Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
O'zbekistonda fuqaro jamiyatiga umid bormi?


08/06/2007
Lavhani tinglang audio clip
Lavhani tinglang audio clip
Lavhani tomosha qiling   video clip

ngo
Siyosiy lug’atga ko'ra,  hukumatdan farqli o’laroq xalqning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti uchun; xalq huquqi va manfaati uchun xizmat qiluvchi tashkilotlar fuqaro jamiyatini hosil qiladi

Rivojlanayotgan davlatlarda fuqaro jamiyati degan tushuncha tez-tez tilga olinadi.

Xalqaro siyosiy lug’atlarga ko'ra, hukumatdan farqli o’laroq xalqning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti uchun; xalq huquqi va manfaati uchun xizmat qiluvchi tashkilotlar fuqaro jamiyatini hosil qiladi.

Ana shunday tashkilotlar O’zbekistonda, hukumat berayotgan ma’lumotga ko’ra, besh mingdan oshadi. Ular orasida chet el muassasalari ham bor.

Lekin, deydi mahalliy va xorijiy tashkilotlar vakillari, gap sonda emas, sifatda. Ular nazarida O’zbekistonda fuqaro jamiyati yo’q hisob.

Nohukumat tashkilotlar AQShda ikki milliondan oshadi. Rossiyada 400 ming. Hukumat qaramog’ida emasmi? Demak mustaqil, jamoatchilik muassasasi. Hukumat, xususiy sektor va xalqaro moliyaviy manbalar ajratgan pul hisobiga ishlaydi.

Marfua To'xtaxo'jayeva
Marfua To'xtaxo'jayeva O'zbekiston jamiyati va  xotin-qizlar hayoti xususida qator kitoblar va ilmiy maqolalar muallifi    
Toshkentda Ayollar Resurs Markaziga asos solgan, hukumat bosimi ostida uni yopishga majbur bo’lgan Marfua To’xtaxo’jayeva O’zbekistonda fuqaro jamiyati bor edi, endi yo’q deydi.   

“Chunki hozir faoliyat yuritayotgan tashkilotlar Sovet tuzumidagi tashkilotlarni eslatadi. Hohukumat tashkilotlar uyushmasi xuddi bir vazirlikka o’xshaydi. Jamoat tashkilotlari bo’yicha vazirlik”.

Bu “nohukumat” tashkilotlar aslida hukumatning temir panjasi ostida, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

“Biror tadbir bo’lsa, qatnashchilarning pasport nomerini ham yozib olishadi. Besh yil oldin, nohukumat tashkilotlar sal erkin bo’lgan paytda, odamlar tadbirlarga qiziqib kelishar edi, chunki ma’lumot olardi”,- deydi olima.

Axborot - bilim. O’zbekistondan quvilgan xalqaro tashkilotlar nazarida ular olib kirayotgan yangilik va ma’lumot Islom Karimov rejimini cho’chitib qo’ygan. Ayniqsa, Gruziya, Ukraina va Qirg’izistondagi rangli inqiloblardan keyin. Fuqaro jamiyati inqiloblarda muhim rol o’ynagan.

Robert Herman, Freedom House
Robert Xerman, Freedom House tashkiloti dasturlari direktori, nazarida O'zbekistonda respressiv boshqaruv hukmron biroq erkinlik va oshkoralikka umid so'nmagan
AQShda asoslangan Freedom House, ya’ni Ozodlik Uyi nomli tashkilot Andijon voqealaridan oldin - O’zbekistonda ishlasa bo’ladi, Karimov rejimi bilan til topishish mumkin, hukumat va jamoatchilik bilan birdek ishlaymiz - deya bong urayotgan edi. Tashkilot dasturlari direktori Robert Xerman (Robert Herman), "adashgan ekanmiz",- deydi.

“Har bir jamiyatda o’zgarishga intiluvchi kuchlar bor. Hukumat bilan muloqot boshlaymiz degandik. Islohotchilar har yerda topiladi. Xalq oldida javobgarlikni his qilish va oshkora ishlashni xohlagan kishilar bo’ladi. Afsuski, biz vaziyatni to’g’ri baholamagan ekanmiz. Lekin O’zbekistonda inson huquqi, xalq manfaati uchun kurashayotgan insonlar bor, ular mehnatini tan olish kerak”,- deydi Xerman.  

O’zbekiston hukumati esa xalqaro nohukumat tashkilotlarini noxolislikda, mablag’ deb xalq sha’nini bulg’ayotganlikda, O’zbekistonni tashqi dunyoda ko’r-ko’rona obro’sizlantirishga urinayotganlikda ayblaydi.

Freedom House dunyo bo'ylab huquq va demokratiya targ'iboti bilan shug'ullanadi. Tashkilot asosan AQSh tomonidan moliyalanadi. Biroq Freedom House hisobotlarida Markaziy Osiyo mamlakatlari singari AQSh ham huquq bobida keskin tanqid ostida.

Tashqi dunyo esa O’zbekistonda nima bo’layotgani bilan asosan xalqaro tashkilotlar, jumladan, huquq va demokratiyani targ’ib qiluvchi Freedom House, inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch, Xalqaro bo’hronlarning oldini olish bo’yicha ishlovchi tashkilotlar chiqaradigan nashr va hisobotlar orqali tanishadi.

Amerika hukumati O’zbekiston va qo’shni respublikalarga nisbatan siyosat belgilashda shu tashkilotlar tahliliga, maslahatiga tayanadi. Bu tashkilotlar qaysidir jihatdan xalqaro siyosat beshigini tebratadi.

“Matbuot erkinligi yo’q, xalq bemalol uyusha olmaydi… Biz jamoatchi faollarni ruhan va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlaymiz",- deydi Freedom House vakili. 

"Siyosiy faollik nima? Inson huquqi nima? Saboq berish va faollar malakasini oshirish - bizning vazifamiz. Davlatlar xalqaro maydonda ko’p bitim va deklaratsiyalarga imzo chekkan. Xalqni huquq, erkinlik va farovon hayot bilan ta’minlashni va’da qilgan".

Marfua To’xtaxo’jayeva fikricha esa mustaqil tashkilotlarsiz O’zbekistonda quyi qatlam ahvoli bilan hech kim qiziqmaydi.

Prezident Islom Karimov tashqi kuchlar O'zbekistonda rangli inqilob uyushtirishga urinmoqda deya qayta-qayta ta'kidlagan

“O’zbekistonda [matbuot] nazorat ostida. Nohukumat tashkilotlar pastda bo’layotgan voqealarga e’tibor qaratadi. Mana dehqonlarni oling: ularga o’tkaziladigan tazyiq, kredit olishning qiyinligi, mehnat pulini olishi qanchalik qiyin ekani… bular inson huquqining buzilishi emasmi”? 

Nohukumat tashkilotlarga mablag’ qayerdan kelishi doim savol ostida. Kim ularga nima uchun moliya beradi? O’zbekistonda ayrim fuqarolar tuzumga qarshi ig’vo uchun chetdan pul oladi deya sudga tortgan, moliyaviy tovlamachiliklarda ayblangan paytlar bo’ldi.

Oqibatda xorijiy tashkilotlar uchun O’zbekistonda ishlash qiyinlashdi. O’zbekistondagi xodimlarga maosh to’lash, dasturlarga qatnashchilar izlash, bank hisoblari … Adliya vazirligi, soliq boshqarmasi tekshiruvlar boshladi.

Rasmiy matbuot xorijdan grant, ya’ni moliya olganlarni davlat dushmanlari deya atashga tushdi. Muammo jamiyatda oshkoralik yo’qligida deydi xalqaro kuzatuvchilar. Ta’sis etildiki, har bir tashkilot ommaga moliya qayerdan va nima maqsadda kelishini bildirishi kerak.

fuqaro jamiyati
Odatda xalqaro tashkilotlar xalqlar bilan bog’lana olmaganlikda, til va madaniyatni tushunmay, quruq xulosalar qilganlikda ayblanadi.
Freedom House mablag’ni asosan AQSh hukumatidan oladi. Demokratiya targ’iboti bu davlat uchun juda muhim, biroq biz Vashington siyosatini targ’ib qilmaymiz, deydi Robert Xerman. 

"Biz mustaqil tashkilotmiz. Mablag’ xalqaro hamjamiyatga ayon maqsadlar uchun beriladi. Lekin tashkilot hech kimni, hech bir siyosatni ustun qo’ymaydi. Vazifamiz dunyoda erkinlik, huquq va demokratiya ahvolini kuzatish, o’rganish va baholash". 

Robert Xerman AQSh ham erkinlik va huquq bobida keskin tanqid ostida ekanini eslatadi. Freedom House chiqargan hisobotlarda AQShda erkinlik darajasi pasayayotgani aytiladi.

Tanqidni ko’tarish kerak, xulosa chiqarish kerak, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.  Xalqaro, nohukumat tashkilotlar salohiyatidan foydalanib, tizim va xalq hayotini mustahkamlasak bo’lmaydimi deydi deya so'raydi olima.  

“Matbuot erkin bo’lganda xalq bu tashkilotlarni tushungan bo’lardi. Jurnalistlar haqiqatni yoritib, bu tashkilotlar o’zi nima ekani haqida tushuntirgan bo’lardi. Boshqa iloj yo’q”.

Odatda xalqaro tashkilotlar xalqlar bilan bog’lana olmaganlikda, til va madaniyatni tushunmay, quruq xulosalar qilganlikda ayblanadi.

Markaziy Osiyo darvozalari xalqaro tashkilotlarga ochilganidan beri ularning xalqqa qancha nafi tegdi?

"Tashqi dunyo endi Markaziy Osiyo haqida yaxshiroq biladi. Unga qanday yordam zarurligini anglaydi",- deydi Robert Xerman. "O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston kabi  jamiyatlarda erkin fikrlovchi insonlar ko’paydi. Mintaqada respressiv hukumatlar hukmron, lekin kelajakka umid bor". 

O’zbekistonda va chet elda xalqaro nohukumat tashkilotlar va hukumatni birdek ayblaydiganlar ko’p. Yakkahokimlikka asoslangan tuzumlar bosim o’tkazadi, xalqaro tashkilotlar esa yopiq jamiyatlarda ishlashni har doim ham eplay olmaydi, deydi tanqidchilar. 

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Shu mavzuda
Nohukumat tashkilotlar tanqidga qaramay xalqaro siyosiy o'yinchilar audio clip
Nohukumat tashkiloti haqiqatdan no-hukumat tashkilotimi? audio clip
 
  Bosh mavzu
Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga sanksiyalari qisman amalda qoladi

  Boshqa xabarlar
AQShda saylovlar oldidan Internet eng qudratli axborot vositasi
Qo'shxotinlik amaldorlar orasida "moda"ga aylanmoqda
Tahlilchilar AQSh musulmonlar bilan ko'proq aloqa qilsin deydi
Ko'hna Xivada mennonitlar tarixiga oid ko'rgazma ochiladi
Kengash qilgan el ozmas, keng bichilgan to'n to'zmas
AQShning Shimoliy Koreya talabini qondirishi tanqid ostida
Davlatlar moliyaviy inqirozni hamkorlikda hal qilmoqchi
AQSh Shimoliy Koreyani qora ro'yxatdan chiqardi
Jurnalist Solijon Abdurahmonov 10 yilga qamaldi
O'zbekiston Afg'onistonga noharbiy yuk tashishda yordam beradi
Muhojirotdagi o'zbekistonliklar huquqiy himoya so'ramoqda  Audio Clip Available
Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan muloqotni kuchaytirmoqda
AQSh: Markaziy Osiyo kim bilan hamkorlik qilishni o'zi biladi  Audio Clip Available
17 nafar uyg'ur taqdiri AQSh appelyatsiya sudi ixtiyorida
Grin Karta lotereyasiga hujjatlar qabul qilinmoqda