Ko'rinmas muslimalar - Saudiya Arabistoni haqida yangi kitob
Amerika Ovozi 20/10/2008
Muslima
bir shifokorning Saudiya Arabistoni kechinmalari haqida yozgan kitobi
xalqaro miqyosda mushohada qilinmoqda.
Britaniyada voyaga yetgan, aslida pokistonlik Qanta Ahmad
“al-Saud qirolligida islomga amal qilish qoidalari tubdan farq qilishini ko'rdim. Ba’zida bu hatto Qur’onda bitilgan satrlarga zid ekaniga guvoh bo’ldim”, - deydi.
Qanta Ahmad Saudiya
Arabistonida ishlash imkoniyati paydo bo’lganida, ko’p o’ylab o’tirmay rozi
bo’lgan. G’arbda yashayotgan muslima islom beshigi sanalmish bu
yurtni ziyorat qilishni qalbiga tukkan edi.
Biroq yangi hayot uning e’tiqodi,
yillar davomida shakllangan o’ngini larzaga solishini u xayoliga ham
keltirmagan edi.
Ishni boshlashdan avval Qanta Ahmad
Makkada bo’lib, islomning besh asosiy ruknlaridan biri - haj amalini bajardi.
"Bu hashamatni ko’rib, odam zoti qanchalik mitti, misoli zarra ekanini sezasiz.
Yaratganning mahobati, qudratini his qilasiz. Muhimi, islomning tarkiban
qanchalik boy ekanini ko’rib, lol qoldim. Qizig’i shundaki, Saudiya Arabistoni
kabi bir qadar zang, yopiq jamiyat har yili mingdan ziyod millat vakilini
qabul qiladi”,- deydi Qanta xonim.
Shifokor nazarida qirollikda islomga ko’r-ko’rona, so’zsiz amal
qilish kuchli. Vahobiylik va Osama bin Laden mafkurasi o’rtasida farq yo’q,
deydi muslima. Ba’zilar bufikrga
qo’shilmaydi.
"Vahobiylarning islomga mutlaqo aloqasi yo’q. Bular islom dinini oyoqosti
qilmoqda, bulg’amoqda. Odamlar fikrimga qo’shilmasligi mumkin”,- deydi Qanta Ahmad.
"Vahobiylik hukmron jamiyatda
yashab, islomning men bilmagan qirralarini ko’rdim”, - deydi mutaxassis.
“Ko’rinmas ayollar makoni” nomli kitobida doktor Qanta Ahmad musulmon dunyosida va islomda ayolning o’rni qanday ekani haqida mulohaza
yuritadi.
"Ayol kishi erkak hamrohi yoki homiysi bo’lmasa, biznes ocha olmaydi. Erkakning
ruxsatisiz sayohat qilishi mumkin emas. Albatta, Saudiya Arabistonida
biznesning 40 foizi ayollar qo’lida. Mol-davlatning katta qismi ularga
qarashli. Biroq davlat idoralari bilan gaplashish, ish yuritish uchun erkak
qiyofasidagi qalqon kerak”,- deya hikoya qiladi muallif.
Jorjtaun Universiteti professori Zohid Buxoriyning aytishicha, Saudiya
Arabistonida erkinlik va din masalasi har doim ham bir-biriga bog’liq
emas.
"Madaniyat, turmush bilan bog’liq bu muammo. Islom dinida emas gap. Agar muammo
islomda bo’lganida edi dunyoning boshqa musulmon davlatlarida ham shu hol
kuzatilishi kerak edi. Vaholanki, unday emas. Gap qirollikda",- deydi Buxoriy.
Qanta Ahmad fikricha qirollikda vahobiylikni rad qiluvchi odamlar ko’p.
Ular mavjud tartib-qoidani o’zgartirishga harakat qilmoqda.
Musulmon jamiyati zo’ravonlik va adovatga qarshi kurashib, tinchlikka raxna soluvchi
omillarni yengishi, jihod kabi illatlarga ergashmasligi zarur, deydi u.
"Menimcha, har bir musulmon qaror qabul qilishdan avval o’ylab ko’rishi kerak.
Birovga ergashsam, boshqaning so’ziga ko’nmasam, islom dini nomiga dog’
tushmasmikan deb”,- deydi Qanta xonim.