Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
Amir Temur - AQSh teatr sahnalarida

01/01/2008

Aktyor Averi Bruks (Avery Brooks) Temurlang rolida 
G'arb Turon zaminida uzoq yillar hukmronlik qilgan, yirik imperiyaga asos solgan Temur haqida bilibdiki, uni johil podshoh sifatida tasvirlab keladi. 

XV asr ingliz dramaturgi Kristofer Marlou qalamiga mansub "Temurlang" asari hozirgacha ham Yevropa va Amerika teatr sahnalaridan tushmaydi. P'yesa, tarixchilar nazarida, haqiqatni aks ettirmaydi.

Ammo bu badiiy asar Amir Temurning hukmdor sifatidagi siymosi, uning yengilmas sarkarda bo'lgani, unga XV asrda g'arbda qanday qarashgani haqida hikoya qiladi. Asarni sahnalashtirgan rejissyor fikricha p'yesada umumbashariy va zamonaviy muammolar ham ko'tariladi. 

Vashingtondagi Uilyam Shekspir teatri bu mavsumni yangi sahna asari - Kristofer Marlouning “Temurlang” spektakli bilan ochdi.   

Bu – XV asrda yashab ijod qilgan adibning erkin talqin-adaptatsiyasi. Darvoqe, aytishlaricha, Kristofer Marlou va Uilyam Shekspir ijod sohasida hamisha bir-biri bilan kim o’zarga o’ynab kelgan. Har biri ma’lum ma’noda raqibining yozish uslubiga ta’sir ko’rsatgan.

Shekspir teatri bu asarni bejiz tanlamagan deydi p’yesa rejissyori Maykl Kan.

“Temurlangning turli harbiy yurishlari, o’zga insonlar bilan muomalasi – bularni sahnada tasvirlashha nima yetsin. Bu asar o’sha zamon ahlini, qolaversa Shekspirdek adibni lol qoldirgan bo’lsa ajabmas”.

U davrda drama janridagi asarlar, asosan, nasihat va o’git tarzida yozilar, tanqidchilar ta’biricha, ko’pining syujeti sayoz, tili esa qo’pol va jo’n edi.

Marlouning “Temurlang”i dramada burilish yasadi. U janrni she’riy dialoglar, qiziqarli voqealar va rang-barang qahramonlar bilan boyitdi.      

“Asar qalam ahlini va muxlislarni larzaga soldi. Xuddi ilk musiqiy asar yoki ilk film yohud boshqa yirik kashfiyot kabi”.

uzbek_marlowe
XVI asrda yashab ijod qilgan ingliz adibi Kristofer Marlou sahna asarini yangi, yuqori bosqichga olib chiqib, uni nazm bilan boyitdi 
Asarda bosh qahramon – Temurlang – ko’chmanchi xalqlar yetakchisi. Qaysi zamon ekani aytilmaydi. Temur fors shohini taxtdan ag’darib, yirik imperiya barpo etadi. Shuhrati oshadi. Qashshoqlikda voyaga yetgan Temur cheksiz boylikka ega bo’ladi. Rahm-shafqat nimaligini unutadi.  

Turkiyani ham istilo qilib, malikani zindonband qiladi, shohini esa o’ziga qul qiladi. Tez orada, qarabsizki, Temurlang Osiyo va Afrika amiri. Biroq bu unga ozday ko’rinadi - butun jahonga egalik qilish maqsadi unga tinchlik bermaydi.   

Temurlangning oddiy cho’pondan qudratli jangchiga aylanish tarixi muallif Kristofer Marlouning hayotini eslatadi deydi san’atshunos Akiva Foks. Kambag’al etikdo’zning o’g’li Marlou o’z davrining eng taniqli va iste’dodli dramaturglaridan biri bo’lib yetishgan.

“Ham Temur, ham Marlou eng quyi tabaqadan chiqib, keyinchalik kuchli shaxsga aylangan. Marlou Temurning shaxsiyatini chuqur o’rgangan”.

Ba’zilar fikricha Marlou boy va davlatmand kishilar, zodagonlarning asabiga tegishni yoqtirgan. Hatto qirolicha Yelizavetadan ham tap tortmagan. “Temurlang”da ana shunday sahnalar bor.

“Qirolicha endi taxtni egallagan damlar. Biroq hayotdan ko’ngli to’lmagan xalq hokimiyatdan norozi. Qirolichani taxtdan ag’darish payida. Marlouning asaridagi qahramon “Men merosxo’r shaxzoda va malikalarni yer tishlataman, ular aslzoda ekani bilan ishim yo’q” deyishga jazm etadi. O’sha davr uchun g’oyat qaltis so’zlar”.

Maykl Kanning aytishicha, jahonning siyosiy markazi - Vashington - mazkur spektakl uchun juda qulay joy.

“Bu asarning siyosiy mazmun-mohiyati auditoriyani o’ylantirib qo’yadi. Odamlar undagi voqealarni real hayot bilan taqqoslay boshlaydi. Ayniqsa, Vashington kabi maskanlarda. Ba’zida seanslarga Kongress a’zolari, senatorlar, sudyalar, hatto ba’zida AQSh prezidenti ham qadam ranjida qilib turadi”.

Shubhasiz, “Temurlang” spektakli har bir tomoshabinga ma’naviy zavq bag’ishlaydi.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?