Shu kunlarda Vashingtonda kim ko’p, Markaziy osiyolik
olimlar. Ba’zilari Jorjtaun Universitetida (Georgetown University) o’tgan Markaziy Yevrosiyo Ilmiy
Jamiyatining yillik anjumanida, boshqalari esa Garvard Universitetidagi
(Harvard University) Markaziy Osiyo/Kavkaz seminarida qatnashmoqda. Toshkent Xalqaro Vestminster
Universiteti, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti, Qozog’iston
Milliy Universiteti, Qirg’iziston Davlat Universiteti va boshqa ta’lim
maskanlaridan kelgan olim, o’qituvchi-pedagoglar bor.
Amerika Ovozi nufuzli Garvard Universitetida Markaziy Osiyo/Kavkaz (Central Asia/Caucasus Working Group)
mavzusida o’tayotgan yig’ilish tashkilotchisi va professor Jon Shuberlayn (John
Schoeberlein) va anjumanda ma’ruza qilishi kutilayotgan qirg’izistonlik olima
Elmira Kochumkulova bilan gaplashdi.
Universitet talabalari va professorlar deyarli har hafta
uchrashib, kim nima bilan band ekani, kimga qanday yordam kerakligini muhokama
qiladi. Bu kabi ilmiy muhokamalar 1994 yildan
beri o’tkazib kelinadi.
Garvard Universitetida o’zbekistonlik olim
va talabalar bormi? Universitet O’zbekiston ta’lim dargohlari bilan qanchalik hamkorlik
qiladi?
“Yo’q, bundaylar ko’p emas",- deydi professor Shubarlayn. "Borlari ham siyosiy boshqaruv va biznes kabi sohalarda izlanadi. Gumanitar fanlar, tarix va
madaniyatga qiziqqanlarni kam ko’rasiz. Hamkorlik masalasiga kelsak, Garvard
Universiteti O’zbekistondagi ta’lim maskanlari bilan bevosiya aloqa qilmaydi,
lekin u yerdagi olimlarni yaxshi taniymiz, tez-tez gaplashib turamiz.”
Professor Jon Shuberlayn fikricha Markaziy
Osiyo olimlari xorijlik hamkasblari bilan hamkorlik qilish yo'llarini o’rganishi kerak.
“Mintaqadagi ba’zi universitetlar va ilm-fan
dargohlari dunyo bilan bog’lanish o’rniga yakkalanib qolmoqda. Ular jahon kezib
nima qildik, xorij olimlari bilan aloqa qilishning nima keragi bor, o’zimiz ham
muvaffaqiyat qozonamiz, deb ishonadi. Lekin, Qirg’izistonni olaylik. Bu davlat
qo’shnilariga qaraganda tezroq rivojlanmoqda. Qirg’izistonlik olimlar jahon
ilm-fan arboblari bilan qalin bo’lib qolgan. Eng qizig’i, Sovet Ittifoqi endi
qulaganida Qirg’iziston olimlari mintaqadagi boshqa hamkasblari, masalan,
O’zbekiston va hatto Tojikiston olimlaridan ancha zaif edi”,- deydi professor Shuberlayn.
Qirg’izistonlik Elmira Kochumkulova professorning
shogirdlaridan. U Vashington Universitetini (University of Washington)
bitirgan, hozirda Qirg’izistondagi Markaziy Osiyo Universitetida (University of Central Asia) dars beradi.
“Men Bishkek Gumanitar Universitetining
ikkinchi kursini bitirib, almashinuv dasturi bo’yicha AQShning Vashington
Universitetiga (Near Eastern Languages and Civilization Faculty) o’qishga
kirdim. Bakalavrlik va magistrlik darajalarini olgandan keyin uyga qaytaman deb
turganimda Amerikadagi domlalarim “kandidatlik ishini ham shu yerda yoqlagin”
deb ko’ndirishdi. O’qib, ishladim; qirg’iz, qozoq tillaridan dars berdim”,- deydi u.
Elmiraning bu yerdagi sharoitga moslashishi qiyin bo’ldi.
"Qirg’izistonda darsga og’zaki tayyorlanib, tez-tez javob berib chiqib ketar
edik. Amerika universitetlarida esa uzundan uzoq bayon yozish, ilmiy bahslasha olishingiz, uni asoslab berishingiz kerak, juda qiynalganman",-
deydi u.
Elmira uchun vatanga qaytish muhim bo'lgan.
“Men
Qirg’iziston janubidan, Jaloloboddanman. Qishloqda katta bo’lganman. Oilada
katta qizman, rosa inoqmiz. Amerikaning madaniyati, hayot tarzi umuman
boshqacha. Qo’shma Shtatlarga kelganimda 19 yoshda edim, bunday imkoniyat
hammaga ham berilavermasligini bilib, qattiq harakat qildim, oq’idim, lekin
ketishimni doim bilganman”,- deydi olima.
Lekin, deya eslatadi Elmira, bilimga intilgan, kasbiy jihatdan yuksalishga qiziqqan yoshlar uchun xorijda imkoniyatlar albatta katta. Kimdir Amerikadan ish topadi, kimdir boshqa davlatdan.
“Ayrimlari Amerika fuqarolari
bilan turmush qurib, shu yerda muqim qoldi. Men o’z yurtim, odamlarimga
bog’lanib qolgan ekanman shekilli. O’qishni bitirib, qaytdim, qirg’iz yigiti
bilan oila qurdim. U mening sinfdoshim, 5 yil meni kutdi.”
Elmira Kochumkulova Garvard Universitetida “Qirg’iz va qozoq xalqi udumlari. Inson vafotidan bir yil o’tib osh
berish an’anasi” mavzusida ma'ruza o'qish arafasida.
“Garvard Universitetida birinchi bor
ma’ruza qilishim bo’ladi. O’zimga ham qiziq, odamlar nima der ekan, yoqadimi,
yo’qmi? Bilasiz, bizda odam vafotidan bir yil o’tib, ot so’yib, el-yurtga osh
beriladi, sarf-xarajat deganday. Bu odat ko’chmanchilik davridan qolgan. Hozir
Qirg’izistonda islom dini, e’tiqod mavzusi qayta ko’tarilmoqda, diniy kayfiyat
kuchaygan. Ba’zida islomiy tartib-qoidalar xalqning azaliy urf-odatlariga
zid kelib qoladi. Islom mintaqaga kirib kelishidan oldin ham an’analar
bo’lgan-ku. Mana shu qarama-qarshilikni o’rganish juda qiziq”,- deya tushuntiradi Elmira Kochumkulova.
Olima dars beradigan Markaziy Osiyo
Universiteti “Aga Khan Development Network” nomli
xalqaro agentlik, Qirg’iziston, Qozog’iston va Tojikiston bilan hamkorlikda
tuzilgan. Hozirda bu uch davlatning tog’li hududlarida diplomi xalqaro miqyosda tan
olinadigan universitetlar qurilmoqda. Biri Tojikistonning Tog’li Badaxshon,
boshqasi Qirg’izistonning Norin viloyatida va yana biri Qozog’istonning Tekele
shahrida bunyod etiladi.
Professor Jon Shuberlayn fikricha, O’zbekiston talabalari va
olimlari xorijga ilk bor safar qilganida “albatta qaytib kelaman, mamlakat rivojiga
hissa qo’shaman” deydi.
“Lekin dunyo ko’rib, jahon ilm-madaniyati
bilan tanishgach, vatanidagi ahvol kun-sayin og’ir bo’lib borayotganini ko’rib,
AQShda qolish yo’llarini qidira boshlaydi. Davlatning eng sara olimlari
vatanidan yuz o’girishga majburmi, demak, mamlakat kelajagi qorong’i bo’lib
qolaveradi”,- deydi Shuberlayn.