![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/elins_book.jpg) |
Kitob hozircha faqat shved tilida chop etilgan
|
Shu kunlarda G’arb kitob rastalariga chiqqan
yangi hujjatli asar “Qatliomni berkitish san’ati” deb ataladi.
Muallif Markaziy
Osiyo hayotini bir necha yildan beri sharhlab kelayotgan shved jurnalisti Elin
Yonsson (Elin Jönsson) bo’lib, kitobini 2005 yilning may oyida Andijonda yuz bergan qonli
voqealarga bag’ishlaydi.
Elin Yonsson qirg’izistonlik bir yosh ishchi yigit
taqdiri haqida ham hujjatli film ishlagan va shu kunlarda Yevropada namoyish
etilmoqda.
Elin Yonsson "Markaziy Osiyoni
sevaman",- deydi. Jurnalist ayniqsa O'zbekiston
va Qirg'izistonni ko'p kezib, bu davlatlarda ishlagan va yoshlar hayoti bilan
yaqindan tanish.
Andijon voqealari, uch yil oldin ro'y bergan bo'lsa-da, respublikadagi bugungi ahvol haqida ko'p narsani bildiradi, deydi Elin Yonsson.
"Andijon fojiasi hamma uchun
saboq bo'lishi kerak. Unda faqat bir tomon aybdor deyish qiyin, chunki har ikki
tarafda qurollangan kuchlar bo'lgan. Lekin 13 may kuni Bobur maydoniga
to'plangan minglab insonlarning ko'pi begunoh insonlar bo'lganini va ular hech
qanday ogohlantiruvsiz birvarakayiga nishonga olinganini hisobga olsak, voqeani
qatliom deyishdan boshqa iloj yo'q",- deya tushuntiradi Elin Yonsson.
Nega chet ellik tanqidchilar
Andijonga yopishib olgan? Bundan ularga nima foyda? O'zbekiston xalqining
boshqa dardi yo'qmi? - deb so'rayotganlar bo'lishi mumkin. Elin Yonsson
fikricha bular tabiiy savollar.
![[insert caption here] [insert caption here]](/uzbek/images/elin.jpg) |
Elin Yonsson O'zbekiston xalqi ikki turli "haqiqat" orasida sargardon deydi
|
"Javobim shuki, Andijon
unutilsa, chuqur tahlil qilinmasa, shunday qonli voqealarning takrorlanish
ehtimoli oshadi. Haqiqatni bilishga intilish insonga xos tabiiy bir narsa
emasmi"? - deydi u.
"O'zbekistonda ikki turli
haqiqat bor",- deydi Elin Yonsson. "Biri hukumat nima deyayotgani, ikkinchisi
esa real hayot. Hokimiyatdagilar axborot oqimini cheklab, o'z qora ishlarini
ustalik bilan berkitib, jurnalist va guvohlarning og'zini yopib, Andijonda
maydonda yig'ilgan odamlarning hammasini terrorchi va xalq dushmani deb
tamg'alashni shu qadar epladiki, hech kim og'iz ocha olmadi. O'zbekistonda
odamlar nega va nima uchun deya savol bera olmaydi",- deydi Elin Yonsson.
O'sha paytda Toshkentda
"Darakchi" gazetasida ishlagan Yonsson 13 may voqeasi ketidan Andijonga borib,
ahvolni o'rganishga harakat qilgan, aholi vakillari bilan gaplashgan.
"Hukumat
o'lganlarga aza tutishni man etganiga, bu odamlarni g'azabga keltirganiga,
shahar qanchalik qo'rqinchda ekaniga guvoh bo'lganman. Kitobim ana shu va undan
keyingi voqealarga, fojia respublikada va chet elda qanday talqin etilganiga
asoslanadi",- deydi u.
"O'zbekiston beqiyos mamlakat,
ammo u parda ortida qo'rqinchda yashayotgan jamiyat",- deydi Elin Yonsson.
"SSSR davrida odamlar temir parda ortida yashagan bo'lsa, O'zbekistonning yuziga tortilgan bugungi parda yupqa
va yumshoq. Chunki odamlar tashqi dunyoda nima bo'layotganini biladi, ammo sukutda.
Ayniqsa yoshlar. Internet, kino va musiqa orqali bu zamonda xalqdan biror
narsani batamom yashirish mumkin emas",- deydi Elin Yonsson.
"Ertami-kech har
qanday to'siq vayron bo'ladi. Tashqi dunyo shu sabab ham O'zbekiston xalqini
yakkalab qo'ymasligi kerak",- deydi jurnalist, AQSh va Yevropa Ittifoqini
nazarda tutib. "Oddiy xalq bilan bog'lanish yo'llarini izlash kerak. Yoshlarni
quvvatlash kerak",- deydi u.
"Yosh bo'lganim, O'zbekistonda
tengqurlarim bilan ko'p vaqt o'tkazganim uchun shuni aniq bilamanki, yoshlar
o'z kelajagini xorij bilan bog'laydi. Demak, erkinlikni cheklash ham hukumatga
oson bo'lmaydi",- deydi u.
Prezident Islom Karimovning
qizi Gulnora Karimovaning yaqinda Jenevada BMTdagi maxsus vakil sifatida ish
boshlagani ayrimlar nazarida O'zbekiston o'zgarayotganidan bir darak. Ular
hatto Gulnora Karimovani mamlakatni boshqara olishga layoqatli ayol deya tilga
olmoqda. Mamlakatda turli ijtimoiy-madaniy tashkilotlar ish yuritmoqda. Gulnora
Karimova turli jamg'arma va tashabbuslar ortida turibdi.
"Yevropa, sizga aytsam,
Gulnora Karimova biror o'zgarish qiladi degan fikrdan yiroq. Uning asosan moda
va mol-dunyo shaydosi ekanini bilamiz. O'zbekistonda daromadbop sohalarni
o'ziniki qilib olganidan boxabarmiz. Shu bois unga haqiqiy elchi deb qarash
qiyin",- deydi Elin Yonsson.
"Lekin
O'zbekiston albatta o'zgaradi",- deydi u. "Chunki dunyo o'zgaryapti. Andijonda
aslida nima bo'lganini bilmasmiz, qatliom ham bir amallab berkitilgandir, ammo
odamlarni o'ylashdan, orzu qilishdan va vaziyatga qarab to'g'ri xulosa
chiqarishdan to'xtata olmaysiz",- deydi Elin Yonsson.
Jurnalistning kitobi hozircha shved tilida chop etilgan va yaqin kelajakda ingliz tilida ham chiqishi mumkin. Elin Yonsson asarini rus va o'zbek tillariga tarjima qildirish haqida hozircha biror qarorga kelmagan.