Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
Alisher Soipovni uning hamkasblari xotirlaydi


25/10/2007
Alisherni Xotirlab (qisqa)   video clip
Alisherni Xotirlab   video clip
Alisher Soipovning Vashingtondagi hamkasblari audio clip
Alisher Soipovning Vashingtondagi hamkasblari audio clip

Alisher Soipov

Alisher Soipov o’zining 26 yillik umrida insoniyatga jasurlik, talabchanlik, xolislik, iymon va vijdoniylik, odamlarga va kasbga nisbatan ishonch va muhabbat, fidoiylik va haqiqat uchun kurash dunyodagi eng yuksak maqsad ekanini isbotlashga ulgurdi.

"Amerika Ovozi" bugun chuqur qayg’uda. Taxminlar bir dunyo, ammo Alisher Soipovning yosh joni kimga kerak bo'lganini tushunish, alamga to'la yurakka taskin topish mumkin emas.   

"Amerika Ovozi" rahbariyati Qirg’iziston hukumatidan fojiani batafsil tergov qilishni va qotillarni topishni so’ramoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi, Freedom House- Ozodlik Uyi tashkiloti va boshqa yana ko’plab jurnalistik, inson huquqlari bo’yicha tashkilotlar, faollar va erkinlikni targ’ib qiluvchi markazlar - hamma Alisher Soipov o’limi ortidagi sabablarni bilish istagida. 

AQShning Qirg'izistondagi elchixonasi Qirg’iziston hukumatiga jinoyatni fosh etish  talabini qo’ymoqda.

Hamidov
"Alisherning ochiqso'zligi, hech kimdan qo'rqmasdan haqiqatni xalqqa yetkazganligi, menimcha, ko'p odamlarga, ayniqsa xavfsizlik xizmatlariga yoqmagan",- deydi Alisher Hamidov, jurnalistning do'sti. 
"Amerika Ovozi" bir so'z bilan aytganda yulduzidan ayrildi. 

Alisher nafaqat kuchli jurnalist, balki Farg'ona vodiysining asl o'g'loni edi.

Alisher Markaziy Osiyo faxrlansa arziydigan, xalqi uchun jon fido qilishga tayyor, haqqoniy va juda kamtarin inson edi.

"Hayotdan maqsadim butun insoniyatga xizmat qilish",- derdi u.

Alisher "Amerika Ovozi"ga 2001 yildan beri ishlab kelgan. O'zbek xizmat mudiri Javdat Sayhon Alisherni nafaqat yaqindan biladi, balki uning ijodiy kamolotini kuzatgan kishilardan biri. 

"Alisher bilan O'shda tanishganimda hali 18-19 yoshlardagi yigit edi. Universitet talabasi edi. Boshidanoq Alisherning [Qirg'izistondagi] o'zbek jamoasi uchun naqadar qayg'urishini sezganman. Jamoatchilikda juda faol bola edi. Keyinchalik jurnalistika kasbiga kirdi. Juda ishchan jurnalistga aylandi. Alisher jurnalistikani sevgan, betaraflikka amal qiladigan, kasbiy etikani hurmat qiladigan bir yigit edi",- deydi Javdat Sayhon. "Afsuski uni qo'ldan boy berdik".

Alisher Markaziy Osiyodagi boshqa o'tkir jurnalistlar singari doimo tazyiq ostida edi. Nozik masalalarni yoritar edi: siyosatdan tortib, iqtisodiyot, din va jamiyat, xavfsizlik, terrorizm, radikalizm, inson huquqlari, korrupsiya va yulg'ichlik, saylovlar va saylovoldi kayfiyati... Alisher voqealarni joyidan yoritishni ma’qul ko’rardi. 

Alisher ham Qirg'iziston, ham O'zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xodimlari insonlarga zo'ravonlik qilgani, ayniqsa 2005 yilda Andijon voqealari ketidan O'zbekiston xavfsizlik xodimlari qochqinlarni tutib, vataniga zo'rlab olib ketayotgani haqida xabarlarni tekshirgan jurnalistlardan.

Alisher Soipov
"Alisher yosh ketdi. Hali juda ko'p buyuk ishlar qilishga qodir inson edi", - deydi "Amerika Ovozi"  O'zbek xizmati mudiri Javdat Sayhon.
"Alisher ishxonasida o'tirib, kompyuter oldida maqola yozadigan jurnalist emas edi",- deydi Javdat Sayhon. "Bir kun Botkenda, ikkinchi kun Jalolobodda, uchinchi kun yana qayerda..."

Alisher O'zbekiston va Qirg'iziston xalqi uchun birdek kuyunar, ikki davlat orasidagi siyosiy-madaniy aloqalarni tahlil qilishga, hech kimning hayoliga kelmagan muhim jihatlarni topib, ularni yoritishga usta edi. Jurnalistik faoliyati yordamida qo'shni xalqlarni yaqinlashtirishga urinardi.

"Ayniqsa [o'zbekistonlik] qochqinlar taqdirini yaqindan yoritgan, ularning rasmini olib jahonga tarqatgan jurnalist bu Alisher edi. Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Bishkekdagi uchrashuvlarini ham izchil yoritgan edi",- deydi O'zbek xizmati mudiri.

"Juda yosh ketdi, kelajakda buyuk ishlar qilishga qodir inson edi. Ayrim doiralar unga bosim o'tkazishga urindi. Rossiya matbuoti u haqda salbiy maqolalar berdi", -deydi Javdat Sayhon. "Hatto u shunchalik kuyungan O'zbekiston axborot vositalari ham Alisherni yomon o'g'lon deb ko'rsatishga harakat qildi. Lekin Alisher haqiqatda chin inson, chin jurnalist edi".      

Alisher Soipov bilan ishlagan, izlangan, birga osh yegan, uni shaxsan bilgan qirg’izistonlik mutaxassis Alisher Hamidov uchun ham bu kun juda og'ir.  Hamkasbimizning hayoti kimga kerak bo'ldi deya o'ylanadi. 

"Hamkasbimizning hayot ancha yillardan beri xavf ostida ekani ayon edi. Unga nisbatan xilma-xil hujumlar uyushtirilgan. O'zbekiston chegarasida uni urishgan ham. Unga qarshi ko'p materiallar chiqqan. Hozir biror narsa deyish qiyin", -deydi Alisher Hamidov.

"Ammo shuni aytish joizki, Alisherning ochiqso'zligi, hech kimdan qo'rqmasdan haqiqatni xalqqa yetkazganligi, menimcha, ko'p odamlarga, ayniqsa xavfsizlik xizmatlariga yoqmagan".

Alisher Soipovni ko'pchilik o’zini ham o’qqa, ham cho’qqa urishga shay yigit sifatida tanirdi. 

Uning o'limi nimadan darak beradi? Alisherdan bugun nima meros bo’lib qoldi?

"Yaxshi, dovyurak, sodda, tashabbuskor odamlar qadrini ular hayotdan ketkandagina bilamiz ekan", - deydi Alisher Hamidov.

"Alisher bilan qanday tanishganim hozir ham ko'z oldimda. Men Ommaviy axborot vositalari markaziga rahbarlik qilgan davrimda bir kun yoshgina yigit kirib kelgan edi. Kulishib, birga gaplashib, menda juda ijobiy taassurot qoldirgan edi. Keyinchalik birga ishlab, yaqin do'st bo'ldik".

"Bir kun restoranda o'tirsak, qo'shni stolda qizlarga bir necha yigit shilqimlik qila boshladi",- deya hikoya qiladi Alisher Hamidov. "Hech kim turmasa ham Alisher bir o'zi turib, o'sha qizlarni qanday himoya qilgani hali ham mening yodimda".       

"Do'stimning naqadar soddadil bo'lganini yana shundan bilishingiz mumkinki, u prezidentdan boshlab oddiy bir dehqonni ham birdek ko'rardi. Ularga teng muomala qilar edi".

Alisher Soipov o’zining 26 yillik umrida insoniyatga jasurlik,  talabchanlik, xolislik, iymon va vijdoniylik, odamlarga va kasbga nisbatan ishonch va muhabbat, fidoiylik va haqiqat uchun kurash dunyodagi eng yuksak maqsad ekanini isbotlashga ulgurdi.

"Amerika Ovozi" Alisherning oilasiga bardamlik va sabr-toqat tilab qoladi. Biz Alisherni sevar edik, uning insoniyligini ardoqlar edik. Alisherni endi bu hayotga hech kim qayrata olmaydi. Uning o'rnini ham hech kim bosa olmaydi. 

Ammo o’g’lingizning umri behuda ketgani yo’q. O’g’lingiz millionlab insonlarga umid ulashgan. Bilingki, Alisher Soipov qalbimizda, ongimizda va xotiramizda mangu yashaydi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Toshkentda kesilgan chinorlar xotirlandi

  Boshqa xabarlar
Eronda yadro inshootlari himoyasiga qaratilgan harbiy mashqlar
AQSh diplomati Jorj Krolning Toshkentga safari xulosalari
O'zbekistonda porasiz ish bitmaydi
AQSh universitetlarida o'zbekistonlik yoshlar ko'paymoqda
AQSh O'zbekiston bilan biznes va notijoriy hamkorlikka tayyor  Audio Clip Available
Afg'onistonda korrupsiya jilovlanmasa, hammasi behuda
AQSh Afg'onistonni qachon, qanday tark etish ustida o'ylanmoqda
Karzay qasamyod keltirar ekan, "korrupsiyani tugataman" deydi
Ajal makonlari Tojikistonda hanuz qarovsiz
Afg'oniston notinch ekan, Obamani murakkab qarorlar kutmoqda
Obama: AQSh va Xitoy raqib emas, yaqin hamkor bo'lishi kerak
Isroilning qurilishni kengaytirish qarori tanqid ostida
Rossiya Eron atom dasturiga nisbatan AQSh bilan bir fikrda
Korrupsiya umumbashariy illat bo'lib qolmoqda
Qashqadaryoda taniqli otin va uning shogirdlari qamoqqa olingan
Faol dehqon G'anixon Mamatxonovga ozodlik talab qilinmoqda
Pokiston AQShdan unga bosim o'tkazmaslikni so'ramoqda
Afg'on hukumati layoqatli ekanini isbotlashi lozim
Eron G'arbga tashviqotni kuchaytirmoqchi
Falastin BMT Xavfsizlik Kengashidan madad kutmoqda
AQShda terrorda ayblanganlarga o'lim jazosi so'ralmoqda
Tantilikmi yohud tantiqlik? Gulnora va Lola Karimova haqida mulohaza
Eronda internet ustidan nazorat yanada kuchayadi
Nyu-Yorkda o'zbek madaniy kechasi  Audio Clip Available