Bugun Amerikada hammaning nigohi nafaqat yangi
prezidentda, balki uning jufti haloli - Mishel Obamada ham. Uning qanday
kiyinayotgani, qanday qadam tashlab, kim bilan nima haqda gaplashayotgani...
Hammasi ommaviy axborot vositalari diqqatida va shu tariqa odamlar og'zida.Shubhasiz prezidentlarning rafiqalari katta ta'sir kuchiga ega. Ular kiygan
liboslar davr kayfiyatini, prezident shaxsiyatini, qolaversa uning umr
yo'ldoshi inson sifatida kim ekanini, uning ichki dunyosini aks ettiradi.
Yosh dizayner Nik Verreos yaqinda yangi to’plamini namoyish etdi. "Prezidentlarning
rafiqalari kiygan shunday liboslarni",- deydi u.
“Prezident Jon Kennedining rafiqasi Jaklin o'z davrining eng xushbichim va did bilan kiyingan ayoli bo'lgan",- deydi moda ustasi. "Shuningdek, birinchi
prezident Jorj Vashingtonning rafiqasi Marta yoki Avraam Linkolnning umr
yo’ldoshi Meri juda olifta bo’lgan. Erlari bir yilda topgan
pulni bir kunda kiyim-boshga sovurishdan toymagan ular”.
Modelyer Nik Verreos mashhur ayollarga ust-bosh tikadi. Ular orasida model va
aktrisalar ko’p. Davlat arboblarining rafiqalari ko’pincha Nensi Reygan va
Jaklin Kennedidan o’rnak oladi, deydi u. Bu ikki ayol kuch-qudrat va bashanglik
ramziga aylangan.
“Ko’p ayollar jozibali, kiyim-boshga e’tiborli bo’lishni nuqson deb biladi,
zaiflikka yo’yadi. Go’yoki bu bilan xotin-qizlar yengiltak bo’lib qoladiganday.
Menimcha esa o’ziga qaragan ayol yanada qudratliroq. Mashhur va irodali
ayollarni eslang",- deydi dizayner. So’nggi paytlarda Amerika prezidenti Barak Obamaning rafiqasi Mishel odamlar
diqqatini tortmoqda.
“Bir emas, har xil dizaynerlarni tanlayotgani menga juda yoqadi",- deydi dizayner Verreos.
"Faqat taniqli modelyerlarga
bog’lanib qolmagan. Odatda rahbarlarning turmush ortoqlari sinalgan, mashhur
dizaynerlarga boradi – Oskar de la Renta, Katalina Rera kabi. Biroq Mishel
unday qilmadi. Narziko Rodrigez va Izabel Toledo yaratgan liboslarni tanladi.
Yana bir-ikkitasini odamlar umuman tanimaydi”.
Inauguratsiya kuni Mishel Obama ko’zni qamashtiruvchi, did bilan ishlangan
libosda bo’ldi. Bu kiyim muallifi Izabel Toledo. To’q sariq- yashilsimon bu kostyum
bugun hammaning og’zida.
“Mishel o’zining gavdasini yaxshi biladi, shunga yarasha kiyinadi. U qaddi
qomati joyida, tik, baland ayol. Nima yarashib, yarashmasligini bilishi aniq. Uslub
va ranglarni qo’rqmay tanlaydi”.
Inauguratsiya oqshomida o’tgan bazmlarda Mishel Obama oppoq libosda raqsga
tushdi. Bir yelkasi ochiq, etagi uzun, g’oyatda go’zal ko’ylak 26 yoshli Jeyson
Vuning ijod mahsuli. Shifon va organzadan tikilgan bu libos mitti billur
toshlar va kumushdan ishlangan kashta bilan bezatilgan.
An’ana shuki prezident
va uning oilasi Amerikada ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklarni kiyadi.