Yevropa
Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarni yumshatar ekan, huquq
himoyachilari Dilmurod Muhiddinov va Mamarajab Nazarov qamoqdan ozod etilgan.
Lekin huquq himoyachilari nazarida bu qarorlar bilan
vaziyat yaxshilanayotgani yo’q. Chunki, deydi ular, hukumat tashqi dunyo ko'zi uchungina ayrimlarni ozod etmoqda. Lekin parda ortida tuzumni tanqid ostiga olgan fuqarolarga qarshi keskin harakatlar ketmoqda.
Dilmurod Muhiddinov 2005 yilda besh
yilga, Mamarajab Nazarov esa 2006 yilda uch yarim yilga qamalgan edi.
Andijon voqealari ketidan siyosiy bosimga
uchrab, ruhiy shifoxonaga joylangan jurnalist Jamshid Karimov ham Samarqandda
ikki yildan beri tutqunda o’tiribdi.
Jamshid Karimov O`zbekiston
prezidentining jiyani.Internetda e`lon qilingan qator tanqidiy
maqolalari bilan tanilgan jurnalist.
Samarqand ruhiy kasallar shifoxonasiga
qilingan murojaatga “Jamshid Karimov nomi bilan yotqizilgan bemor yo`q” degan javob
olindi.
"Jamshid
Karimov mustaqil jurnalist, lekin u Islom Karimovning jiyani. Keyingi paytda
o`ziga nisbatan boshlangan bosimlar bois Jamshidda chet elga chiqib ketish
niyati bor edi”,- deydi uning safdoshlaridan biri.
“Prezidentning yaqin qarindoshi xorijga chiqib, O`zbekistondagi vaziyat haqida
to’g’risini gapirishi hukumatni qo`rqitib qo`ygan bo`lsa kerak. Jamshid esa to`griso’z
va ochig`ini aytadigan odam.Shu sabab u
uzoq vaqt majburan shifoxonada saqlandi”,- deydi ism-sharifi oshkor
etilmasligini so’ragan muxbir.
Yaqinda yana bir faol, mustaqil jurnalist,
qoraqalpog’istonlik Solijon Abdurahmonov giyohvand moddalari savdosida ayblanib
10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Solijon Abdurahmonovning erkinlikka
chiqarilishini so’ragan. O`zbekiston hukumati nomiga yo`llangan maktubda
tashkilot Solijon Abdurahmonov aynan mustaqil jurnalist bo`lgani uchun jazolanmoqda
deya e’tirof etiladi.
Ayni paytda huquq himoyachisi A`zam
Turg`unov ta’magirlikda ayblanib, sud hukmini kutmoqda. Ayblov Turgunovga
nisbatan 13 yillik qamoq jazosini belgilashni so`ragan.
A`zam Turg’unovning advokati Rustam Qoraboyevga
ko`ra bu jinoiy ish siyosiy maqsadlarni ko’zlaydi.
“Ishning siyosiyligi sababi - A`zam
Turg`unov Qoraqalpog`istonda ichki ishlar va milliy xafsizlik xodimlarini kirdikorlarini
ochib tashladi. Unga nisbatan tazyiq o`tkazilidi. Qiynoq ko`rsatildi. Bulardan
keyin yana uni jinoiy javobgarlikka tortish bemazagarchilikdan boshqa narsa
emas. A`zam qonun ustuvorligini talab qilgani uchun qamaldi. Uning harakatida
jinoyat alomati yo`q. Bu fuqarolik ishi, shunga qaramasdan prokuror 13 yil
muddat so`ramoqda”, - deydi Qoraboyev.
Advokatga ko`ra Turg`unov ustidan hukm
qachon chiqarilishi hozirha noma’lum.
Qaysidir siyosiy mahbustashqi dunyo bosimi ostida ozodlikka chiqsa, boshqalar
panjara ortiga tashlanmoqda, ko’p hollarda, uzoq muddatga.
Huquq himoaychilari ustidan o`tgan sudlarda
kuzatuvchi sifatida qatnashgan “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari
Dilorom Isoqova fikricha faollarga qo`yilgan ayblar mutlaqo asossiz. “Shunga
qaramasdan”,- deydi u, “bu insonlarga nisbatan shavqatsiz, uzoq muddatli qamoq
jazosi berilayapti”.
Ayrim jurnalist va muxolifatchilarning
qamoqdan chiqarilishi esa xo’jako’rinsinga, dunyo ahlini ovutish uchun
qilinayotgan qarorlar deydi huquq himoyachilari.
O’zbekiston davlat matbuotiga ko’ra esa
respublikada huquq va erkinlikka nisbatan e’tibor kun sayin oshib bormoqda.
Gazeta va jurnallar sahifasiga qarasangiz, O’zbekistonda fuqaro jamiyati
qurilayotgani haqida iddao qilinadi.