Har yili yoz oylarida AQShning dam olish maskanlari,
mehmonxona va sayilgohlarida xorijlik yoshlar ko’payadi.
Ul-bul yumushda
ko’maklashadi, yordamchilik, oshpazlik, tarjimonlik qiladi, hovuzda qutqaruvchi
bo’lib ishlaydi va hokazo.
Bu yoshlar – AQShning “Work and Travel” (Mehnat va Sayohat) dasturi
ishtirokchilaridir. Masalan, sobiq ittifoq davlatlaridan AQShga har yili yozgi
ta’til paytida qariyb 10 ming talaba keladi.
Yozning boshida AQShga kelgan qoraqalpog’istonlik Sobit
Bakiyev Michigan shtatida oshpaz bo’lib ishladi. Til o’rganish uchun keldim,
miriqib dam oldim deydi u:
“Avvaliga ruslar jamoasida ishladim, ingliz tilini
o’rganishga sharoit yo’q edi”, - deydi u.
Keyin esa amerikalik tengdoshlari
bilan tanishdi. Sobit Bakiyev hozir Moskva Po’lat va Qotishma Instituti (Московский
Институт Стали и Сплава) ning ikkinchi bosqich talabasi.
“Bitirib, Amerika
universitetlariga hujjat topshirmoqchiman, yangi do’stlarim yo’l-yo’riqni
o’rgatib qo’yishdi”, - deydi u. Sobit Bakiyevning AQShga kelishiga
InterExchange tashkiloti ko’maklashdi.
“Mazkur notijoriy tashkilot bu yil 75 nafar o’zbekistonlik
talabani Amerikaga olib kelgan”, - deydi direktor Keysi Slemin.
Odatda dasturga
tanlov bahor oylarida e’lon qilinadi. O’zbekiston universitetlarida kunduzgi
bo’limda o’qiydigan, ingliz tilini biladigan studentlar tanlab olinadi. Yo’l
haqi, turar joy bilan bog’liq xarajatni yoshlar o’zi ko’taradi.
Chipta narxi
taxminan 1000-1500 dollar, turar joy uchun karmonda har ehtimolga qarshi 500
dollar bo’lgani yaxshi. InterExchange tashkilotining vazifasi esa talabaning
vizasini to’g’rilash va Amerikadan 3 oylik ish topib berish.
InterExchange nomli bu notijorat tashkilotining maqsadi turli yo'nalishdagi almashinuv dastulari orqali madaniyatlar o'rtasida aloqani mustahkamlash. Xususan, InterExchange enagalik (au pair USA), sayohat (working abroad - AQS yoshlari uchun), yozgi lagerda ustozlik qilish (camp USA), AQSh kompaniyalarida malaka oshirish (Career Training USA), mehnat va sayohat (work and travel USA), AQShda talab katta bo'lgan mutaxassislarni ishga yollash (H2-B visa USA) kabi yo'nalishlarda ishlab keladi.
"Work and Travel" yo'nalishidagi muhim shartlar shuki, talaba faqat ta'til paytidagina Amerikada ishlashi mumkin, viza muddati tugagach, vataniga qaytishi zarur. Dasturga hujjat topshirish shartlarini tashkilot veb sahifasidan topish mumkin. Hujjatlar tasdiqlansa, tashkilotning O'zbekistondagi vakili talabgor bilan bog'lanadi.
“Amerikaga kelganda hammasi silliq kechmasligi mumkin.
Talaba ishidan haydalgan yoki ishidan ko’ngli to’lmagan holatlar bo’lgan. Ana
shunday hollarda tashkilotga murojaat qilish kerak, boshqa ish topamiz”, -
deydi Keysi Slemin.
Qoraqalpog’istonlik Sobit Bakiyev xarajatni kamaytirish
uchun talabalar bilan birga yashadi.
“Men kelgan samolyotda talabalar juda ko’p
edi”, - deydi u. Avvaliga hovuzda qutqaruvchi bo’lib ishladi, ish paytida uxlab
qolgani uchun haydaldi.
Sobit bir shtatda o’tirmasdan, boshqa joylardan
mustaqil ish qidirib, nihoyat Michiganda qo’nim topdi. Kuniga 4 soat oshpazlik
qiladi, soatiga 7-8 dollar maosh oladi. “Bir kuni hatto prezidentlikka
demokratlardan nomzod Barak Obama ham men yashaydigan shtatga keldi, uni
yaqindan ko’rdim”, - deydi Sobit Bakiyev.
O’zbekistonlik talaba Xusan Umarov Indiana shtatida
savdo-sotiq sohasida (Southwestern Company) ishladi.
Boshida juda zerikdim
deydi u. Keyin Nyu-York shahriga ko’chib, Uoll Stritdagi (Wall Street) yirik
kompaniyada (E1 Asset Management) yordamchi bo’lib yollandi. Hozir juda
xursand. Umuman, chet ellik yoshlar mustaqil ish qidirishiga hech kim
to’sqinlik qilmaydi. Biroq ayrim cheklovlar bor, deydi Keysi Slemin.
“Studentlar enagalik qilishi, birovning xonadonida xizmat
qilishi, tibbiy sohada ishlashi, eshikma-eshik yurib savdo-sotiq qilishi
taqiqlanadi. Shu istisnolarni hisobga olmaganda boshqa sohalarda bemalol
ishlash mumkin”.
Ba’zilar AQShga ortiqcha 2-3 so’m pul ishlay deb keladi.
Ammo ko’pchilik yoshlar Amerikaga samimiy va, muhimi, foydali rishtalarni
bog’lash, til o’rganish, tajriba orttirish, odamlar bilan tanishish uchun
kelib-ketish kerak, deb hisoblaydi.