Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
Turkiya Markaziy Osiyoda avvalgi mavqeini tiklamoqchi


22/11/2007

Turkiyaning yangi prezidenti Abdulla Gul Markaziy Osiyodagi qardosh xalqlarga e'tiborni oshiramiz, aloqalarni mustahkamlaymiz deydi. Lekin siyosiy tahlilchilar fikricha, Turkiya uchun mintaqada bir vaqtlar kuchli bo'lgan siyosiy mavqeini tiklash oson kechmaydi.

Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Turkiya birinchilardan Markaziy Osiyo davlatlarini tan olgan va bir necha yil ichida mintaqada siyosiy va iqtisodiy mavqeini kuchaytirgan.

Turgut O’zal va Sulaymon Demirel davrida turkiylikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan. “Qarovsiz” qolgan respublikalar Turkiya yordamiga muhtoj edi. Biroq ma’lum muddat o’tgach, Turkiyaning mintaqadagi faolligi susayib, butun diqqat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga qaratilgan.

Iroqdagi urush Turkiya tashqi siyosatiga o’zgarishlar kiritdi. Markaziy Osiyo davlatlari ham asta-sekin oyoqqa turib olgach, mustaqil siyosat yurita boshlagan.

Turkiya sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulla Gul prezident etib saylangach, Markaziy Osiyo va Kavkaz yana Turkiya tashqi siyosati diqqat markaziga tushmoqda, deydi Vashingtondagi Gudzon Instituti tahlilchisi Zeyno Baran.

Dekabr oyida Abdulla Gul Markaziy Osiyoga, jumladan O’zbekistonga safar qiladi. Uning tashrifidan so’ng Turkiya-O’zbekiston aloqalari qanchalik o’zgarishi noaniq.

“Turkiya hukumatining islomiy qarashlari rasmiy Toshkentni asabiylashtirmoqda. Turkiya ham O’zbekiston hukumatining ayrim harakatlarini musulmonlarga qarshi qaratilgan deya ko’rmoqda. Turkiyaning ko’proq G’arb davlati ekanini va O’zbekistonning ayni damda G’arb va AQSh bilan muammoli aloqalarini hisobdan chiqarmaslik kerak”, - deydi shvetsiyalik mutaxassis, Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti olimi Svante Kornell.

Turkiya-O’zbekiston aloqalari murakkabligicha qolmoqda. Turkiya yaqinda O’zbekiston bilan viza tizimini bekor qilgan. Biroq O’zbekiston javob qadamini qo’yishga shoshmayapti.

Turkiya O’zbekiston va butun Markaziy Osiyoga ko’proq sarmoya olib kirmoqchi. Biroq Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan rasmiy Toshkent turk biznesiga quchoq ochishga tayyor emas. Rossiya Turkiyaning iqtisodiy va energetik raqibi.

17-19 noyabr kunlari Bakuda o’tgan Turkiy davlatlar va jamiyatlar qurultoyiga Turkiya jiddiy e’tibor qaratib, Bosh vazir Erdo’g’anni yuborgan bo’lsa, O’zbekiston matbuotida mingdan ortiq delegat qatnashgan bu muhim tadbir chetlab o’tilgan.

“O’zbekistonsiz Turkiya Markaziy Osiyoni ijobiy ma’noda ishg’ol qila olmaydi. Chunki O’zbekiston mintaqadagi muhim davlat. Turkiya hukumati oldidagi vazifa – O’zbekiston bilan aloqa qilish yo’llarini topish. Yevropa va Qo’shma Shtatlar uchun bu hozircha muammo bo’lib turibdi”, - deydi Zeyno Baran.

Ayni damda Turkiya qator energetik loyihalarda ishtirok etmoqda va kelajakda Yevropaning yonilg’i tranzit markaziga aylanishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lsa, Markaziy Osiyo davlatlarining Turkiyaga tortishish kuchi yangilanadi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga sanksiyalari qisman amalda qoladi

  Boshqa xabarlar
AQShda saylovlar oldidan Internet eng qudratli axborot vositasi
Qo'shxotinlik amaldorlar orasida "moda"ga aylanmoqda
Tahlilchilar AQSh musulmonlar bilan ko'proq aloqa qilsin deydi
Ko'hna Xivada mennonitlar tarixiga oid ko'rgazma ochiladi
Kengash qilgan el ozmas, keng bichilgan to'n to'zmas
AQShning Shimoliy Koreya talabini qondirishi tanqid ostida
Davlatlar moliyaviy inqirozni hamkorlikda hal qilmoqchi
AQSh Shimoliy Koreyani qora ro'yxatdan chiqardi
Jurnalist Solijon Abdurahmonov 10 yilga qamaldi
O'zbekiston Afg'onistonga noharbiy yuk tashishda yordam beradi
Muhojirotdagi o'zbekistonliklar huquqiy himoya so'ramoqda  Audio Clip Available
Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan muloqotni kuchaytirmoqda
AQSh: Markaziy Osiyo kim bilan hamkorlik qilishni o'zi biladi  Audio Clip Available
17 nafar uyg'ur taqdiri AQSh appelyatsiya sudi ixtiyorida
Grin Karta lotereyasiga hujjatlar qabul qilinmoqda