Muxolifatdagi
"Erk" partiyasi a'zosi, "Mazlum" inson huquqlari tashkiloti rahbari A'zam
Turg'unov ustidan tergov yakunlangan.
Nukusda
qamoqda saqlanayotgan yana bir huquq himoyachisi va mustaqil jurnalist Solijon
Abdurahmonovga esa giyohvand moddalar iste'moli emas, ularni sotish aybi qo'yilmoqda.
A'zam
Turg'unov Nukusda qamoqqa olingan edi. Uning advokati Rustam Rahimovga ko'ra
Turg'unovni hibsga olish shantaj hamda ishni uyushtirish orqali amalga
oshirilgan.
"A'zam
aka o'sha kuni ushlash vaqti - 11 iyul kuni - men sendan pul so'ramaganman,
nega olib kelding, olib ket deb chiqarib yuborgan ekan. Bu juda muhim, 20
millionlik tovlamachilikda ayblashga asos bo'lishi uchun paketni ichiga
"Neksiya" mashinasini texpasportini ham solib qo'yishgan. Hammasi
qalbakilashtirilgan va shantaj bo'lib turgan narsa", - deydi advokat.
Rustam
Rahimovning bildirishicha hibsxonada A'zam Turg'unovga nisbatan qiynoq qo'llanilgani
haqida prokuraturaga ariza berilgan.
"Meni
ishtirokimda tergovchi A'zam Turg'unovdan surishtirdi. U aytdi yozib o'tirgan
mahalim birdaniga hammayog'im kuyganini his qildim va baqirib yubordim. Orqamda
tergovchidan boshqa hech kim yo'q edi deb. Shu asosda Bosh prokuraturaga ariza
berganmiz, lekin hozircha javob yo'q", - deydi Rahimov.
A'zam
Turg'unov muxolifatdagi "Erk" partiyasi markaziy kengashi a'zosi. Partiya
faollaridan biri Dilorom Isoqovaga ko'ra Turg'unov mamlakatdagi eng faol
huquq himoyachilaridan biri edi, uning hibsga olinishi shu faollik bilan bog'liq.
Nukusda
yana bir huquq himoyachisi va mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ham
hibsda saqlanmoqda. U bundan ikki oy muqaddam giyohvand moddalarni saqlashda
ayblanib, hibsga olingan edi.
Dastlab
Abdurahmonov giyohvand moddalarini iste'mol qilishda ayblangan bo'lsa, uning
avdvokati Bahrom Abdurahmonovga ko'ra hozirda jurnalist giyohvand moddalarni
sotish aybi bilan tergov qilinmoqda.
"Solijon
akangni giyohvand moddasini iste'mol qilishga aloqasi yo'q, deyishdi. 5,99 gram opium katta miqdor
hisoblanadi, shundan kelib chiqqan holda ko'p miqdorda giyohvand moddasini
sotish [aybi] qo'yilmoqda. Jurnalistik materiallari hali tolig'icha o'rganib bo'linmagan,
lekin olib ketilgan. Hozir bularning asosiy maqsadi tergovga berilgan muddat
tugamasdan, narkotik moddasi bilan bog'liq ayblovni hal qilish", - deydi
advokat.
Uning
aytishicha Abdurahmonovning mashinasida giyohvand moddalar qanday paydo bo'lganini
aniqlashtirish yuzasidan tekshiruv o'tkazish talabi inobatsiz qolgan.
"Ekspertiza
orqali avtomabilni kirish-chiqish joylaridagi izlarni tekshirish, buni
solishtirish masalasini qo'ygan edik. Biroq bu tergovga yoqmadi shekilli,
avtomabil ko'chada turibdi. Hozirgacha bor barmoq izlari ham yo'qolib
ketgandir. Bu ish uyushtirilgan degan gumon bor. Agar uyushtirilmagan taqdirda
barcha talablar inobatga olingan va aniqlashtirish uchun harakat bo'lardi", -
deydi Bahrom Abdurahmonov.
Sharhlovchilar
nazarida jurnalistning qamoqqa olinishi uning kasbiy faoliyati bilan bog'liq.
Abdurahmonov hibsga olingach uning ishxonasidan barcha jurnalistik
materiallari musodara qilingan edi. Abdurahmonov Qoraqalpog'istonda faoliyat
yuritayotgan so'nggi mustaqil jurnalistlardan biri hisoblanadi.
Hozirgacha bir necha xalqaro tashkilot Solijon
Abdurahmonovni ozod etishni talab qilib, bayonot tarqatgan. Yaqinda shu ma'nodagi
chaqiriq Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham bildirilgan.