mehmon tinchlikparvar nasroniy nemis jamoasi
ekanidan xursand edi, fikrimcha. Bundan tashqari, menonitlar qo'li gul usta
bo'lib chiqdi. Ilg'or xonga astoydil xizmat qildi",- deydi professor Yanke.
Darvoqe, Turkistonda fotografiya va kinematografiya rivoji ham mennonitlar migratsiyasi bilan
bog'liq.
Nemis ruhoniysi va muallimi Vilgelm Penner Xudoybergan
Devonovga suratkashlik sirlarini o'rgatib, unga ilk fotokamerani sovg'a qilgan.
Devonovga rus tilidan saboq bergan ham Penner, deydi doktor Jim Yanke. Shundan
so'ng birinchi o'zbek kino operatori Devonov Moskva va Peterburgga safar qilib,
teleskop, grammofon, foto va kinoapparatlar olib keladi.
Xudoybergan
Devonovning operatorlik faoliyati rus kino san'atkorlari faoliyati bilan
deyarli bir vaqtda boshlangan.
Ichon Qal'adagi ko'rgazmaning ochilishi 2009
yilning bahor-yoz oylariga rejalangan. Ekspozitsiya boshida turgan inson –
Xivadagi muzey rahbari Ozod Karimov. U 2007 yilda Amerikadagi Kauffman Muzeyi
bilan bog'lanib, birgalikda loyiha boshlashni taklif qilgan. Shu yili Xorazmga
safar qilgan professor Jim Yanke va Kauffman Muzeyi xodimlari bu tashabbusni
ma'qullagan. Tez orada Xiva va mennonitlar haqida kitob bosmadan chiqishi
kutilmoqda.