Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
O'zbekistonlik jangarilar xalqaro sahnada katta jumboq


13/09/2007
Lavhani tinglang audio clip
Lavhani tinglang audio clip
Tomosha qiling   video clip

O'zbekistonning Berlindagi elchixonasi
O'zbekistonning Berlindagi elchixonasi
Germaniyada terror hujumi rejalaganlikda ayblanib qo’lga olingan kishilarning o’zbek jangarilariga, Islomiy Jihod Ittifoqi degan guruhga aloqasi borligi gumon qilinmoqda.

Tergovchilarning aytishicha, bu guruh nafaqat AQShning Germaniyadagi harbiy inshootlarini, balki O’zbekistonning bu davlatdagi elchixona va vakolatxonalarini ham nishonga olmoqchi bo’lgan.

Germaniya Termizda harbiy bazaga ega. Bazadagi uch ming askar Afg’onistonda xizmat qiladi.

Tekshuriv davom etmoqda. Yangi ma’lumotlar, yangi taxminlar…

Tahlilchilar nazarida O’zbekiston Islomiy Harakati kabi diniy tuzumni tashviq qilgan kuchlar hozirda mo’rt bir holatda.

Biroq undan yangi guruhlar paydo bo’lgan. 

Jumladan Islomiy Jihod Ittifoqi, deydi musulmon jangarilari va terrorizm bo’yicha izlanuvchi, Angliyaning Kembrij Universiteti (University of Cambridge) doktoranti  Kristofer Svift (Christopher Swift).

Swift
Kristofer Svift                        Kembrij Universiteti doktoranti

"Terrorchi tashkilotlar tez-tez bo’linib turadi. Bilishimizcha, Islomiy Jihod Ittifoqi o’ta radikal ruhdagi musulmon jangarilardan tuzilgan. Ular oxirgi marta O’zbekistonda 2004 yilda qator hujumlarni amalga oshirgan va shundan beri yo’qolib ketgan edi. Juda kichik guruh",- deydi Svift.

Tahlilchi yurtma-yurt harakatlanadigan bu jangarilar markaziy boshqaruvga ega emas deydi. Markaziy Osiyoda jangarilar bir tashkilotga birlashmagan.

"Islomiy Jihod Ittifoqi kabi guruhlar Xamas yoki Hizbulloh singari hududiy va etnik kurash olib borayotgani yo’q. Ular mafkuraviy kurashchilar. Ular bir yerda asoslanmagan",- deydi olim.

"Bu kurashchilar biror geografik hudud tanlamaydi. Ularning a’zosi har yerdan, har millatdan. Masalan, Germaniyada tutilganlarning ikkisi islomni qabul qilgan nemis, biri turk. Madrid, Londonni portlatganlar ham bir jamiyatdan chiqmagan". 

Islom Karimov O’zbekistonda hokimiyatdan ketsa, beqarorlik vujudga kelishi mumkin deya ogohlantirayotgan International Crisis Group, bo’hronlarning oldini olish bo’yicha Brusselda asoslangan xalqaro tashkilot, azaldan Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm emas, repressiv siyosat xalq hayotiga rahna solmoqda deb keladi.

"Biz vaziyatni yaqindan kuzatuvchi tashkilot sifatida hech qachon Markaziy Osiyoda terroristlar yo’q demaganmiz",- deydi tashkilot vitse-prezidenti Jon Grinvold (Jon Greenwald).

Greenwald
Jon Grinvold                                    Xalqaro bo'hronlar bo'yicha tashkilot vitse-prezidenti

"O’zbekistonlik jangarilar hozir global terror tarmog’ida faoliyat olib borayotgani gumon qilinadi",- deydi Grinvold. 

"Bu juda tashvishli hol. Lekin mintaqa hukumatlari terrorchi guruhlar mavjud tuzumga tahdid solmoqda deganda, buni o’z foydalari uchun bo’rttirib ko’rsatyapti deb tahlil qilganmiz".

Xalqaro tashkilotlar O’zbekiston hukumati yetarlicha ijtimoiy-iqtisodiy erkinlik bermagani, imkoniyatlar yaratmagani uchun ham odamlar ekstremist kuchlarga ergashmoqda deya tanqid qiladi.

Hizb-ut-Tahrir tashkiloti mintaqada aqidaparastlik urug’ini sochayotganlikda  ayblanadi. Tahlilchilar fikricha, hukumatlar xalqni farovonlik bilan ta’minlay olsa, radikal diniy qarashlarni targ’ib qiluvchi tashkilotlar dunyoviy tuzumlarga bolta urolmaydi.

"Hizb-ut-Tahrir, diniy mafkuraga asoslangan tashkilot, lekin siyosiy kuchdek ko’rinadi",-deydi Svift. "Bu jangari tashkilot emas, ya’ni qurolli kuchga ega emas. Bu tashkilot xavf tug’dirmaydi deyayotganim yo’q. Lekin ularni terrorchi deb ta’riflash ortida rasmiy Toshkent, Moskva va boshqa hukumatlarning siyosiy manfaati yotadi. Bu hukumatlarning qarashini, menimcha, haqqoniy munosabat deya olmaymiz".   

Hamidov
Alisher Hamidov            Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti doktoranti
Xo’sh, bugun O’zbekistonda, qolaversa mintaqada odamlar dinga nisbatan, dinni bayroq sifatida ko’targan aqidaparast kuchlarga nisbatan qanday munosabatda?

Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan Alisher Hamidov yaqinda vatani Farg’ona vodiysida bo’lib qaytdi. Yosh tadqiqotchi fikricha, islom mintaqa hayotining bir qismi.

Odamlar unga o’zi istagan darajada sig’inadi va amal qiladi, deydi olim. Hamidov fikricha, xalq terrorizm hayotimizga xavf solmoqda deb yashayotgani yo’q, islom hayotimizni qanchalik yaxshilaydi deb o’ylanmoqda.

"Hozir O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikistonda jamoatlar degan yangi birlashmalar paydo bo’lgan. Mahalliy dindorlardan iborat, masjidlar bilan hamkorlikda tuzilayotgan kengashlar. Maqsad jamoatchilikka birgalikda yordam ko’rsatish. Farg’ona vodiysida bu jamoatlar keng olqishlanadi",- deydi Alisher Hamidov.

Rasmiy Toshkent bundan ancha xavotirda. Andijonda, deya eslatadi tadqiqotchi,  aynan puldor dindorlar hukumatga qarshi harakatlarda ayblanib sudlangan va bu jamoatchilikning qarshiligiga sabab bo’lgan edi.

Bu jamoatlarning a’zolari o’ziga to’q odamlar, tadbirkor va savdogarlar. Ularning fikricha, agar hamma islomga rioya qilsa, jamiyatdagi muammolar asta sekin o’z-ozidan yechimini topadi.  

Lekin bu kabi qarash, undash jamiyatni islomiylashtirish harakati emasmi? Diniy emas, dunyoviy tizimni ma’qul ko’ruvchi odamlarga bosim emasmi? 

"Diniy jamoatlarga nisbatan mavjud fikrlardan biri shuki, agar erkinlik bersangiz, bu dindorlar ertaga hokimiyatni egalashga urinadi. Ikkinchi fikr, agar bu dindorlarga demokratik jarayonlarga aralashishga yo’l berilsa, ular o’zgaradi va o’z yo’lida erkinlashishi mumkin",- deydi Hamidov.

O’zbekiston kabi davlatlarda hukumat biz islomni qadrlaymiz deya bong urarkan, deydi u, dindorlarga ham quloq tutmoq zarur. 

"Markaziy Osiyoda hukumatlar dinga hali ham “sovetcha” qaraydi. Eski qarashlarga asoslanib, siyosat yuritadi,"- deydi Hamidov. "Dindorlar, nohukumat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashgan holda ish yuritilsa, fikrimcha, ham hukumatga, ham uning siyosatiga nisbatan ishonch, hurmat oshadi". 

Mutaxassislar terrorizm insoniyat dushmani deydi. Ayniqsa bugun, ular nazarida, terrorchi guruhlar tartibsiz, yurtma-yurt, etnik jihatdan xilma-xil ko’rinishda harakat qilayotgan bir paytda.

Odamlar nega terrorizm, zo’ravonlik orqali maqsadga erishishni ma’qul deb topmoqda?

Terrorga qarshi kurash, deydi siyosiy tahlilchilar, har bir hukumatdan ana shu savolga to’g’ri javob topishni va xavfni bomba portlashidan oldin emas, inson ongi zaharlanishidan avvalroq bartaraf etishni talab qiladi. 

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Shu mavzuda
Markaziy Osiyo jangarilari yana jahon diqqatida
 
  Bosh mavzu
Toshkentda kesilgan chinorlar xotirlandi

  Boshqa xabarlar
Eronda yadro inshootlari himoyasiga qaratilgan harbiy mashqlar
AQSh diplomati Jorj Krolning Toshkentga safari xulosalari
O'zbekistonda porasiz ish bitmaydi
AQSh universitetlarida o'zbekistonlik yoshlar ko'paymoqda
AQSh O'zbekiston bilan biznes va notijoriy hamkorlikka tayyor  Audio Clip Available
Afg'onistonda korrupsiya jilovlanmasa, hammasi behuda
AQSh Afg'onistonni qachon, qanday tark etish ustida o'ylanmoqda
Karzay qasamyod keltirar ekan, "korrupsiyani tugataman" deydi
Ajal makonlari Tojikistonda hanuz qarovsiz
Afg'oniston notinch ekan, Obamani murakkab qarorlar kutmoqda
Obama: AQSh va Xitoy raqib emas, yaqin hamkor bo'lishi kerak
Isroilning qurilishni kengaytirish qarori tanqid ostida
Rossiya Eron atom dasturiga nisbatan AQSh bilan bir fikrda
Korrupsiya umumbashariy illat bo'lib qolmoqda
Qashqadaryoda taniqli otin va uning shogirdlari qamoqqa olingan
Faol dehqon G'anixon Mamatxonovga ozodlik talab qilinmoqda
Pokiston AQShdan unga bosim o'tkazmaslikni so'ramoqda
Afg'on hukumati layoqatli ekanini isbotlashi lozim
Eron G'arbga tashviqotni kuchaytirmoqchi
Falastin BMT Xavfsizlik Kengashidan madad kutmoqda
AQShda terrorda ayblanganlarga o'lim jazosi so'ralmoqda
Tantilikmi yohud tantiqlik? Gulnora va Lola Karimova haqida mulohaza
Eronda internet ustidan nazorat yanada kuchayadi
Nyu-Yorkda o'zbek madaniy kechasi  Audio Clip Available