AQShda ayrim tahlilchilar va siyosatchilar nazarida
Rossiya-Gruziya mojarosi AQShning fazoda olib borayotgan izlanishlariga salbiy
ta’sir qilishi mumkin.
NASA - AQSh samoviy tadqiqotlar agentligi - Rossiya
fazo kemalariga tayanib, xalqaro kosmik stansiyani ta’mirlash ishlarida
hamkorlik qilib keladi. Vashington-Moskva aloqalari sovuqlashar ekan, Rossiya o’z ilg’or vositalaridan
foydalanishni cheklashi mumkin.
Qo’shma Shtatlar va Rossiya 1993 yildan beri fazo
sohasida hamkorlik qilib keladi. Avvallari Rossiyaning “Mir” nomli kosmik
stansiyasi bo’lgan. Kosmosga tez-tez qatnab ko’zi pishgan rossiyalik mutaxassislar
AQShga yordam bera boshlagan.
Amerika fazogirlari Rossiyaning “Soyuz” nomli
kemasida koinotga parvoz qiladi. Bu hamkorlik ikki jamiyatni ancha
yaqinlashtirgan edi deydi Amerika Universiteti olimi Xovard Makardi.
“Amerika va Rossiya koinotni birga o’rgana boshlagan
edi. Davlatlar bir-birining fazoviy kemalaridan foydalanishi mumkin edi.
Hamkorlikdan ular ham, biz ham mamnun edik. Sovuq urush davri o’tmishga
aylangan edik”, - deydi Makkardi.
Ammo bu baxtli davr Rossiya-Gruziya urushi tufayli
poyoniga yetgan ko’rinadi. 2010 yilga borib NASA agentligiga qarashli fazoviy
kemalar yaroqsiz ahvolga keladi. Ya’ni Xalqaro Kosmik Stansiyaga chiqish uchun
Amerika faqat Rossiyaning “Soyuz” kemalaridan foydalanishga majbur bo’ladi.
AQSh qonunlariga ko’ra, hozirda Amerika Rossiyadan
fazoviy qurilma xarid qilishi man qilinadi. Kreml Eron bilan qurol-yarog’
savdosini to’xtatmas ekan, Vashington shunday chora bilan chiqqan. NASAga
istisno tariqasida ruxsat berilgan. 2011 yilgacha.
Kongress bu muhlatni uzaytirmasa, AQSh fazoviy
tadqiqotlariga ziyon yetadi, deydi mutaxassislar. Skot Peys Jorj Vashington Universitetida, Fazoviy
Siyosat Institutiga rahbarlik qiladi:
“Kongress bu hujjat muddatini uzaytirishi kerak. Bu
juda muhim. Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Soyuz kemalaridan foydalanishga ijozat
olishi kerak. Aks holda 2010 yilda keyin Xalqaro Kosmik Stansiyaga qatnay
olmaymiz. Koinot eshiklari biz uchun yopiladi”.
Respublikachilar partiyasi, xususan prezidentlikka
nomzod Jon Makkeyn nazarida Rossiya ishonchli hamkor emas.
Tahlilchilar fikricha esa siyosiy qarashlar farq
qilsa-da, Rossiya va Amerika birgalikda fazoviy izlanishlarni davom ettirishi
lozim.
“Kosmosdagi tadqiqotlar davlatlararo hamkorlik
mahsulidir. Saturn yoki Mars sayyoralariga parvoz qilganimizda Yevropa Fazoviy
Agentligi qurilmalaridan foydalanamiz. Har bir fazoviy loyihada turli
davlatlarning hissasi bor. Samodagi stansiya shu bois ham xalqaro markaz
hisoblanadi”, - deydi olim Xovard Makardi.
Davlatlar va hukumatlar murosa qila olsa, XXI asrda insoniyat yuzlashayotgan
qator muammolar yechilgan, shu jumladan kosmik izlanishlar ham jadal tus olgan
bo’lardi.