Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
AQShda o'qishning past-balandi haqida o'zbekistonlik yoshlar fikri


10/06/2007
Lavhani tinglang audio clip
Lavhani tinglang audio clip

Indiada shtatidagi Batler Universiteti (Butler University) kichik turdagi, xususiy ta'lim dargohlaridan biri. (www.butler.edu)

Odamzotning tabiati qiziq. Qo’shnining uzumi shirinroq, tomi balandroq tuyuladi. O’qishda ham shunday.

AQSh universitetlarida tahsil olish afzalroq, jozibaliroq ko’rinadi odamga. Haqiqatan ham shundaymi?

Feruza Rahimova Indiana shtatidagi Batler Universitetida biznes sohasida o’qiydi. Magistrlik darajasi ustida ishlamoqda.

"Batler xususiy universitet. Talabalarning bu yerni tanlash sababi shundaki, universitetda oilaviy, do’stona muhit mavjud. Universitet kichkina bo’lgani uchun talabalar soni kam, hamma bir-birini juda yaxshi taniydi. Masalan, yirik universitetlarda bir guruhda 200 nafargacha talaba bo’lishi mumkin. Batlerda esa ma’ruzada 20 dan tortib, ko’pi bilan 100 tagacha student. Ya’ni domla har bir talabaga ko’proq vaqt ajratishi mumkin. Savolingiz bo’lsa, darrov javob olasiz”.

Nodira Isamiddinova moliya va biznes sohasi bo’yicha Indiana Universiteti talabasi.

“Leksiya paytida o’qituvchi bilan muloqot juda faol kechadi. Ya’ni darsda faqat domla emas, studentlar ham gapiradi. Yoki deylik, o’qituvchinikidan farqli fikringiz bo’lsa, uni bemalol aytishingiz mumkin. Domla buning uchun hech narsa demaydi”.

Amerika universitetlarida kechki soat 9-10 gacha ham dars o’tiladi deydi Feruza Rahimova.  

“Men Toshkentda Moliya Institutida o’qiganman. Soat 3-4 lardan keyin institutda hech kim qolmas edi. Eshiklar yopilar edi. Oxrannikdan boshqa hech kimni ko’rmas edingiz. Bu yerda esa kechki 9-10 larda kelib, ko’rsangiz, hamma joyda talabalar o’tiradi. Kutubxonada dars qilib o’tirishadi. Kechqurun ham domlalar ma’ruza o’qiyotganini ko’rasiz”.

Indiana shtatidagi Indiana Universiteti AQShning eng yirik ta'lim dargohlaridan biri bo'lib, unda taxminan 92 600 talaba o'qiydi (www.indiana.edu)
Aksariyat studentlar o’qish uchun o’zi to’laydi. AQShda talaba o’qishga kirgan zahoti o’ziga ish topib, pul topishga harakat qiladi.

“Juda ham ko’p o’qish bilan birga ishlashadi ham. Soatiga 6-10 dollar topishadi. Amerikada hamma, jumladan, talabalar ham soliq to’laydi. Lekin studentlar kam pul topgani sababli, yil oxirida davlat barcha soliqlarni qaytarib beradi”, - deydi Feruza Rahimova.

Vatanida faqat o’qishga borib kelib yurgan chet ellik talaba uchun AQShda ta’lim olish jiddiy sinov bo’lishi mumkin. 

“Bu yerda talabalar o’z hayotini mustaqil boshqara olishi meni hayron qoldirgan. Toshkentda Iqtisodiyot Universitetida o’qib yurgan paytlarimda darslarga borib kelar edim xolos. Bu yerda esa ko’pchilik ishlaydi, o’z vaqtini rejalashtirib, mas’uliyatni bo’yniga oladi”, - deydi Nodira.

Javobgarlikni his qila olish, erkin fikrlash, mustaqil bo’lish AQShga hayotiga xos narsa. Oregon shtatidagi jamoat kolleji talabasi Ulug’bek Boymurodov:

“To’rt yil davomida o’tilishi kerak bo’lgan fanlar bor. Talaba, deylik, tarix fanini yil boshida yoki yil oxirida, yoki umuman ikkinchi kursda o’qishi mumkin. Uning xohishi. Talaba dars jadvalini o’zi tuzadi. Masalan, professorlar har xil vaqtlarda dars o’tishi mumkin. Student o’ziga qulay vaqtini tanlaydi. Ba’zi talabalarda to’rt yillik o’quv dasturini tugatish uchun olti yil ketadi, ba’zilar uch yilda diplomni qo’lga kiritadi”.

Nodira Isamiddinova Indiana Universitetida matematika fanidan talabalarga repetitorlik qiladi. A’lo baholarga o’qigani uchun qator grant va moliyaviy yordamlarni qo’lga kiritgan. Batler Universiteti talabasi Feruza Rahimova Xalqaro talabalar bo’limida yordamchi bo’lib ishlaydi.

AQShda yashab, ta’lim olishning ijobiy va salbiy jihatlari haqida suhbatdoshlarimizning fikri qanday?

“Amerikada ham ishda, ham o’qishda umumiy tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish kerak. Mamlakatga endi kelgan odam Amerika jamiyati qanday tartiblarga ko’ra yashashini puxta o’rganishi lozim. Ovqat masalasida esa… O’zbekistonning ovqati menga ko’proq yoqadi albatta. Amerikada ovqatning sifati uydagiday emas, baribir”, - deya mulohaza qiladi Nodira Isamiddinova.

“Hamma AQShda yashash oson deb o’ylaydi. Kelasan, ishlaysan, oson pul topasan va hokazo. Vaholanki, ishlab, o’qimasang, hamma joyda natija bir xil bo’ladi. Amerikada menga yoqqan jihat – hech kim birovning nafsoniyatiga tegishni o’ylamaydi. Odamlar juda madaniyatli, bir-birini hurmat qiladi”, - deyid Feruza Rahimova.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Barak Obama Markaziy Osiyodagi vaziyat bilan tanishmoqda

  Boshqa xabarlar
AQSh Afg'onistonga yuk yuborishning muqobil yo'llarini izlamoqda
Rossiya Dumasi prezidentlik muddatini uzaytirdi
Qimmatchilik amerikaliklarni kasalxonalardan uzoqlashtirmoqda
Elektromobillar - yangi zamon ulovlari
Kongressda AQSh-Iroq bitimi muhokama qilinmoqda
Past iqtisodiy ko'rsatkichlar birjaga ta'sir qilmoqda
Solijon Abdurahmonov ishi qayta ko'rildi, ammo hukm o'zgarmadi
NATO Afg'onistonda qo'shinlar ko'payishini kutmoqda
Hindistonda Tibet ozodlik harakatining kelajagi muhokamada
Demokratlar: Respublikachi qonunchilar bilan hamkorlikka tayyormiz
G'arb va Yaqin Sharq adovatini tahlil qiluvchi yangi kitob
Yonilg'iga tashna Yevropa Markaziy Osiyoni ko'z ostiga olmoqda
O'zbekistonda kredit tizimi bor, ammo xalqqa nafi sezilmaydi
Dunyo bo'ylab iqtisodiy o'sish sur'atlari pasayib bormoqda
Inqiroz asoratlari: pul yo'q, xalq norozi, muhojirlar ishsiz
O'zbekistonda SPIDga oid ma'lumotlar sir saqlanmoqda
O'zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan chiqmoqchi