Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Izlash

 
Vaziristonda pashtun va o'zbeklar o'rtasida qonli mojarolar


06/04/2007
Tahliliy lavhani tinglang audio clip
Tahliliy lavhani tinglang audio clip
Ko'rsatuvni tomosha qiling   video clip

Pashtun qabilalar
Pokiston shimoli-g'arbi- Vaziristonda qabilalar hukmron. Ular ajnabiy jangarilar, jumladan o'zbeklarni mintaqadan quvib chiqarishga bel bog'laganini aytmoqda.

To'qnashuvlarga ichki kelishmovchilik sababmi?

Afg’on-Pokiston chegarasida o’zbek jangarilari va mahalliy qabilalar o’rtasida shiddatli to’qnashuvlar kuzatilmoqda.

Qabilaviy mintaqa bo’lmish Vaziristonda Tolibon tarafdorlari deya tanilgan qabilalar chet elliklardan to’yganini va ularni quvib chiqarishga bel bog’laganini aytmoqda.

Vaziristonni qabilalardan boshqa hech kim, hatto Pokiston hukumatining o’zi ham nazorat qilmaydi. Vaziriston chet ellik jangarilar uchun panoh ekanini rasmiy Islomobod 2001 yilda tan ola boshlagan.

O’shanda Al-Qoida guruhi qatorida O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari ham shu yerga joylashmoqda degan xabarlar tarqalgan edi.

Pokistonlik tahlilchilarning aytishicha, harakat yetakchilaridan Tohir Yo’ldosh - Farruh Qori nomi ostida Vaziriston masjidlarida yaxshi tanilgan.

Fayz Rahmon
Fayz Rahmon                 Amerika Ovozi Urdu xizmati jurnalisti

"Vaziriston hamisha mojaroli, qaynoq nuqta bo’lib kelgan",- deydi Amerika Ovozi Urdu xizmati jurnalisti Fayz Rahmon.

 

"Mintaqa islom bayrog’i ostida kurashayotgan kishilarni o’z bag’riga olgan. Ularga uy-joy va non bergan. Pokiston qo’shinlari ularga qarshi kurashib kelardi. Bugungi kunda vaziyat ancha o’zgargan. O’radan yillar o’tib, jangari siyosati ham yangilangan va o’zbeklar mintaqa egalari pashtunlar bilan kelisha olmay qolgan". 

Pokistonlik jurnalist, “Tolibon” va “Jihod” kitoblari muallifi Ahmad Rashid deydiki:  

'Ahmad
Ahmad Rashid, jurnalist  "Tolibon" va "Jihod" kitoblari muallifi
"O’zbekiston Islomiy Harakati anchadan beri Vaziristonda qo’nim topgan. Biroq hozirga kelib, Vaziristondagi toliblar Pokiston hukumati bilan tinchlik shartnomasi imzolangan",- deydi Ahmad Rashid. "Bitim Tolibonga Pokiston hududida yoki undan turib Afg’onistonga va AQSh harbiylariga hujum qilishni man etadi. Lekin bunga ko’pchilik shubha bilan qaraydi".

Ahmad Rashid kabi tahlilchilar nazarida Vaziristonda qabilalarning hukumat bilan til biriktirgani Al-Qoida bilan aloqadorlikda gumon qilingan chet ellik, jumladan o’zbek, chechen va arab jangarilariga yoqmayotgan bo’lishi mumkin. Mayda-chuyda ichki nizolar ham endilikda katta to’qnashuvlarga sabab bo’lmoqda; jangarilar ichki hokimiyat uchun kurashmoqda deydi mintaqani yoritayotgan manbalar.

Ayrim tahlilchilar nazarida mojaro bo'rttirilib ko'rsatilmoqda

Vaziristonda o'zbeklar ko'p, kimdir jangari, kimdir esa halol mehnat qilib kun ko'radi.
Vaziristonda o'zbeklar ko'p, kimdir jangari, kimdir esa halol mehnat qilib kun ko'radi. Pashtun qabilalar o'zbeklarni, xoh afg'onistonlik, xoh o'zbekistonlik bo'lsin, birodar deb atab kelgan. Ba'zi tahlilchilar nazarida hozirgi to'qnashuvlar ichki kelishmovchilik bo'lishi mumkin.

Hozirgacha Vaziristonda 200 ga yaqin kishi o’lgani, ko’pchiligi o’zbeklar ekani ma’lum.

"Raqamlar bo’rttirilgan, Pokiston hukumati katta sonlar ko’rsatib, AQSh va Afg’oniston kabi uni tanqid qilayotgan tomonlarga, “Mana biz terroristlarni yo’q qilyapmiz” demoqchi",- deydi pokistonlik siyosatdon Said Farrux Hasnat.

"Xalqaro matbuotga qarab, voy, bu Pokistonda o’zbeklar faqat terrorchilar ekan deb o’ylaydi kishi. Jangarilar bor, Vaziristonga joylashib olgan, terror tashkilotlari bilan aloqadorlikda gumon qilinadi. Lekin bunda Pokistondagi jamiki o’zbeklarni nazarda tuta olmaysiz".

Said Farrux Hasnat Pokistonlik siyosiy tahlilchi
Said Farrux Hasnat Pokistonlik siyosiy tahlilchi

Said Farrux Hasnatning aytishicha, pokistonliklar o’zlarini tarixan o’zbeklarga, turkiy xalqlarga yaqin tutadi.

"Mening ota-bobolarim Buxoro sarhadidan kelgan turkiylar bo’lgan",- deydi Said Farrux Hasnat.

"Pokistonda minglab o’zbeklar bor. Ular tinchliksevar, halol odamlar. Ular hech kimning tinchligiga rahna solmayapti".

Vaziristonni chet elliklardan "tozalash" AQSh va Pokiston uchun ayni muddao

Vaziristonda bugungi kunda ayrim o'zbekistonliklarning ikkinchi avlodlari voyaga yetmoqda
Vaziristonda bugungi kunda ayrim o'zbekistonliklarning ikkinchi avlodlari voyaga yetmoqda
"Pokiston va AQSh hukumatining tili bir. Terrorga qarshi kurash shiori ostida har kimni terrorchi deb atash mumkin. Vaziyatga izchilroq qarash kerak. Oqni oq, qorani qora deng”, - deya fikr bildiradi siyosiy fanlar doktori Said Farrux Hasnat.

Olim fikricha Vaziriston masalasi O’zbekiston-Pokiston o’rtasida qaysidir darajada muhokamada,  “biroq bu hozirgi a’lo darajadagi munosabatlarga ta’sir o’tkazmaydi”, - deydi pokistonlik olim.

Jurnalist Fayz Rahmon ta’biricha ham xavfsizlik O’zbekiston-Pokiston o’rtasidagi asosiy masala. "Yaqinda Toshkentda kechgan muzokaralarda ham aynan shu narsa muhokama qilingan",- deydi u. 

O’zbekiston Vaziristondagi vaziyat haqida biror munosabat bildirmagan. 

Mutaxassislar nazarida Vaziristondan Markaziy Osiyoga olib boruvchi maxfiy, qadim yo’llar bor. O’zbek jangarilari bu yo’llarni yaxshi biladi va hozirda Vaziristondan qochayotganlar ham vatanga yo’nalayotgan bo’lishi mumkin.

Vaziristondan quvilayotgan o'zbeklar Afg'oniston orqali vatanga yo'l olayotgan bo'lishi mumkin, qadim, biroq maxfiy yo'llar orqali.
Vaziristondan quvilayotgan o'zbeklar Afg'oniston orqali vatanga yo'l olayotgan bo'lishi mumkin, qadim, biroq maxfiy yo'llar orqali.
"O’zbekiston va Qirg’izistondan chiqqan jangarilar azaldan bu yo’llardan qatnaydi. Ular haqida hech kim bilmaydi. Afg’oniston-Tojikiston orqalimi, Eron-Turkmaniston orqalimi, buni bilmaymiz. Haqiqat shuki, bu yo’llar bor va ular jangarilarga juda qo’l keladi",- deydi lohurlik jurnalist Ahmad Rashid.

Pokiston-Afg’oniston chegarasida turkiylar uzoq asrlardan beri yashab keladi, biroq o’zbekistonliklar asosan afg’on-Sovet urushi davridan, 1980-yillardan joylasha boshlagan.

Bugungi kunda ularni o’zbekistonlik emas, vaziristonlik deyishadi. Ularning ikkinchi avlodlari voyaga yetib, oila tebratmoqda; ularni ham jangari deysiz, ham qabilaviy tuzumda yashovchi oddiy avom, deydi biz bilan muloqot qilgan pokistonlik ziyolilar. Vaziristondagi o’zbeklar orasida afg’on o’zbeklari ham katta sonni tashkil etadi.

Xullas, deydi tahlilchilar, Vaziristondan o’zbeklar quvib chiqarilmoqda deganda faqat o’zbekistonliklarni nazarda tutish noto’g’ri.

Ham Markaziy Osiyo, ham Janubiy Osiyoga muhim tomoni shuki, o’lka notinch. Jangarilar bilan aloqasi yo’q omma jabr ko’rmoqda. Mintaqa bilan tanish mutaxassislar nazarida Pokiston-Afg’oniston chegarasi Tolibon qo’lida va Al-Qoida yetakchilari, jumladan Osama bin Laden va uning safdoshlari shu hududda yashiringan.

Ayrim manbalarga ko'ra arab jangarilar bir-birini birodar degan tomonlarni, o’z manfaati uchun, bir-biriga qarshi qayrayotgan bo’lishi mumkin. Qolaversa Pokiston hukumati chetdan turib, ajnabiylarni quvib chiqarish harakatini yoqlamoqda, quvvatlamoqda, deya xulosa qiladi tahlilchilar.

AQSh Vaziristondagi ahvolni idora etish Pokistonning ishi deydi va Vashington Afg’oniston bilan chegaradosh mintaqada ajnabiy jangarilarga qarshi mahalliy aholining bosh ko’tarayotganini olqishlamoqda. 

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Toshkentda kesilgan chinorlar xotirlandi

  Boshqa xabarlar
Eronda yadro inshootlari himoyasiga qaratilgan harbiy mashqlar
AQSh diplomati Jorj Krolning Toshkentga safari xulosalari
O'zbekistonda porasiz ish bitmaydi
AQSh universitetlarida o'zbekistonlik yoshlar ko'paymoqda
AQSh O'zbekiston bilan biznes va notijoriy hamkorlikka tayyor  Audio Clip Available
Afg'onistonda korrupsiya jilovlanmasa, hammasi behuda
AQSh Afg'onistonni qachon, qanday tark etish ustida o'ylanmoqda
Karzay qasamyod keltirar ekan, "korrupsiyani tugataman" deydi
Ajal makonlari Tojikistonda hanuz qarovsiz
Afg'oniston notinch ekan, Obamani murakkab qarorlar kutmoqda
Obama: AQSh va Xitoy raqib emas, yaqin hamkor bo'lishi kerak
Isroilning qurilishni kengaytirish qarori tanqid ostida
Rossiya Eron atom dasturiga nisbatan AQSh bilan bir fikrda
Korrupsiya umumbashariy illat bo'lib qolmoqda
Qashqadaryoda taniqli otin va uning shogirdlari qamoqqa olingan
Faol dehqon G'anixon Mamatxonovga ozodlik talab qilinmoqda
Pokiston AQShdan unga bosim o'tkazmaslikni so'ramoqda
Afg'on hukumati layoqatli ekanini isbotlashi lozim
Eron G'arbga tashviqotni kuchaytirmoqchi
Falastin BMT Xavfsizlik Kengashidan madad kutmoqda
AQShda terrorda ayblanganlarga o'lim jazosi so'ralmoqda
Tantilikmi yohud tantiqlik? Gulnora va Lola Karimova haqida mulohaza
Eronda internet ustidan nazorat yanada kuchayadi
Nyu-Yorkda o'zbek madaniy kechasi  Audio Clip Available