Yer yuzida harorat
ko’tarilib borayotgani ekologik, iqtisodiy va siyosiy muammo deb tan olinmoqda.
Shu bois taraqqiyot masalalari bilan shug’ullanuvchi davlatlarni bu muammodan ogoh bo'lishga, ayniqsa ob-havoni kuzatish va iqlimni o’rganish uchun ko’proq mablag’ ajratishga
chaqirmoqda.
Tabiiy sharoit o’zgargani sari har bir jamiyat hayotning yangicha
shartlariga moslashishi kerak, deydi ekolog olimlar.
Global isish men uchun nima ahamiyatga ega deya hayron bo’layotgan
bo’lsangiz, yana bir bor o’ylab ko’ring.
Gap muayyan bir davlat, xalq yoki
mintaqa emas, butun insoniyat kelajagi haqida ketmoqda.
Oddiy qilib aytganda,
ona tabiat muvozanatini yo’qotgan. Ko’pchilik
olimlar nazarida atmosfera zaharlanib ketgan. Boshqalar nazarida esa tabiat
hamisha o’zgaradi va bugunga kelib bu jarayon o’ta jadallashib, hayotga ko’proq
tahdid solmoqda.
Jahonning boshqa qismlari kabi Markaziy Osiyodek qishloq
xo’jaligiga asoslangan mintaqada ham bu qurg’oqchilik, hosildorlikning
pasayishi va oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi deganidir.
Masalani uzoq yillardan beri o'rganib
kelayotgan Vladimir Tsirkunov, Jahon Banki mutaxassisining ogohlantirishicha, gidrometeorologiyaga
e'tibor berilmasa, serquyosh mintaqaning dalalaridan baraka ketishi mumkin.
“Ob-havo haqida
yaxshi bilgan dehqonlar boshqalarga qaraganda ko’proq hosil olayotganini
bilamiz. Ular muz yoki sho’rlanishga qarab, qanday chora ko’rishni, bu yil
bahorda nima eksa mo’l hosil olishini biladi”, - deydi tadqiqotchi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
O’zbekistonda, masalan, yerga
egalik, dehqon huquqi, korrupsiya va qonunbuzarlik dolzarb masalalar ekani sir
emas. Lekin tabiatni kuzatish va metereologik tadqiqotlarda ojizlik qilinsa, hayot
bundan-da qiyinlashadi.
“Ob-havo dehqonning
har bir harakatini belgilaydi. Urug’ balki endi ertaroq ekilishi kerak. O’g’it
va dorilarni berish vaqti o’zgarishi mumkin”.
Dehqonlar "albatta, buni
yaxshi bilamiz" deya ajablansa-da, ahvolni yetarlicha o’rgansangiz, suv toshqini,
sho’rlanish yoki qurg’oqchilikning oldini olish mumkin. Bunga erishishda esa hukumat
sizga yordam berishi kerak.
Vladimir Tsirkunov
singari xalqaro mutaxassislar fikricha O’zbekiston va Qozog’istondagi ahvol
Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmanistonga qaraganda nisbatan yaxshi.
Ammo
ekologik tadqiqotlar olib borish, dehqonni muammolardan vaqtida xabardor etish
va ob-havoni izchil kuzatish uchun umumiy sharoit bugungi talabga javob
bermaydi.
Bu borada
mintaqaviy hamkorlik deyarli mavjud emas va odamlarga tabiiy o’zgarishlar haqida
chuqur axborot berilmaydi.
Bugun yoki ertaga kun issiqmi yoki sovuqligi haqida
emas, har bir faslda nimalar kutilayotgani, kelasi yil mintaqada qanday
kelishi; dehqon, uning yeri va chorvasi nimaga tayyor turishi zarurligi haqida
batafsil ma’lumotlar berish fursati yetgan, deydi Vladimir Tsirkunov. Bularni bilish hukumatga ham qo’l keladi. Soha mutaxassislaridan maslahat
olishni yo’lga qo’yish kerak.
“Dehqonga ob-havo
haqida ma’lumot vaqtida yetishi va unga bu ma’lumotdan qanday foydalanishni
o’rgatish kerak”,- deydi Vladimir Tsirkunov.
Jahon Banki bu
borada O’zbekiston va uning qo’shnilariga yordam berishga tayyor. Hukumat bilan
turli loyihalar ustida muzokaralar ketmoqda.
Jamoatchilikning bu masalaga
diqqatini oshirib, meteorologiya xizmatlari uchun ko’proq moliya ajratib, ular
yiqqan axborotni kunida bir marta emas, har soat, balki har yarim soatda ommaga
yetkazish, kommunikatsiya tizimini yaxshilash kerak. Masalan Rossiyada Jahon
Banki bilan hamkorlikda olib borilgan shu kabi loyihalar samara berib,
hosildorlik oshgan.
Ona zamindan qanday
meva olishni biladigan insonlar iqlim va ob-havodan ogoh bo’lib turish ahamiyatini
yaxshi biladi.
Lekin ular bilimini boshqalarga ulasha olishi, hukumatdan texnik
yordam olishi uchun ommaviy axborot vositalari ham bu masalalarni ko’tarib
chiqishi kerak. Toki odamlar fikr va tajriba almashib, birgalikda yechimlar
izlay boshlasin.