Karzay va Zardariy Barak Obamaning strategiyasiga tayyor
Amerika Ovozi 29/03/2009
AQSh terrorga qarshi kurash endi
asosan Afg’oniston va Pokistonda kechadi deya bayon qilar ekan, har ikki
mamlakat rahbarlari Barak Obama tanishtirgan yangi strategiyani quvvatlab
chiqmoqda.
"Amerika Ovozi"ning Islomoboddagi muxbiri Berri Nyuxausning xabar berishicha, Pokiston
hukumati AQSh prezidentini diqqat bilan tinglagan va Afg’oniston bilan
chegaradosh hududlar Al-Qoida va Tolibon mahkam joylashib olgan maskan ekanini
ochiq tan olmoqda.
Prezident Osif Zardariy parlamentda
so’zlar ekan, Pokiston hech bir guruh yoki davlatga uning hududidan turib
terror harakatlari olib borishiga yo’l qo’ymaydi, degan. “Biz o’z
suverenitetimizni himoya qilishga qodir davlatmiz va shunday qilamiz ham”,- deydi Zardariy.
Amerika Pokistonga kelayotgan yili
1, 5 milliard dollar miqdorida yordam ajratadi. Oq Uy bu pulning katta qismi
Afg’oniston bilan chegaradosh qabilaviy hududlarni rivojlantirish uchun
sarflanishini talab qilmoqda. Barak Obama fikricha ekstremizm ortidagi asosiy
sabablardan biri bu aholining qashshoqligi va qonunga nisbatan hurmatsizlik.
AQSh razvedkasi Al-Qoida qator
xurujlar rejalagani haqida ogohlantirar ekan, Oy Uy Pokiston terrorizmga qarshi
keskin choralar ko’rishga layoqatli ekanini isbotlaydi degan umidda.
Afg’onistonda prezident Hamid Karzay
ham Obama strategiyasini to’liq quvvatlamoqda. “Mamlakatni qayta tiklash,
tizimni mustahkamlash, tinchlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikni
oshirish, qo’shni davlatlar, jumladan Eron bilan bu borada birga ishlash kabi
takliflarni olqishlaymiz,”- deydi Karzay.
Amerika nazarida afg’on xalqiga
oldinga siljish uchun yo’lbermayotgan
muammolardan biri bu korrupsiya. Tuzum yulg’ichlik va poraxo’rlik domiga botib
ketgan, deydi prezident Obama.
Hamid Karzay bu azaliy balodan
qutulish kerak deya tan olmoqda,lekin
uning fikricha bugungi vazifa terrorizm changalidan chiqish.
Tolibon safida yurgan har bir
afg’onni terrorist deya olmaymiz va bu harakat a’zolari orasida vatanini
sevadigan fuqarolar ko’p ekanini bilamiz. Men xalqim ravnaqini o’ylayapman va
hukumatimiz bugun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’rmoqda”,- deydi Karzay.
Afg’oniston prezidenti Tolibon bilan
muloqot qilish, uning safidagi minglab afg’onlarni qurol tashlashga ko’ndirish
mumkinligi haqida gapirib keladi. Qo’shma Shtatlar bunga qarshi emas.
Tolibon sobiq
yetakchislaridan biri Mulla Abdul Salom nazarida Afg’onistonda jangarilarning
ko’pi qurolni tashlashga tayyor.
Faqat bir shart bilan – hukumat ularning
xavfsizligini ta’minlashi kerak.
Biroq, deydi Salom, Karzay hukumati hali
zaif va bu talabni bajara olmaydi. Toliblar taslim bo’lsa, boshqa jangarilar
o’ljasiga aylanishdan qo’rqadi, deydi u.