VOANews.com

Amerika Ovozi▪ Uzbek Xolis axborot manbai

21 Noyabr 2009 

Bugun:

45 tilda xabarlar
Qirg'izistonda davlati tilini yaxshi biladigan jurnalistlar yetishmaydi


07/11/2009

[insert caption here]
O'tgan yilgi qonunga ko'ra, Qirg'izistondagi tele va radio dasturlarning 50 foizi qirg'iz tilida bo'lishi kerak. Tilchi mutaxassislar va mabuot xodimlari bu chora zarur ekanini tushunadi, ammo uni bosqichma-bosqich joriy etish kerak, deydi.
Qirg’izistonda yaqinda davlat tili haqidagi qonunning 20 yilligi nishonlandi.

Rasmiylar qirg’iz tili taraqqiyoti, uni keng qo’llash yo’lida ko’p ishlar qilinganini aytadi. 

Masalan, hukumat qarori bilan televideniye va radioda qirg’izcha dasturlar ko’paygan.

Ammo mabuot xodimlari til biladigan kadrlar kamligi, sifatli mahsulot tayyorlash uchun mablag’ yo’qligini ko’tarmoqda.

O’tgan yili qabul qilingan qonunga ko’ra, tele va radio dasturlarning kamida 50 foizi davlat tilida efirga uzatilishi kerak. 

60 foiz material TV-radio kompaniyalarning o’z mahsuloti bo’lishi kerak. Ushbu talablar e’tiroz uyg’otgan.

O’shdagi “MezonTV” (o’zbek, qirg’iz va rus tillarida ko’satuv uzatadi) boshlig’i Javlon Mirzaxo’jayev fikricha, ushbu hujjat ayrim qonunlar kabi “o’lik” holatda tug’ilgan.

“Davlat yoki xususiy telekompaniyalar hozirda mana shu qonunni bajarishi juda qiyin. Asosiy sabablar - davlat kerakli mablag’ ajratmayapti, qirg’iz tilini yetarli darajada biladigan kadrlar kam”, - deydi u.

Mahalliy “O’sh TV” (uch tilda faoliyat ko’rsatadi) rahbari Haliljon Xudoyberdiyev deydiki, zikr qilingan qonun Qirg’izistonga kerak. Qirg’iz tilida ko’rsatuvlar, eshittirishlar bo’lishi lozim. Ayni paytda ushbu qonun ishlashi uchun davlat shart-sharoit yaratishi darkor.

“Bu qonun 100 foiz bajarilishi uchun bizda qirg’iz tilidagi audio, video materiallar bo’lishi kerak, efirga muntazam uzatib turish uchun. Qirg’iz tilidagi badiiy filmlar, ko’rsatuvlar, multfilm, video-klip, musiqali eshittirishlar bizning arxivimizda yetarli emas”, - deydi Xudoyberdiyev. “20 soat efirga chiqamiz, shuning 10 soati davlat tilida bo’lishi kerak. Lekin bizda material yetarli emas-ku. O’z kuchimiz bilan biz davlat tilidagi mahsulotni kerakli sifat va darajada chiqarishimiz muammo”.

Rusiyzabon mustaqil jurnalist Svetlana Gaffarova nazarida ushbu qonunning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari mavjud.

“Ijobiy tomoni shundaki, ushbu qonun davlat tilining rivojlanishiga xizmat qiladi. Albatta, biz davlat tilini o’rganishimiz va bilishimiz kerak. Ammo davlat tiliga o’tishni tezlashtirish, masalan, boshqa millatlar ushun axborot maydonini toraytirgan”,- deydi jurnalist.

Gaffarova fikricha, Qirg’izistonda teleradiokompaniyalar qirg’izcha dasturlarini ko’paytirgan, faqat ularning sifati past. Bunga malaka va imkoniyatlar yetmasligi sabab.

Mutaxassislar so’zlariga ko’ra, qonundagi talablarni bajarish uchun shart-sharoit yo’q, uni bosqichma-bosqich kiritgan maqul. Mazkur taklif teleradiokompaniyalar tomonidan yil boshida aytilgan. Ammo mamlakat parlamenti tavsiyani inobatga olmagan. Hozir zikr qilingan taklif yana ko’tarilmoqda.

Javlon Mirzaxo’jayev davlat xususiy telekompaniyalarga ham moddiy yordam berishi lozim, deydi. “Davlat qirg’izcha mahsulot tayyorlashimiz uchun bizga o’z zakazlarini bersa, yaxshi bo’lar edi”,- deydi u.

“Shu yil bahorda parlamentda tinglovlar bo’ldi. Efirga uzatilayotgan barcha materiallar ko’rib chiqilganida, hech biri talab darajasida emasligi aniqlandi. Shuning uchun ana shu qonunga tuzatish kiritish taklif qilinmoqda. Masalan, har yili davlat tilidagi dasturlar foizini sekin-sekin oshirib, keyinroq 50 foizga ko’ratish kerak”,- deydi mutaxassis.

“O’sh TV” rahbari Haliljon Xudoyberdiyev fikricha, katta davlat telekompaniyasi tarkibida bir necha dublyaj studiyalari ochilishi shart.

“O’sha dublyaj studiyalari ko’rsatuvlarni qirg’izchaga tarjima qilib, tayyorlab, bizga arzon narxga sotsa, biz ularni efirga uzatamiz”, - deydi Xudoyberdiyev.

Qirg’izistonda davlat tilini tez sur’atlarda turmushning turli sohalariga kiritish tarafdorlari oz emas. Ayni paytda qator mutaxassislar bu masalada shoshilishga hojat yo’qligi va bu o’rinda puxta o’ylangan tadbirlar darkorligini ta’kidlaydi.


Sharh va izohlar:

Birinchi bo'lib munosabat bildiring.
 
Izohlaringizni yuboring.

Ushbu maqola yuzasidan fikr bildiring va biz uni saytimizda chop etamiz. E-mail adresingizni saytimizga chiqarmaymiz.












 
Fikr bildirayotganda barcha sharh va izohlar ko'rib chiqilishiga rozisiz Amerika Ovozi izohlaringizni tahrir qilishi mumkin. Barcha izohlarning chop etilishi kafolatlanmaydi. Amerika Ovozi o'z dasturlarida siz qoldirgan fikrdan foydalanish huquqiga ega. Qoida va shartlar.
E-mail This Article Xabarni jo'nating
Print This Article Bosma uchun
Comment on This Article Munosabat bildiring
  Bosh mavzu

  Boshqa xabarlar