Tojikistonda
ayrim jurnalistlar siyosiy bosim kuchayganidan shikoyat qilmoqda. Mahalliy
muxbirlarning aytishicha shu yilning o’zida Tojikistonning birgina So’g’d
viloyatida o’zbek jurnalistlari ustidan uch marta jinoiy ish ochilgan. “Tong”
nomli mustaqil xususiy gazeta jamoasi ustidan qo’zg’atilib, jarayon
sudgacha bormagan edi. Birgina felyeton uchun, deydi jurnalistlar, uch yildan
besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishingiz mumkin.
So’g’d viloyatining Xo’jand shahrida o’zbek jurnalisti Tursunali Aliyevga
qarshi Tojikiston Jinoiy kodeksining 15-modda III-bandi (tuhmat qilganlik
aybdi) ga muvofiq shu yilning 9 avgustida jinoiy ish ochilgan.
Tergovni
viloyat ishki ishlar boshqarmasi olib bormoqda.
Jurnalist ustidan jinoiy ish qo’zg’atilishiga Tursunali Aliyevning mustaqil
“Tong” gazetasida 2007 yil 12 sentyabrida “Hayfi rais ket…” nomida chop etilgan
felyetoni sabab bo’lgan.
Bu felyeton tufayli prokuratura oldin ham tekshirish
olib borgan ammo jinoyat alomatlari yo’qligi sabab ish to’xtatilgan.
“Ijtimoy hayotda tengsizlik, haqsizliklar yuzaga kelgan. Xalqning dod-faryodi
meni shu felyetonni yoshishga majbur qildi. Nohiya raisi va birinchi
o’rinbosari xohishiga binoan, nohiya prokuraturasi tergov ishi boshlagandi.
Qattiq harakat qildilar. Lekin jinoyat bo’lganini tasdiqlay olmasdan ishni
to’xtatishga majbur bo’ldi,” - deydi jurnalist Tursunali Aliyev.
So'g'd viloyati, Jabbor Rasulov nohiyasi raisi birinchi o’rinbosari Nurillo Rahmatov o’z qarorini izohlar ekan,
jurnalistlarni hurmat qilishini ta’kidlaydi.
“Man jurnalistlarni juda hurmat qilaman. Lekin jurnalist nomini olib tuhmat,
g’iybatni gazetaga olib chiqish jurnalist odobiga to’g’ri kelmaydi. Matbuotda
tuhmat qilishsa, qonun oldida javob berishi kerak. Tuhmat bo’lsa, har bir inson
o’zini himoya qilishi kerak. Aslida tuhmat qilgan odamlar qonun oldida
javobini bersin. Men shuning tarafdoriman,” - deydi N. Rahmatov.
Tursunali Aliyev o’ziga nisbatan
qilinayotgan harakatlarni asossiz va g’ayriqonuniy hamda fitna
deb hisoblaydi.
“Hatto ko’chalardan ayrim odamlarni ushlab, Aliyevga qarshi namoyish
tayyorlashmoqda. "Senam qatnashasanmi?" deb to'xtatishayapti odamlarni. Bu odamlarning bazilari menga
kelib xabar berishdi. Bittasi hatto menga yozma bayonot ham berib ketdi. Fitna…
hamma tomonlama harakat qildilar. Leki men o’sha kunlari bu tuhmatlar yuzasidan
xat bersam bu xatni nom-nishonsiz yo’q qilib yubordi,” - deydi Tursunali
Aliyev.
Jarayonni kuzatib borayotgan mustaqil o’zbek jurnalisti O’tkir Umrzoqov bu kabi
holatlarni hokimiyatning adolatparvar jurnalistlarga qarshi harakati deb
biladi.
Tojikiston demokratik partiyasi faoli Iqlima Mirzoyeva respublikada
jurnalistlar ta’qibini yoqlamaydi, matbuotda tortishuvlar qilmasdan xalq farovonligi
uchun intilish zarur deydi u.
“Matbuotda bitta narsa chiqsa, shunga yopishib olmasdan, fisqu fasod o’rniga
xalq farovonligini o’ylashsin. Lekin Markaziy Osiyo respublikalariga nisbatan
bizlarda muxolif partiyalar bor, kamgina bo’lsa ham demokratiya. Muxolifat
bo’lmagan joyda demokratiya bo’lmaydi,”- deydi I. Mirzoyeva.
Tursunali Aliyev o’ziga qarshi ochilgan jinoiy ish bilan mavjud tuzum haqparvar
jurnalistlarni sindira olmasligiga ishonadi.
“Bir-ikki eski aqidada bo’lganlar haqiqiy jurnalistlarni qayg’uga solish
bilan maqsadga erisholmaydi. Men ishonamanki, bizning ortimizdan yorqin,
to’g’ri fikrli shogirdlarimiz yetishib chiqmoqda, ular baribir ishimizni
davom ettiradi,” - deydi javobgarlikka tortilyotgan o’zbek jurnalisti.
Аliyevga qo’yilgan ayblovga ko’ra, jurnalist 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan
mahrum etilishi mumkin.