Yaqinda
Rossiya-Ukraina o’rtasida gaz narxi va qarzlar bo’yicha kelishmovchilik yuzaga
kelib, Yevropa Ittifoqiga tabiiy gaz ta’minoti uzib qo’yildi.Yevropa
davlatlari gazning chorak qismini Rossiyaning Gazprom kompaniyasidan xarid
qiladi. Quvurlar Ukraina hududi orqali o’tadi.
Qahraton qishda 18 mamlakatni
gazsiz qoldirgan mojaro, deydi mutaxassislar, Yevropani muqobil quvurlar haqida
jiddiy o’ylashga undamoqda.
Rossiya
va Ukraina orasida gaz janjali odat tusiga kirmoqda deyish mumkin. 2006 yilda
ham Kreml Kiyevga va natijada Yevropaga gazni uzib qo’ygan edi.
Avvaliga
mojaroni “oddiy tijoriy kelishmovchilik, o’zlari hal etishsin” deb chiqqan
Yevropa Ittifoqi 5 yanvarga kelib, Rossiya ta’minotni butunlay to’xtatgach, aralashishga
majbur bo’ldi. Muammo
bir hafta ichida hal etildi, chunki hech bir tomon ishonchli hamkor degan
nomdan ayrilmoqchi emas. Bryusselda esa Yevropa energetik siyosati qayta ko’rib
chiqilmoqda.
“Yevropada
bugungi eng dolzarb masala tabiiy resurslar uchun Rossiyaga tobelikdan qutulish”,-
deydi professor Robert Legvold.
“Qit’a bo’ylab yagona energetik siyosat
yuritish, inqiroz eshik qoqqanda uni birgalikda yengish vazifasi anchadan beri
muhokamada. Markaziy Yevropa davlatlari, ayniqsa Polsha”,- deydi olim, “radikal
choralar ko’rishga, energetikaga xavfsizlikka tegishli masala deb qarashga
undab keladi. Ittifoqning boshqa a’zolari, jumladan Germaniya bunday
yondashuvga qo’shilmaydi”.
Yevropaga
yonilg’i yetkazuvchi muqobil quvurlar haqida gap ketganda, AQSh tomonidan quvvatlangan va olg'a surilayotgan “Nabukko” loyihasiga qiziqish katta. Maqsad – yonilg’ini Rossiya va Ukrainani chetlab o’tib, Ozarbayjon
va Markaziy Osiyodan Turkiya orqali G’arb bozorlariga yetkazish.
Muammo
shundaki, bu uzoq muddatga mo’ljallangan loyiha. Uzunligi 3,300 kilometrga teng
quvurni qurish ishlari faqatgina kelasi yilda boshlanishi mumkin.
“Nabukko”
loyihasi 2006 yildan beri joyidan jilgani
yo’q. "Vaholanki, Rossiya Ukrainaga tabiiy gazni kesgan o’sha yilda ham
alternativ quvurlar quramiz deb baland minbarlardan turib jar solishgan”, - deydi tadqiqotchi Katinka Barish.
“Yevropa
Ittifoqi birinchi navbatda ichki bozorni rivojlantirishi, ta’minotchi va
importyor orasida aloqani mustahkamlash zarur”. “Hozirda 27
mamlakatning har biri alohida, go’yo kichik gaz orollaridek, mustaqil ish
yuritadi. Ichki tizimlar sustligi sabab biridan ikkinchisiga gaz yuborish murakkab”.
Kelajakda quyosh va shamoldan quvvat olish, atom zavodlarini bunyod etish
haqida o’ylash kerak”, - deydi Katinka Barish.
Rossiya-Ukraina
o’rtasidagi so’nggi tortishuv gaz narxini kelasi 10 yilga belgilab olgach, hal
etilgan. Har ikki mamlakat o’zini Yevropaga ishonchli hamkor deb biladi. Biroq
amalda buning aksini ko’rish mumkin.
Siyosatdon
Deyvid Marples deydiki, Yevropa oldida 3 yo’l bor: yadroviy energiya,
alternativ quvurlar, yangi hamkorlar. Balki har xil yo’llarini sinab ko’rar.
Gap shundaki, deydi Marples, “Yevropa Rossiya va Ukrainaga tobelikdan
charchagan. Biznes olamida ishonchsiz hamkor o’rnini ertami-kechmi boshqasi
egallaydi”.
Moskva-Kiyev
o’rtasidagi adovat va kelishmovchiliklar ortida siyosiy sabablar yotgani sir
emas.
Ukrainaning NATOga qo’shilish istagi hamda Kavkazdagi urushda Gruziyani
qo’llab-quvvatlagani Kremlning asabiga tegib keladi. Oqibatda esa ularga
energetika bobida tayanadigan xaridor zarar ko’rmoqda. Bu hol esa Yevropani yangi ta’minotchilar
izlashga undamoqda.