Amerika Ovozi ▪ Uzbek
Xolis axborot manbai

Matnning o'zi
Search

"Ayollar yetakchilikka intilmasa, jamiyat ham olg'a siljimaydi"


21/05/2008
Lavhani tinglang - Download (Real) audio clip
Lavhani tinglang - Tinglang (Real) audio clip

Afhamiy
Mahnoz Afhamiy faollik jinsga emas, insoniyatga xos xususiyat deydi. Ammo ayollar yo'lida qator siyosiy-ijtimoiy to'siqlar borligini tan oladi. "Ularni bartaraf etish uchun xotin-qizlarning o'zi harakat qilishi lozim",- deydi Afhamiy.
AQShda asoslangan xalqaro tashkilotlardan biri dunyo xotin-qizlarini bir maqsad yo’lida birlashtirishni ko’zlaydi – ayollarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy bilimini oshirish.

Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi deb ataluvchi bu muassasa ham hukumat, ham nohukumat idoralar bilan ishlaydi.

"Jamiyat imkoniyatlarga boy bo’lsin desangiz, ayollar savodli bo’libgina qolmay, siyosat, biznes va notijoriy sektorlarda yuqori cho’qqilarni egallashi kerak”,- deydi bu tashkilot rahbari Mahnoz Afhamiy.

Yaqinda Gruziyada 30 yoshli Eka Tkeshelashvili tashqi ishlar vaziri etib tayinlanganda, nafaqat qo’shni davlatlar, balki ayol rahbarlarga ancha o’rganib qolgan G’arbda ham bir muncha ajablanganlar bo’ldi. 

Eka Tkeshelashvili

Eka Tkeshelashvili      Gruziya Tashqi ishlar vazirasi 

Tkeshelashvili yosh bo’lishiga qaramasdan, Gruziyada ichki ishlar va adliya vaziri o’rinbosari, keyinchalik vazira, undan keyin esa bosh prokuror lavozimlarida ishlagan. Kasbi huquqshunos; turmush qurgan, farzandli.  

Mahnoz Afhamiy fikricha qonunni va davlat ishlarini yaxshi tushungan, qolaversa, intiluvchan ayollarning ayrim jamiyatlarda bunday yuqori lavozimlarga ko’tarilishi tabiiy. “Ishini eplasa, irodasi kuchli bo’lsa, erkaklar hukmron siyosatda o’z yo’lini topa oladi”, - deydi Mahnoz Afhamiy. 

Afhamiy xonimning o’zi Eronda shoh davrida xotin-qizlar masalalari bo’yicha vazira bo’lgan.  Asli pedagog.

“Eron Davlat Universiteti qoshida ayol akademiklar va tadqiqotchilar uyushmasi tuzib, ularni nafaqat ilm-fan olamida, balki amaliy hayotda jonbozlik ko’rsatishga undaganman”,- deydi Mahnoz Afhamiy. Afsuski, islomiy inqilob uning sa’y-harakatlarini puchga chiqardi, ammo vatandan yiroqda bo’lsa-da siyosiy faolligini davom ettirdi.

BMT va Yevropa Ittifoqi XXI asr ayollar asri bo’ladi deb bong urmoqda. Jahonda ayol rahbarlar ko’paymoqda, deydi Mahnoz Afhamiy, ammo xotin-qizlar hayotining yaxshilanishi va jamiyat oldinga siljishi uchun ularning individual ravnaqi muhim rol o’ynaydi. Bu qaydan boshlanadi? - deya so’raymiz mutaxassisdan. 

“Hamma narsa shaxsga borib taqaladi. Ayol o’zini shaxs, jamiyatning ajralmas qismi deb bilishi va o’z taqdirini o’zi belgilashga qodir ekanini tushunib yetmog’i lozim. Buning uchun unga sifatli ta’lim berilishi zarur, shuningdek, uni erkin fikrlashga o’rgatish kerak. Afsuski, ko’p jamiyatlarda xotin-qizlar roli oila bilan cheklanib qoladi. Ta’lim ham shunga yo’naltirilgan. Qanchalik ziyoli yoki iqtidorli bo’lmasin, mavjud ijtimoiy cheklov va to’siqlarni buzib o’tishi qiyin. Shu sabab bizning tashkilot turli yoshdagi ayollar bilan ishlaydi. Turli soha egalarini yetakchilikka o’rgatadi”,- deydi Mahnoz Afhamiy.

Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi tashkiloti Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qirg’izistonda qator loyihalar yuritadi. Nohukumat tashkilotlar bilan yaqin aloqada. Seminar va o’quv kurslari uyushtirib, biznes boshlashga, o’z tashkilotini ochishga, jamoatchi faol sifatida ishlashga o’rgatadi va kasbida qiynalayotgan ayollar malakasini oshiradi.  

"O’zbekistonda Ayollar Resurs Markazi bilan ishlar edik. Kichik bizneslar va tadbirkorchilik faoliyatini oshirish, kasbdosh xotin-qizlar va siyosatga qiziqqan ayollarga yo’l ko’rsatish bo’yicha dasturlarimiz bor edi. Ammo mamlakatda chet el tashkilotlari bosim ostiga olingani, qolaversa, bu mustaqil ayollar markazi yopilgani sabab bu ishlarni davom ettira olmadik”,- deydi Mahnoz Afhamiy.

Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi tashkiloti hukumat idoralari, ayollar masalalari bilan shug’ullanuvchi organlar bilan ham ishlashga tayyor.

“Biror tomon bizdan hamkorlik qilishni so’rasa, biz ular bilan birgalikda dastur loyihasini ishlab chiqamiz. Maqsadimiz xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy uquvini oshirish ekan, masalaga xolisona yondashamiz. Hukumat idoralarida ishlaydigan ayollar uchun ham maxsus kurslarimiz bor. Har bir jamiyat uchun o’sha jamiyat talab va shartlari asosida dasturlar taklif qilamiz. Sharq ayollari “g’arbcha” me’yor va hayot tarzi “bizga mos emas” deya xavotirlanadi. Ularni tushunamiz. Har bir xalqning o’ziga xos qadriyatlari e’zozlanishi kerak”,- deydi Mahnoz Afhami.

Ammo, deydi yetakchi, inson borki, ayolmi yoki erkak, farovon hayot istaydi va talablar bir: hamma to’q va erkin yashashni, bilimli bo’lishni, jamiyatda hurmat qilinishni, imkoniyatlarga ega bo’lishni, oshkora va g’amxo’r hukumat tomonidan boshqarilishni xohlaydi.  

“Har bir shaxs, jumladan ayollar, yoshmi-qarimi, shunday muhitda yashashni istasa, avvalo o’z hissasini qo’shish haqida o’ylashi kerak. Saylovda qatnashing, mahallada faollik ko’rsating, muammolarni ko’tarib chiqing, fikringni ochiq ayting, biror narsadan norozi bo’lsangiz bildiring. Buning uchun esa inson dastavval o’ziga ishonishi, o’z o’rnini mustahkamlab olishi lozim”, - deydi Mahnoz Afhamiy.   

Huquq, Taraqqiyot va Tinchlik uchun Ayollar Ta’limiy Hamkorligi (Women's Learning Partnership for Rights, Development, and Peace) tashkiloti bilan aloqa qilishni yoki uning dasturlarida qatnashishni istagan xotin-qizlar Internet orqali bu idora bilan bog’lanishi mumkin - www.learningpartnership.org/

emailme.gif Xabarni jo'nating
printerfriendly.gif Bosma uchun

  Bosh mavzu
O'zbekistonda cho'chqa grippi vahimasi hukm surmoqda

  Boshqa xabarlar
AQSh armiyasi askarlar ruhiyatidan tashvishda
Qonunchilar Afg'oniston strategiyasi bo'yicha turlicha fikrda
Toshkentda kesilgan chinorlar xotirlandi
Sog'liqni saqlash tizimi islohoti Kongress muhokamasida
Eronda yadro inshootlari himoyasiga qaratilgan harbiy mashqlar
AQSh diplomati Jorj Krolning Toshkentga safari xulosalari
O'zbekistonda porasiz ish bitmaydi
AQSh universitetlarida o'zbekistonlik yoshlar ko'paymoqda
AQSh O'zbekiston bilan biznes va notijoriy hamkorlikka tayyor  Audio Clip Available
Afg'onistonda korrupsiya jilovlanmasa, hammasi behuda
AQSh Afg'onistonni qachon, qanday tark etish ustida o'ylanmoqda
Karzay qasamyod keltirar ekan, "korrupsiyani tugataman" deydi
Ajal makonlari Tojikistonda hanuz qarovsiz
Afg'oniston notinch ekan, Obamani murakkab qarorlar kutmoqda
Rossiya Eron atom dasturiga nisbatan AQSh bilan bir fikrda
Korrupsiya umumbashariy illat bo'lib qolmoqda
Qashqadaryoda taniqli otin va uning shogirdlari qamoqqa olingan
Faol dehqon G'anixon Mamatxonovga ozodlik talab qilinmoqda
Pokiston AQShdan unga bosim o'tkazmaslikni so'ramoqda
Afg'on hukumati layoqatli ekanini isbotlashi lozim
AQShda terrorda ayblanganlarga o'lim jazosi so'ralmoqda
Tantilikmi yohud tantiqlik? Gulnora va Lola Karimova haqida mulohaza
Nyu-Yorkda o'zbek madaniy kechasi  Audio Clip Available