Saylov siz uchun qanchalik muhim?
Nomzodlar haqida fikringiz qanday?
Siz saylovdan nima kutayapsiz?
Fikringizni telefon orqali bildirish uchun (202) 205 9942 raqamiga qong'iroq qilib, ovozdan so'ng 99 raqamini tering. "Amerika Ovozi" siz bergan raqamni terib, fikringizni yozib olishi ham mumkin. Ism-sharifingiz, istasangiz, sir tutiladi. Maktublarni dasturlarimizda havola etib boramiz.
Manzil: Uzbek Service #2347 Voice of America 330 Independence Avenue SW Washington, D.C. 20237 USA
Tel: (202) 382-5065, Fax: (202) 382-5074 uzbek@voanews.com
------------------------------------------------------------------
Tahririyat: Quyidagi fikrlar "Amerika Ovozi"ga tegishli emas. Muxlislardan kelgan maktublar aniq va ravon bo'lishi uchun ayrim grammatik va stilistik xatolar to'g'rilandi. Ism-sharif va manzil turli sabablarga ko'ra oshkor etilmaydi.
“Hech qaysi nomzodni tanimaymiz. Lekin o'zining cho'ntagini kamroq o'ylaydigan odam prezident bo'lishini xohlardim”.
“Qur'onda aytilgan "…o'z orangizdan bo’lgan amirlarga boysuning.." degan oyat o’zbeklar qoniga singib ketgan. Karimovni qo’llab-quvvatlash shundan kelib chiqadi”.
“Karimov qatnashadigan saylov atalmish marosim bir hiyla, omi kishilarni chalg`itishga qaratilgan bir o`yindir. Shuning uchun bu o`yin men uchun zarracha ahamiyatga ega emas”.
“Bizning universitetda Islom Karimov nomzodini qo'llab-quvvatlashga rozimisiz degan qog'ozga majburlab qo'l qo'ydirishdi. Agar saylov haqiqiy bo'lsa, men aniq ayta olamanki Karimov qayta prezident bo'lmaydi. Chunki o'zim guvoh - hech kim uni qo'llab-quvvatlashni xohlamaydi. To'g'ri, bizni siz uni saylaysiz deb majburlashmadi, lekin uning nomzodini qo'yishga roziman degan so'rovga majburlab qo'ydirishdi… Bu qanday demokratik davlat bo'ldi? Axir demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri ozchilikning ko'pchilikka bo'ysu'nishi emasmi? Hozirchi bitta Karimovga 26 million xalq bo'ysunayapti”.
“Men tushunmadim kimni yomonlayapsizlar? Endi 16 yilda shunchalik sekin bo’lsa ham rivojlanyapmiz. Birov qiyin deydi, birov adolat yo’q deydi. Shuni bilingki, O’zbekistonda yetarli imkonyatlar mavjud, lekin buni ko’rolmaydiganlar ham bor. Islom Karimov bo’lmaganida biz mustaqil bo’la olmasdik”.
“Men 23 dekabrda 100 foiz ovozimni Islom Abdug'aniyevich Karimovga beraman. Chunki boshqa odamning O'zbekistonni boshqarishga bilimi va hayotiy tajribasi yetmaydi. Iltimos, Amerikadagi o'zbek qochoqlar prezident haqida gapirganda o'ylab gapirsin”.
“O'zbekiston kelajagi yoshlar va boylar qo'lida”.
“Mening fikrimcha saylov natijalari hozirgi prezidentimiz hisobiga hal qilib bo’lingan”.
“Karimovning tizimi xalqning joniga tekkan. O’zbek fuqarosi sifatida ishonib aytamanki, xalqning 90 foizi Karimovning hokimiyatdan ketishini xohlaydi. Lekin xalq qo’rquv ostida, uning qo’lidan hech narsa kelmaydi”.
“Shu kunlarda Samarqandda bozorlar juda ham qimmat. Odamlar tirikchilik ko’rishga qiynalyapti. Och qolyapti. O’grilik qilishga berilgan”.
“Islom Karimov yana qaytib prezident bo'lmasligini xohlardim. Uning dastidan qanchadan-qancha boyliklarimiz yo’q bo'lib ketmoqda. Har yili qanchadan-qancha bug'doy, paxta olinadi. Birgina Qashqadaryoni olsak, taxminimga ko'ra, Qashqadaryoning o'zi O’zbekistonni 1-yillik noni, ya’ni bug'doyini yetishtirib beradi. Qolgan viloyatlarning yetishtirib berayotgan mahsulotlari-chi? Ular qayoqqa ketyapti? Odamlar ish izlab chet ellarga ketmoqda. Bir emas ikki akam Rossiyada. Adam Qozog'istonda”.
"Karimov qatnashadigan saylov atalmish marosim bir hiyla, omi kishilarni chalg'itishga qaratilgan bir o'yindir. Shuning uchun bu o'yin men uchun zarracha ahamiyatga ega emas. Undan, bu o`yindan hech narsa umid qilib bo`lmaydi. Bu o`yinda qatnashish esa Karimov nomzodiga ovoz berish va uning hiylasini qonunlashdan iborat bo`lib, zulmkorning millatga o`tkazayotgan jabr-zulmiga sherik bo`lish bo`ladi".
"Men xohlardimki, hurmatli janob Karimovning o'zlari o'rinlarida qolsinlar. Chunki O'zbekistonni obod qilgan o'sha kishi... Men hayronman, nega odamlar noshukurlik qilishadi? Qashshoq bo'lsa, u kishi aybdordek. Men O'zbekiston kelajagi janob Karimovga qolishini istardim".
“Hech kim Islom Abdug’aniyevich Karimovga qarshi yo'l tuta olmaydi. Bunga faqat yaratgan qodir deb bilaman. Qolgan ishlar foydasiz”.
"Kelayotgan saylovlarda prezident o'zgararmikan? Saylovda yangi prezident saylay olarmikanmiz? Kuchli boshqaruvchi bo'laman degan odam elning dardini eshitishi kerak. Elning hurmatiga sazovor bo'lishi kerak... Nima ham qila olar edik? Ko'p narsa O'zbekistonda qolgan yoshlarga bog'liq. Nima bo'lsa ham o'zgarishlar bo'lishi shart. Hammaga sabr-toqat tilayman".
“Saylovning haqiqiy bo'lishiga shubham bor, ayniqsa bu saylovda Karimov ishtirok etishini bilganimdan keyin. Demak, Karimovning viloyatlarga safari saylovoldi kampaniyasi bo'lgan. Qoyil, boshqa gap gapirishga til ojiz. Yagona yo'l bu chet davlatlariga ko'chib ketish”.
“Bizga yoshroq, xalqparvar va ko’zi "to'q" yo’lboshchi kerak. O’zbek xalqi rivojlanishi kerak. Bizning hozirgi ahvolimiz sharmandalik… Ayniqsa tashqaridan qaraganda. Saylov haqqoniy o’tishi tarafdorimiz”.
“Saylov nima o’zi? Bu so'z o'zbeklar uchun oddiy bir so'z xolos. Uni o'zbeklar his qila olmaydi, xohlaganda ham bunga yuqoridagilar yo'l qo'ymaydi. Chunki bu siyosat faqatgina ular uchun va ularning foydasiga hal bo’ladi. Tizim allaqachon achib bo'lgan. Baliq esa boshdan sasiydi. Bu tizimni yangilash o'ta mukammal ish. Karimov o'z nomzodini yana qo’yar ekan, tizim o'zgarishi xuddi tushdek armon bo’lib qoladi”.
"Karimovni hamma narsa qo’lidan keladi deya tashviq qilish yaramaydi. Uni quruq yomonlash bilan ish bitmaydi. Qaysi nomzod prezident bo’lishidan qat’iy nazar shaxsiy manfaatini birlamchi qo’ysa, u nomzod ham oxir oqibat Karimovdan boshqacha bo’la olmaydi. Fikr juda ko’p, lekin kimga naf? Eng asosiysi xudodan umid qilyapmiz. Xudo o’zing bu zolimni qo’lidan xalqimizni, bola-chaqamizni, og’a- inimizni, aka-ukamizni, sizlarni, bizlarni qutqar deb duo qilayapmiz. Sababi shuncha harakat qildik. Qo’limizdan nima kelayapti? Katta derjavalar ham uning oldida ip esha olmaganini ko’rayapmiz".
"Saylovda haqiqiy prezident saylanadi degan umiddamiz. Xalqparvar, rivojlanish tarafdori bo’lgan yo’lboshchi".
“Men Islom Abdug’aniyevich Karimovga ovoz beraman. Hammani shunga chorlayman. Amerika o'z yo'lidan, O'zbekiston o'z yo'lidan ketgani ma’qul”.
“Saylov?! Afsuski bu navbatdagi katta "Teatr" xolos... Mening ba'zi taxminlarim bor: 1) Karimovning qizi Gulnora Karimova [nomzod] bo'lishi mumkin… Juda "epchil" ekan, qayerga nigohi tushsa, o’sha yer uniki bo'layapti. 2) Karimovni o'zi senatda qolib boshqaruvni o'z usulida davom ettiradi va yangi saylangan "prezident", agar uni shunday deb atash mumkin bo'lsa, [Karimovning] qo'g’irchog'i bo'ladi xolos. O’zbek mardikorlar esa dunyo bo’ylab sayohatini davom ettiraveradi”.
“Xalq o’z huquqiga ega bo’lish uchun o’zi nima qilayapti? Nima qila oladi? Hech narsa. Karimov bor ekan, o’zbek xalqi qashshoq bo’lib o’tiraveradi. Yangi avlod buzilib ketgan. Hayolida faqat pul. Odamgarchilik qolmadi. Pul bu obro'… Xalqimizning bunaqa mentalitetga ega bo’lishiga kim aybdor? Albata hukumat. Ish bo’lmasa, bilim o’sha o’sha bo’lsa… Xudodan so’rab qolamanki, o’zbek xalqiga rahmi kelsin. Bunaqa mehnatkash xalq dunyoda yo’q. Bunaqa sabrli xalq yo’q! Shuncha qiynalgani yetar endi. Shuncha tishini tishiga qo’yib sabr qilgani yetar"?
“Men Turkiyada yashayotgan bir o’zbekman. O’zbekistondagi vaziyatdan [tashvishdamiz]. Chunki hamma qochayapti. O'lkada ishlar sizlar tashqaridan ko'rgandan ham yomon”.
"Yosh avlodimiz o'lib bo’ldi. Hayoli buzilgan, hayol faqat pulda. Buguni bilan yashaydi, ertani o’ylamaydi. Bularning hammasiga kim aybdor? Albata hukumat, chunki shunga bizni majbur qilib qo’ydi. Boshqa ilojimiz qolgani yoq. Xudoga shukur qilaman, o’zbek xalqi juda sabrli, tilla xalq! Mehnatkash! Bizga xalqimizga vafodor, sodiq va xalq bilan birgalikda ishlaydigan prezident kerak. Unaqasi yo’q bo’lsa, unda Karimov qolaversin. Chunki uning o’rniga, xudo biladi, bundan besh battari kelishi mumkin”.
"O’zbekistonda saylov haqqoniy bo’lishiga 100 foiz ishonmayman. Mendan oldin xat yozganlar to’g’ri yozishibdi. Biz baliq ham emas, chuvalchangmiz. Karimov 16 yildan beri prizident. Unga qo’yib bersa umrining oxirigacha boshqaradi. Qachon biz ham haqiqiy demokratiyani his qilamiz”?
“Aslida hamma mo'jiza kutadi-yu, lekin charchadik! Munajjimlik qilishdan Olloh saqlasin-u lekin [saylovda] o'sha eski toz, e'ski hammom bo'lishi taxmin qilinmoqda! To'g'risi, oldin qo'y e'dik, baliq bo'ldik. Endi esa chuvalchangga qiyoslashsa ham xafa bo'lmaymiz... Chunki chuvalchangni ikkiga bo'lib tashlasa ham yurishda davom e'tadi. Bechora o’zbeklarni mingga bo'lib, miltiqlardan otib tashlasa ham Karimov baraka topsin deb o'tiraveradi”.
“Men Karimovning o'zi bo'lishini xohlardim. Chunki atrofda korrupsiya, yana har xil balo-battarlar ko'p… Bundan keyingi "ota"miz bunisidan battar bo'lishi ham mumkin, ammo Karimov qoladigan bo'lsa O'zbekiston qanday ahvolga tushishini tasavvur qilyapman”.
“Nihoyat saylov haqida eshitganimdan juda xursandman. O'zbekiston fuqarosi sifatida saylov haqida qachon gap bo'lar ekan deb yilning boshidan beri kutaman. 23 dekabrda bo'ladigan prezident saylovi men uchun juda katta ahamiyatga ega... Islom Karimov yana o'z nomzodini qo'yadi deb qo’rqaman. Bundan tashqari, nomzodlar kimligini bilmaymiz… Bu ham mayli, oddiy fuqarolar saylov haqida gap bo'lganligidan bexabar. Saylov kampaniyalari boshlandi deb jar solishyapdi-yu lekin kampaniyadan darak yo'q. Bu esa demokratiya qani degan savolni berishga majbur qiladi".
"Islom Karimov "janoblari"ning o'zlari aytganidek "Elim deb, yurtim deb yonib yashash kerak" degan gaplarga amal qilib davlatni boshqaradigan bir kishi kelishini xohlardim. Menimcha, bu saylov ham oldingilaridek maynavozchilik bilan o'tadi".
“O'zbekiston xalqidan hatto fikrlashni ham olib qo'yganlar! 2004 yildagi saylov natijalari chet ellik kuzatuvchilariga yetkazilganda, ular hayratdan og'iz ochib, hatto buni aytganlardan xafa ham bo'lganlar. Aniqrog'i, tasavvur qila olmaganlar. O'zbekistondagi vaziyat boshqa mamlakatlarga qaraganda butunlay boshqacha. Bu yerda butun boshli xalqni tarixdan o'chirishga asoslangan rejaga ko'ra ish ketyapti. Shuni yuqoridagi siyosatchilarga yetkazib qo'yishlaringizni so'rardim”.
"2007 yil dekabr oyi o’zbekistonliklar uchun muhim sana. Chunki bu kunda biz o’z prezidentimiz nomzodi uchun ovoz beramiz. Xo’sh, prezidentlik saylovlari adolat prinsipiga tayanadi-mi yoki yo’q? Menimcha yo’q… Chunki Karimov saylov kampaniyasi oldidan biror bir ommaviy axborot vositalari oldida O’zbekiston fuqarosi sifatida hech qanday fikr bildirgani yo’q..."
"Yaqinda Karimov rasmiy safar bilan Jizzah va Sirdaryo viloyatlariga tashrif buyurgan. Bu go’yoki saylovlar oldidan saylovchilar bilan uchrashuv… Karimov har bir saylov oldidan o’z xalqini “o’ylab” ijtimoiy siyosatni “bayroq”sifatida olg’a suradi. Men xalqni hushyorlokka, saylovda o’z nomzodiga ovoz berishga, ayniqsa saylovga befarq qaramaslikka chaqiraman. O’sha bir kun butun bir xalqning farovonlikda yashashi yoki diktatura rejimi ostida faqirlikda yashashini [hal qiladi]".
"O'zbekiston 2000 yildan beri og’ir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayapti. Islom Karimov yo’l qo’ygan xatolar tufayli O’zbekiston qashshoqlar, ishsizlar mamlakatiga aylanib qolgan. Har yili millionlab o’zbekistonliklar ish izlab boshqa mamlakatlarga chiqib ketadi va ularning soni ortsa ortyaptiki, kamaymayapti..."
"1991 yilda mustaqillikka erishgan O’zbekiston oradan 15-16 yil o’tib Karimovning "buyuk ishlari” tufayli Rossiyaning deyarli yarim mustamlakasiga aylandi qoldi. Karimovning yana saylanishi O’zbekiston kelajagiga ziddir, bu umuman kelajak avlod manfaatlarini yer bilan bir qilish bilan barobar. Shu sababli kutilayotgan saylov O’zbekiston tarixida dolzarb voqea bo’lishi kerak edi. Biroq ming afsuski, 23 dekabrda o’lib o’tadigan saylov hech narsani o’zgartirmaydi. Prezident ham, uning siyosati ham o’sha-o’shaligicha qoladi..."
"O’zbekistondagi saylovlar siyosiy komediyadan boshqa narsa emas. Janob Karimov saylovlarga yaqin 1999 yilgi kabi provakatsiya uyushtirishi ham mumkin. “Ekstremizmga qarshi kurash” Karimovga hokimiyatni umrbod qilib olish uchun yana niqob bo’lib xizmat qiladi. Lekin shunga qaramasdan barcha fuqarolarni siyosiy faol bo’lishga chaqiraman. Saylovda o’zlari ma’qul topgan muxolifat nomzodiga ovoz berishlari kerak. Yetar shuncha Karimov istibdodiga chidaganimiz. Agar saylovda janob Karimov nayrang ishlatadigan bo’lsalar, O’zbekiston ahlini saylov natijalarini boykot qilishga va respublika miqyosida poytaxtga yurish qilishga chaqiraman... Nima bo’lmasin demokratik saylovlarni kutib qolamiz".
"O'zbekiston...yurtim...vatanim...hatto urush vaqtida ham yuzlab- minglab xorijliklarni o'z bag'riga olib to'ydira olgan ona diyorimda bugun o'zbek xalqi faqat non yeb kun kechirishga va ertaga nonni ham sotib ola olmaydigan aziyatlarga kelib qoldi....".
"Saylovlar bundan oldingilari singari g'irt maynovozchilikka aylanadi deb o'ylayman, ammo buni hech ham istamasamda".
"Nomzodlarga kelganda hali to'liq ko'rsatilmagan, bir tomondan tashabbuskor guruhlarning nomzodlarini fikr mulohazalarini Amerika Ovozi sayti orqali tanishib kelyapman. Ularga munosabatim ijobiy. Partiyalarga kelganda bilmadim hali nomzodlar ko'rsatilsin. Men saylovdan nima kutyapman? Saylovdan birinchi o'rinda haqiqiy demokratiyani, so'z erkinligini, siyosiy-huquqiy erkinlikni lekin birinchi o'rinda tinchlik-totuvlikni kutyapman. Hozir ham tinch-totuvmiz, lekin xalqni ahvolini o'zingiz yaxshi bilasiz. Siyosiy tizimdan qo'rqib yashashadi, chunki ozining huquqini konstitutsiyadagi huquqlarini bilmaydi... Barcha nomzodlarga teng huquqlar berilishini istayman".
"Albatta O'zbekistonda prezident saylovlari bo'lgani yaxshi, lekin birinchi qo'yilgan qadam yaxshiroq, ya'ni Prezidentimiz I.A.Karimov o'z lavozimida qolgani yaxshi. Saylovda qatnasha olmasamda men I.A.Karimovning nomzodini qo'llab - quvvatlayman. Albatta nomzodi qo'yilmasada o'z fikrimda qat'iy turaman. Lekin baribir qonun ustun na iloj".
"Men Islom Abdug'aniyevichning yana prezident bo'lishini xohlayman".
"Meni bu saylovdan umidim katta lekin saylov demokratik ko'rinishda o'tishiga ishonmayman. Meni qiziqtirayotgan narsa Karimov qanday yo'l bilan taxtda qolishi. Nomzodlar haqida biror narsa deyishim qiyin. Sababi ular ism-sharifi va ayrim ma'lumotlardan boshqa hech narsa menga ma'lum emas. Hech kimga sir emas O'zbekistonda nafaqat ommaviy axborot vositalari va [Internetdan] ham ma'lumot olish imkonyati cheklangan. Men ayni paytda ollohdan so'rayotgan yagona tilagim kim bo'lsa ham xalq uchun o'zbeklar uchun fidoiy inson taxtga kelishi. Aynan bitta insonni ko'rsata olmayman. Sababi yuqorida aytganimdek nafaqat men, menimcha, boshqalar ham biron kishini ko'rsata olmasa kerak".
"Bu prezidentlik saylovi albatta bo'lishi kerak va haqqoniy bo'lishi kerak. O'zbekiston Respublikasi fuqarolari o'zlarining jonkuyar prezidentiga ega bo'lishi kerak".
"O'zbekiston respublikasi fuqarosi sifatida bo’lajak saylovlarga befarq emasman. Biroq ko’plab o’zbekistonliklar saylovlar ijobiy natija berishiga ishonishmaydi va unga jiddiy e’tibor berishmaydi. Barcha rivojlangan mamlakatlarda saylovlarga, ayniqsa prezidentlik saylovlariga alohida e’tibor qaratilsa, O’zbekistonda ahvol butunlay boshqa. Fuqarolar hatto nomzodlar haqida umuman eshitishmagan yoki deyarli tasavvurga ega emas. Nazarimda saylov kuni ham shu sustkashlik davom etadi, chunki bundan biror naf chiqishiga ular ishonishmaydi".
"Bu galgi saylovlardan umidim katta, ulardan keyin o’zgarishlar, aynan ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga ishonaman, biroq bunga qancha muddat talab etiladi, bunisi menga qorong’u. Mening bir yaqin insonim beasos ayblangan va hozirda siyosiy mahbus sifatida O’zbekiston turmalaridan birida jazo o’tamoqda... Bu kabi noqulay siyosiy ahvol qurboniga aylangan insonlar taqdiriga kim javobgar"?
"Agar har bir og’iz so’z ta’qib qilinaversa, erkin demokratik jamiyat qurish haqidagi rejalarimiz nima bo’ladi? ... Adolatsizliklar, noroziliklar haqida ko’p gapirishimiz mumkin, hattoki muammolar har bir jamiyatda, har bir tuzumda bo’lgan va bo’ladi deydiganlar ham topiladi. Biroq bizning vazifamiz shu muammolarni ijobiy yo’l bilan hal etish emasmi? Umid qilamanki, bo’lajak saylovlar mamlakatimiz hayotida jiddiy burilish yasaydi va kelgusida yangi davlat rahbari oqilona, adolatli siyosat yuritadi. Vakolat muddati nihoyasiga yetgan rahbarning ba’zi xatoliklari hokimiyat tepasiga kelgan keyingi rahbar tomonidan tuzatiladi".
"Assalomu alaykum! Men saylov haqiqatga ko'ra amalga oshishini istardim. Lekin [Islom Abdug'aniyevich Karimov] bor ekan, bu hech qachon bo'lmaydi. Hozirgi nomzodlar esa IAKning navbatdagi jon talvasasidagi bechora qurbonlardir. O'zbekistonning kelajagi, agar porloq bo'lsa, Alloh biror fidoyini yetkazadi..."