2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so’ng Amerikaga o’qishga
kelish qiyinlashgan, viza olish tartibi murakkablashgan edi. Ammo bugun xorijlik
studentlar oqimi yana ortib, yiliga 624 ming abiturient qabul qilinmoqda. Bu
yoshlar AQSh iqtisodiyotiga milliardlab dollar daromad olib keladi.
Kaliforniya Universitetida darslar, kundalik hayotni xorijlik talabalarsiz
tasavvur qilib bo’lmaydi. Universitetni aylanar ekansiz, ro’paradan Xitoy,
Hindiston, Turkiya va boshqa yurtlardan kelgan yoshlar chiqib keladi,. Har xil
sheva va aksentlar quloqqa chalinadi.
Piter Jonson universitetning biznes fakultetida
ishlaydi, qabul hay’atiga mas’ul. Magistraturada biznes sirlarini o’rganayotgan
studentlarning 39 foizi chet eldan kelgan, deydi u.
“Ular talabalar safini boyitadi. Qo’shma Shtatlarni kashf qiladi. Mahalliy
yoshlar esa boshqa davlat tarixi, odatlari, hayotini o’rganadi”,- deydi Jonson.
Abishek Shukla Hindiston poytaxti Dehlidan. Kaliforniya Universitetida biznes
boshqaruvini o’rganmoqda.
Amerikada o'qish va ishlashning o'z ustunligi bor, deya tushuntiradi
u.
"Mening yurtimda biror narsa yoqmasa, “menga ma’qul emas” deb burilib ketishadi. Ammo
Amerikada “Gapingni tushundim... Mening
fikrimni ham eshitchi, bunga qanday qaraysan”,- deyishadi".
Ba’zi studentlar esa uy vazifasi ko’pligidan noliydi. Nafas olishga fursat yo’q
xitoylik Jerri Ksia.
“Vatanimda, Shanxaydagi universitetda buncha misol-masala yo’q edi, buncha muammoni
yechishim kerak emas edi. Bu yerda esa berilib o’qimasangiz, yaxshi baho ololmaysiz”.
Singapurlik Evelyn Ng ham shunday deydi:
“Tizim tirishqoqlikka o’rgatadi. O’qish, o’qish va yana o’qish”.
Universitetdagi xorijlik studentlarning ko’pi osiyolik. Madaniyat, urf-odat va
xilma-xillik bilan birga bu yoshlar mo’maygina pul ham olib keladi.
Bu ta’lim maskanida chet elliklar uchun yillik o’qish
bahosi qariyb 46 ming dollar. Mahalliy studentlar 20 ming dollar atrofida to’laydi.
Xalqaro bo’lim rahbari Ivor Emmanuel chet el
yoshlariga AQShdagi hayotga moslashishda yordam beradi.
“Byudjet juda nozik masala bo’lib qolgan. Boshqa yurtdan kelgan talabalar
hisobiga universitet xazinasi ancha boyiydi. Bu esa darslar davom etadi degani”.