 |
Yo'qdan bor qiladigan, ham oila, ham bozor, ham ishni eplaydigan, ertangi kunga umid bilan qaraydigan, matonatli va zahmatkash ayollar
|
8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni O'zbekistonda hamisha katta bayram.
Ayollar bu kuni nafosat va go'zallik timsoli sifatida ko'klarga ko'tariladi.
Bunga monelik yo'q.
Lekin aslida xotin-qizlar jamiyatda hamisha tinchlik va farovonlik, to'qlik va
osoyishtalikni ta'minlab kelgan. O'tmishda ham, bugun ham.
Global moliyaviy inqiroz bir
haqiqatni yanada oydinlashtirdi. Bugun ko'plab mamlakatlarda
ishchi-mehnatkashlar ayollar.
Ular asosan sog'liqni saqlash va ta'lim sohasida
ishlagani va bu jabhalar tanazzulning salbiy ta'siridan ancha uzoqda ekani
uchun ham xotin-qizlar orasida ishidan ayrilayotganlar erkaklarga qaraganda
ancha kam. AQShda oxirgi oylarda maoshsiz qolganlarning aksariyati, masalan,
erkaklar.
Boshqa bir sababi esa, deya uqtiradi mutaxassislar, ayollarning
osonlikcha boy bermasligi, sabr-toqat va matonati.
Ayollar uchun yanada murakkab davr
Sobiq SSSR davrida yetuk
oliygohlarni tamomlab, muhandislik va ilmiy tadqiqotlar borasida ilg'or
ayollardan biri bo'lgan, turmush taqozosi bilan Amerikada ko'p vaqt o'tkazadigan
onaxonlardan biri fikricha bu mamlakat ayollari qanchalik zahmatkash bo'lmasin,
o'zbekistonlik ayollarga yetolmaydi.
"Bizning ayollarimiz juda chiniqqan, mehnatkash ayollar. Amerikalik
ayollar uy ishlariga ko'p ahamiyat berishmaydi. Bizning ayollar ham uyni
eplaydi, ham bola boqadi, ham ilmga intiladi",- deydi onaxon.
Respublika xotin-qizlari, bu onaxon nazarida, bugun hukumat ishlarida
ancha faollashgan va jamiyatning to'laqonli fuqarolari.
Lekin moliyaviy
qiyinchiliklar ayniqsa ularga og'ir tushayotgani ham sir emas.
O'zbekistonlik
ayollar xorijda fohishalik qilib, yurtida oilasini boqayotgani, qolaversa
mardikorlik bugun xotin-qizlar orasida tirikchilikning bir ko'rinishi ekani
afsus bilan tilga olinadi.
"Yo'qchilikdan shu ishga majbur bo'lishgan, o'z xohishi bilan emas.
Chunki ko'p oilalar qiyin ahvolda yashaydi. Shuning uchun farzandlarining
chiqib ketayotganini bilib turib, yaxshi yo'lgami, yomon yo'lgami, oilalar
xudodan ko'radi. Ha mayli, o'zini eplab yuribdi-ku degan gaplarni eshitasiz",- deydi ona.
Marg'ilonlik huquq faoli, oshkoralik va korrupsiyaga qarshi kurash
bugunning asosiy vazifasi deb kelayotgan Mo'tabar Tojiboyeva fikricha:
"O'zbekiston tarixida hech qachon ayollarimiz, ziyoli bo'la turib,
oilalarini boqish uchun mardikorlik qilmagan. Dunyoning turli burchaklarida
o'zbek ayollari tanasini sotib fohishalik qilayotganini ko'rish mumkin. O'zbekistonda mardikor ayollar bozorlari
tashkil qilingani ham o'ta fojiali holdir. Endi qarang, qaysidir bir chalasavod
mansabdorning xonadonida yoki dalasida qaysidir oliy ma'lumotli vrach yoki
o'qituvchi bir ayol maoshi yetmagani uchun qora mehnat bilan shug'ullanayapti.
Shuning o'zi fojia deb hisoblayman".
"Saroy xonimlari"
Mo'tabar Tojiboyeva bugun respublikada siyosiy lavozimlarda o'tirgan
ayollarni, xususan Oliy Majlis va Xotin-qizlar qo'mitasi a'zolarini "saroy xonimlari" deb ataydi. Nega? Ular ham
xalq orasidan chiqqan emasmi?
"Chunki ular xalqdan ajralgan holatda faoliyat yuritadi. Matbuot va
televideniyega qachon qaramay mana shu ayollar bugungi kunda xotin-qizlarning
jamiyatdagi o'rni, ayollarning siyosiy ongini oshirish uchun qilayotgan ishlari
haqida to'lqinlanib gapirashadi. Aynan mustaqillikdan keyin shunday imtiyozlar
berilgani haqida gapirishadi. Lekin eng achinarlisi, bu saroy xonimlari oddiy
xalqdan yiroq. Ular oddiy xalqdan, jumladan ayollardan tushgan murojaat,
shikoyat va arizalarni oqibatsiz qoldiradi. Bu xonimlarning shikoyatbozlarga
vaqti yo'q. Ular turli xil ko'ngilochar tadbirlar o'tkazish va buni matbuot
orqali targ'ib qilish bilan bandlar",- deydi Tojiboyeva.
Qizlar uchun bilim olish, kasbli bo'lish yanada qiyinlashgan
Bilim
olish katta pul talab qiladi. Ilmli yoshlar universitetga kirsa-da, shartnoma
uchun mablag' topa olmayapti.
"Ota-ona qizini o'qitishni o'ylasinmi yoki
turmushga berishni",- deya so'raydi ism-sharifini oshkor etishni istamagan onaxon.
"Imkoniyat juda past. Hatto repetitorlar bilan tayyorlangan qizlar ham
o'qishga kirib, kontrakt uchun pul topa olmayapti. O'qish uchun oila baquvvat
bo'lishi kerak. Repetitor uchun ham pul kerak. O'qiyman deb yig'lab o'tirgan
yoshlar bor. Lekin oila buning uchun sharoit yaratib bera olmaydi. Chunki
kontrakt yilma-yil oshib ketayapti",- deya tushuntiradi u.
Yo'qdan bor qiladiganlar
Muammolar cheksiz, ammo jamiyatga foydasi tegayotgan xotin-qizlar ham O'zbekistonda
ko'p, deydi Mo'tabar Tojiboyeva.
Asl qahramonlar
- qora terga botib, paxtazoru- dalalarda
ishlayotgan, birovning dardiga malham bo'lib, ziyo ulashib, bir burda nonga
yetarli pul topgani uchun shukur qilib, bolasining egni but, erining sog'lig'i
va kayfiyati joyida ekanidan xursand bo'lib, eng asosiysi tinchlik deya
yashayotgan ayollar.
"Hamma tinchlik deydi. Dunyoda tinchlik, oilada tinchlik",- deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan onaxon.
Jamiyatni mehr-oqibat tebratadi, uni ulashadigan esa ayollar, deydi
onaxon.