Medvedev prezidentlikka saylanganiga 4 oydan
oshibdiki, bu savol jahon siyosatdonlarini qiynab kelmoqda.
Ayrimlar nazarida prezident Medvedev hamon bosh
vazir Putinning shogirdi va u chizgan chiziqdan chiqmaydi. Putin, deydi
tahlilchilar, mamlakat siyosiy-iqtisodiy boshqaruvidagi mavqeini saqlab qolgan.
Rossiya bo'ylab zangori ekranlar yangi, yosh va
g'ayratli prezident Medvedevni, uning chet davlat rahbarlari bilan
uchrashuvlari-yu, muhim bayonotlar qilayotganini ko'z-ko'z qiladi.
Bosh vazir Vladimir Putin ham tez-tez ko'rinish
berib turadi. Go'yoki, deydi sharhlovchilar, ikki rahbar bir-birini to'ldirib turgandek.
Siyosatshunos Yevgeniy Volk fikricha "Medvedev ichki
va tashqi siyosatda sobiq prezident boshlab bergan yo'ldan bormoqda. O'rtada
nozik farqlar bor, albatta: Medvedevning gapirish uslubi, o'z fikrlarini
tushuntirish yo'li boshqacharoq, biroq siyosiy qarashlari Putinniki bilan
hamohang".
"Tashqi siyosatda", deydi Volk, "Rossiya sobiq Sovet
Ittifoqi kabi buyuk derjava maqomiga ega bo'lmoqchi. Ushbu intilishlar ayniqsa
Rossiyaning Gruziyaga qarshi harbiy yurishida yaqqol ko'zga tashlandi. Kreml Abxaziya
va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olib, mintaqa uning ta'siri ostida
ekanini namoyon qildi".
Harbiy tahlilchi Pavel Felgengauer deydiki, aslida
Rossiyaning strategik maqsadlari kengroq hududni qamrab oladi. Jumladan,
Ukraina, Belarus, Kavkaz va Markaziy Osiyo.
"G'arb va NATO tashkiloti bu davlatlarga yo'lamasin
va a'zolikka taklif qilmasin - Kremlning niyati shu", - deydi Felgengauer.
Gruziyadagi mojaro ketidan Vashington-Moskva
aloqalari keskin sovuqlashgan. Bosh vazir Vladimir Putin AQShni Gruziya
armiyasini tayyorlab, urush olovini yoqqanlikda ayblagan. AQSh Davlat kotibasi
Kondoliza Rays ta'biricha esa Rossiya agressiv siyosati bilan o'ziga choh
qazimoqda.
Kelasi oy Rossiya AQShning shundoq biqinida, Karib
dengizida Veneseuela bilan harbiy mashqlar o'tkazadi. Shuningdek, harbiy
xarajatlarini 28 foizga oshirmoqda.
Siyosatshunoslar nazarida Kreml ustun kelayotgan
bo'lsa-da, G'arb bilan qarama-qarshilik natijasida Rossiya iqtisodiyoti talofat
ko'radi. Yirik sarmoyadorlar mamlakatdan milliardlab dollar mablag'ini olib
chiqib ketgan.
Moskvada izlanayotgan olima Rouz Gotemyullerning
aytishicha, xalqaro kompaniyalar Rossiya bozoriga pul tikishi uchun ular
ishonchini qozonish lozim. "Rossiyaga iqtisodiy o'sishni ta'minlash,
infratuzilmasini yangilash uchun katta miqdorda sarmoya kerak".
Shunga qaramasdan, iqtisodchilar fikricha Rossiya
jamlagan 500 milliard dollar zaxirasi hisobiga, xalqaro maydonda kuzatilayotgan
moliyaviy inqirozdan nisbatan omon chiqishi mumkin.
Kavkazdagi mojaro Rossiyaning asl rahbari kim
ekani haqidagi savollarga biroz oydinlik kiritdi, deydi tahlilchilar. Urushning
ilk kunlaridayoq Vladivostokka safar qilib, harbiylar bilan uchrashgan Medvedev
emas, Vladimir Putin edi.