Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

 
Amerikada davlat tili masalasi yana muhokamada

15/01/2008

Amerika Qo’shma Shtatlarida davlat tili degan tushuncha yo’q. Ko'pchilik, aniqrog'i aholining 80 foizdan ko’pi ingliz tilida gaplashgani uchun ham asosan shu til muomalada. Ikkinchi o’rinda esa ispan tili. 

O’tgan yili immigratsion qonunlarni isloh qilib, ingliz tilini yagona davlat tili deb qabul qilish taklif qilingan, ammo hujjat Kongressda ma’qullanmagan.

Biroq ayrim shtatlarda ingliz tili rasmiy til. Ular safiga shu kunlarda Jorjiya shtati ham qo’shilmoqchi.

Taklifga qarshi chiqayotgan muhojirlar fikricha, bu tashabbus ularning haq-huquqini poymol qiladi.

Jojrjiya shtatining poytaxti Atlantada, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, aholining 10 foizi uyida ingliz tilida emas, boshqa tilda so’zlashadi. 

Ammo ayrim qonunchilar nazarida Jorjiya konstitutsiyasiga o’zgartirish kiritib, ingliz tilini shtatning rasmiy tili deb e’lon qilish kerak. 

Respublikachi qonunchi Tim Berden davlat ishlarini faqat ingliz tilida yuritish tarafdori.

 “Biz muhojirlar davlatimiz. Biroq Teodor Ruzvelt aytganidek, bizni yagona bayroq, mushtarak til birlashtirib turadi. Va bu til – ingliz tili”,- deydi u.

1996 yilda Jorjiya shtati qonunchilari ingliz tilini rasmiy til deb e’lon qilish to’g’risidagi hujjatni ma’qullagan. Ammo bu tuzatish konstitutsiyaga kiritilmagan. Ya’ni davlat ishlari boshqa tillarda ham yuritilaveradi.

Shtat bosh qonuniga tuzatish kiritish uchun dastlab xalq fikrini bilish, ya’ni referendum o’tkazish kerak.

Shu paytga qadar AQShning 30 shtatida ingliz tili rasmiy til deb e’tirof etilgan. Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritgan shtatlar soni esa, hozircha, 7 tadan ko’p emas.

Qonunchi Tim Berdenning aytishicha, Jorjiya shtatining 71 foiz aholisiga bu tashabbus ma’qul. "Tarafdorlar keragidan ortiq",- deydi u.

Ammo shtatda yashaydigan latinolar, ya'ni Lotin Amerikasidan kelgan muhojirlar, xususan Atlanta yaqinidagi Gvinnet jamoasi Berdenning taklifiga mutlaqo qarshi.

AQSh aholini ro’yxatga olish byurosi ma’lumotiga ko’ra, bu yer aholisining 16 foizi latinolar va asosan ispan tilida gaplashadi.

Jorjiya Universiteti hisob-kitobiga qaraganda, 2006 yilda latinolar 12.4 milliard dollar sarflagan. Ya’ni jamoa, xarid qilish qobiliyati jihatdan eng kuchli 10 ta shtat ro’yxatidan joy olgan.

Jorjiya shtati Latinolar jamoasi rasmiysi Jerri Gonzales fikricha, ingliz tili yagona rasmiy til deb e’lon qilinsa, ispan tilida ish yuritayotgan kichik bizneslar zarar ko’radi.

“Bu - Jorjiya iqtisodiyotini ko’targan latino muhojirlari bilan hisoblashmaslik, ularni haqoratlashdek gap”,- deydi faol.

Pyu Tadqiqot Markazi hisob-kitobiga qaraganda, AQShdagi latinolarning to’rtdan bir qismigina ingliz tilida erkin gaplasha oladi.

Konstitutsiyaga kiritiladigan o’zgartirish tilni bilmaganlarni kamsitadi, deydi Jerri Gonzales.

“Bu muhojirlarga qarshi siyosatdan boshqa narsa emas. Qandaydir ijobiy, balandparvoz maqsadlarni vaj qilib ko’rsatishmoqda xolos”.

Masala AQShda prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi kampaniyasida ham muhim mavzulardan.

Respublikachi nomzod Fred Tomson ingliz tilini rasmiy til deb e’lon qilish tarafdori. Muhojirlarning mahalliy sharoitga tezroq moslashishi uchun.

Biroq latinolar fikricha bu tashabbus muhojirlarning moslashishiga emas, balki yakkalanib qolishiga xizmat qiladi xolos.

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
Avtokratiyadan demokratiya sari... Siyosiy tajribalar

  Boshqa xabarlar
Rahbariyat o'zgarishi qaltis va murakkab jarayon
Yevropa Barak Obamadan qanday o'zgarishlar kutmoqda?
Xillari Klintonga O'zbekistonda umid bilan qarashmoqda
Inqiroz paytida umid badavlat va saxiy odamlarga bog'langan
AQSh Pokistonni Mumbay xuruji bo'yicha hamkorlikka chaqirmoqda
Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi
Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?
Bush prezidentlik yillarini sarhisob qilmoqda
AQSh iqtisodiyoti rasman tanazzulda
O'zbekiston-Rossiya aloqalari rasmiy darajada rivojlanmoqda xolos
Xillari Klinton - davlat kotibi lavozimiga nomzod
AQSh Mumbaydagi terror xurujini tergov qilishga yordam beradi
Lora Bush: AQSh Afg'onistonni yakka tashlab qo'ymaydi
"Amerika Ovozi" muxlislar savollariga javob beradi
Mintaqa davlatlari birlashishiga umid bormi?